2.1.O‘zbek adabiyotida Shukur Xolmirzayev ijodining o‘rni
Shukur Xolmirzayev ijodi hozirgi zamon o‘zbek adabiyotining yorqin va mazmundor sahifalaridan birini tashkil etadi. Ko‘p qirrali iste’dod sohibi Sh.Xolmirzayev adabiyotning turli janrlarida rang-barang hikoyalari, publitsistik maqolalari, tarixiy esselari, realistik qissalari-yu ajoyib romanlari bilan hozirgi zamon adabiyotida munosib o‘rin egallaydi. Shukur Xolmirzayev 1940 yilning 24 mart kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida dunyoga keldi. Otasi asli bulung‘urlik bo‘lib, 1937-1938-yillarda Boysunga ketishga majbur bo‘lgan. Shukur Boysundagi o‘rta maktabni tugatib, 1957-1962-yillarda ToshDUning filologiya fakultetida o‘qiydi. Shundan so‘ng u Toshkentdagi bir qator nashriyot, gazeta va jurnallarda mehnat qiladi.
U sevimli adabiyot o‘qituvchisi H.Qulniyozov rahbarligida yosh shoirlar to‘g‘risidagi faol qatnashib, dastlabki she’rlar yozadi. 1953 yili 5-sinfda o‘qiyotgan chog‘ida yozgan «Shoir bo‘laman» nomli birinchi she’ri munosabati bilan yosh Sh.Xolmirzayevga Q.Qulniyozov Boysun tuman gazetasida oq yo‘l tilaydi, besh yildan keyin 1958 yili o‘sha gazetada «Xatarli so‘qmoqda» nomli birinchi hikoyasi bosilib chiqadi. «O‘n sakkizga kirmagan kim bor» kitobiga yozgan «Doim izlanishda» nomli maqolasida adabiyotshunos Matyoqub Qo‘shjonov Sh.Xolmirzayevning yozuvchilik iste’dodi o‘sha birinchi hikoyasidayoq namoyon bo‘lganligini qayd etib yozadi: «Bolalik, o‘smirlik paytlarida hayotdan olgan tajribasi asar yozish uchun kamlik qilar, hayot taasurotlari esa hali etarli hazm bo‘lmagan edi. Shu sababdan bu hikoya mavhumiyatlari, obrazini tasvirlashda, xususan, ularga individual buyoq berishga noaniqliklar bor edi. Lekin yosh muallifning kelajagidan darak beradigan badiiy parchalar ham yo‘q emas edi unda. Agar o‘sha vaqtlarda yosh muallifning bu hikoyasini o‘qib ko‘rgan gazetaxonlardan birortasi «shu yigitdan yozuvchi chiqadi» deb bashorat qilgan bo‘lsa, xato qilmaydi.
Sh.Xolmirzayevning o‘zi e’tirof etishicha maktabda o‘qib yurgan chog‘lardayoq unda adabiyotga havas uyg‘ondi. Toshkent davlat universitetining filologiya fakul’tetida bu havas yanada ortadi. Xuddi shu yillari Sh.Xolmirzayev badiiy ijod sohasida dastlabki qadamlarini qo‘yadi. Uning dadil ijod yo‘liga kirishida fakultetdagi tanqidchi Matyoqub Qo‘shjonov boshchilik qilgan adabiy to‘garak katta maktab vazifasini o‘taydi. Universtitetda Shukur Xolmirzayev jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan tanishib, badiiy ijod sirlarini anglay boshlaydi.
Adibning birinchi qissasi “Oq otli” (1962) deb, birinchi hikoyasi “Xatarli so‘qmoqda” deb nomlangan. Shukur Xolmirzayev yozuvchilar uyushmasining “Оуbek” mukofoti, O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi”dir (1991).
Shukur Xolmirzayev o‘ziga xos shaxsiy badiiy uslub sohibi sifatida taqlidchilikdan, biryoqlamalikdan, bayonchilikdan qochadi so‘zga xasis bo‘lsada, fikrini o‘quvchiga to‘la va yorqin etkazishga erishadi. Biroq ba’zan uning asarlari tugallanmagandek taassurot uyg‘otadi. O‘quvchi asar davomini kutadi.
60-yillardan o‘zbek hikoyachiligida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ma’naviyat muammolariga e’tibor kuchaydi. Hikoyada lirik ruh chuqurlashdi. Hikoyachilikka O‘.Hoshimov, Sh.Xolmirzayev, U. Nazarov kabi mohir, o‘ziga xos yozuvchilar kirib keldi.
Shukur Xolmirzayev o‘zbek hikoyachilik san’atining ustozi Abdulla Qahhordan keyin yangi, yuqori bosqichga ko‘targan yozuvchilardan biridir. Uning hikoya, qissa va romanlari tesha tegmagan voqealarga bag‘ishlanganligi, xarakterlarga boyligi bilan ajralib turadi.1
Hikoya (ar.so‘z ma’nosi: 1.Biror narsaning og‘zaki bayoni , tavsiloti; 2. Nasriy yo‘l bilan yozilgan kichikroq badiiy asar) - Izzat Sultonning asosli ta’kidlashicha, latifa mazmuniga kirgan voqeadan kattaroq, ammo povestga mazmun beruvchi voqeadan kichikroq sarguzashtni, ko‘pincha kishi hayotida bo‘lgan bir epizodni tasvirlaydi. Xususan, u «...minglab bo‘laklarga bo‘lingan romandir ...kishilik taqdirining poyonsiz poemasidan bir epizod... shunday voqea va hodisani tanlab oladi va o‘zining tor ramkasida ifoda etadi»(V.G.Belinskiy). Hikoyaning eng ixcham ko‘rinishi novella (ital. novella-yangilik) deb yuritiladi.
«Xarakterning muayyan vaziyatdagi holati voqeaning keskin burilish nuqtasida,dinamik syujet, kuchli dramatizm, kutilmagan yechim asosida ko‘rsatish –hikoya (novella) uchun eng xarakterli xususiyatdir».1
Hikoyachilikda Abdulla Qodiriy va Abdulla Qahhor an’analarini yangi bosqichga ko‘tarishda Shukur Xolmirzayevning o‘ziga xos o‘rni bor.
Shukur Xolmirzayev Abdulla Qahhordan so‘z tejash, detallarga katta ma’nolar yuklash, qahramon ruhiyatida kechayotgan ziddiyat, to‘qnashuvlarni sodda va hayotiy qilib, ixcham tasvirlash, dialoglardan jonli manzara yaratish sirlarini o‘rgandi. Biroq bu ta’sirni faqat tashqi ko‘rinishdan izlamaslik kerak. Bu ta’sirni qahramonlar ruhiy dunyosini aks ettirishdagi badiiy prinsiplar mushtarakligidan izlamoq kerak. Yirik adabiyot nazariyachisi L.I.Timofeyev hikoya syujetining o‘ziga xosligi haqida to‘xtalib, shunday deydi: «Hikoya birgina voqea asosida quriladi», «hikoyada inson xarakteri birgina voqea, birgina epizod orqali tasvir etiladi, shunga muvofiq xarakterlar tayyor holda beriladi», «hikoyada xarakterning bir holatigina ko‘rsatiladi», «xarakterning hikoyaga kirgungacha bo‘lgan taraqqiyoti yoki undan keyingi holati tasvirlanmaydi», «hikoyada personajlar soni cheklangan bo‘ladi»2
Shukur Xolmirzayev Abdulla Qahhordan so‘z tejash, detallarga katta ma’nolar yuklash, qahramon ruhiyatida kechayotgan ziddiyat, to‘qnashuvlarni sodda va hayotiy qilib, ixcham tasvirlash, dialoglardan jonli manzara yaratish sirlarini o‘rgandi. Biroq bu ta’sirni faqat tashqi ko‘rinishdan izlamaslik kerak. Bu ta’sirni qahramonlar ruhiy dunyosini aks ettirishdagi badiiy prinsiplar mushtarakligidan izlamoq kerak.
Yozuvchi Sh. Xolmirzayev hikoyanavis sifatida qaysi mavzuni qalamga olmasin, qandaydir muhim, salmoqdor ijtimoiy fikrni ifodalashga intiladi. Uning bu xususiyatlari, ayniqsa, keyingi yillarda yaratilgan “Shudring tushgan bedazor”, “Cho‘loq turna”, “Podachi”, “Ko‘k dengiz”, “Xorun ar-Rashid”, “Qadimda bo‘lgan ekan”, “Tabassum”, “Ustoz”, “Farzand” kabi hikoyalarida yaqqol namoyon bo‘lgan. Sh.Xolmirzayev hikoyalarida, asosan, Surxon vohasining kaloriti yorqin sezilib turadi. Yozuvchining hikoyalarida surxondaryoliklarning o‘ziga xosligi, yorqin va katta xarakterlari, yashash tarzi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Uning 1964-yilda yozilgan “O‘n sakkizga kirmmagan kim bor” nomli qissasi juda mashhur bo‘ldi. Bu asarga “Yoshlar haqida qissa” deya ta’rif berildi. Qissada sof muhabbat taqdiri quvonchsiz yakunlanadi. Undagi Tilov, Jamshid kabi bosh qahramonlar xarakteri va hayoti ishonarli va o‘quvchini o‘ziga qiziqtira oladigan qilib tasvirlangan. Muhabbat haqidagi qissalar o‘zbek adabiyotida juda ko‘plab yaratilgan. Biroq Shukur Xolmirzayevning bu qissasi haqiqiy sevgi hikoyasi bo‘lib qoldi va muallifni xalqqa tanitdi. Asarda o‘smir qiz va yigitlarning sof sevgisi o‘zbek mentalitetiga xos tarzda ta’riflangan. Qahramonlarning ichki kechinmalarini o‘qiyotgan kitobxon asardan chiqib keta olmaydi.
Qissaning muvaffaqiyatli chiqishida unga tanlangan nom kata rol o‘ynagan. Asar nomining o‘ziyoq o‘quvchini o‘ziga torta oladi. Bu muallifning katta yutuqlaridan biri.
Yozuvchi Shukur Xolmirzayev hikoyalari, povestlari hamda “So‘nggi bekat” romanida, asosan zamonaviy mavzularni yoritgan bo‘lsa, “Qil ko‘prik” nomli yirik romanida inqilob yillaridagi qaynoq hayot materialiga murojaat qildi. Shu nuqtai nazardan yozuvchining ijodida bu asari yangi hodisa bo‘ldi.
Katta epik asarlar yaratish sohasida muayyan tajriba to‘plagan Shukur Xolmirzayev 80-yillarning ikkinchi yarmida yana zamonaviy mavzuda roman yaratishga kirishadi. Natijada uning “Yo‘lovchi” romani maydonga keladi. Muallif unda qayta qurish yillarining manzaralarini gavdalantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Asarda yozuvchi asosiy qahramonini yo‘lga tushirib, sovxozdan sovxozga, qurilishdan qurilishga o‘tkazadi. U atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga qahramon ko‘zi bilan qarab, ularni tushunishga, tahlil qilishga va baholashga intiladi. Qahramon ko‘zidan qishloqlardagi dahshatli mehnat ham, axloqiy tubanliklar ham nopok kishilaru ishbilarmon rahbarlar ham, hatto uzoq Kubadagi qiyinchiliklar ham qochib qutilmaydi. Yozuvchi qahramonni yo‘lga chiqarib, uni obyektdan-obyektga o‘tkazaversa, safari hech qachon tugamasligini payqab qoladi. Buning ustiga u kitobdagi ko‘p voqealar juda sun’iy va mantiqsiz chiqqanligini sezadi. Shuning uchun ham Sh.Xolmirzayev boshda ikki kitob sifatida o‘ylangan bu romanni davom ettirmaslikka qaror qiladi. “Yo‘lovchi” romani shu tariqa yozuvchi ijodida bir tajriba bo‘lib qoladi.
Shunga o‘xshash tajribani yoki izlanishni Sh.Xolmirzayevning keyingi yirik asari “Ola bo‘ji” deb atalgan “Romandan katta hikoya”sida ham ko‘rish mumkin. “Ola bo‘ji” asarida 80-yillar oxiri va 90-yillarning boshlaridagi sharoit qamrab olingan. Agar asar sovet davrining so‘nggi yillari tasviri bilan boshlansa, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlaridagi o‘zgarishlar manzarasi bilan xotimalanadi. Asar markazida tarixchi maktab o‘qituvchisi Ulton obrazi turadi. Uni yozuvchi sotsialistik realizm talablariga mos keladigan ijobiy qahramon sifatida ko‘rsatishni maqsad qilib olgan. Asar oxirlariga borib esa muallif sotsialistik realizm qoidalaridan chekinibroq Ultonni zaifliklar, kamchiliklar va qusurlar egasi sifatida ham namoyon qilishga urinadi. Demak, davr shiddati asar metodiga ham o‘z tamg‘asini bosgan. Asar kompozitsion jihatdan mukammal emas, ko‘plab voqealar ketma-ketligida uzilishlar bo‘lgan. Shunga qaramasdan asarda davr kamchiliklari, jamiyatdagi qusurlar obrazlar tilidan tasvirlab berilgan.
Sh.Xolmirzayevning “Ziyofat” asari jiddiy drama yaratish yo‘lidagi ilk izlanishi bo‘lgan. “Ziyofat” asari ma’naviy-axloqiy muammolar talqiniga bag‘ishlangan dramadir. Shukur Xolmirzayev bu dramasida ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar haqida fikr bildiradi. “Ziyofat” dramasi xotin-qizlarimizning taqdiri to‘g‘risida haqqoniy bahs yurituvchi asardir. Dramada hozirgi hayotimizda bo‘layotgan hodisalar o‘z ifodasini topgan. Ya’ni tanish-bilishchilik, mansab, amaldorlik kabi illatlarni ham adib fosh etadi.
Sh.Xolmirzayev asarlarida xususan mustaqillik davrida yaratgan asarlarida xalqimiz tarixi va taqdiri masalalarini aniq va yorqin aks ettirib berdi. Bu masalalar adibning mustaqillikdan oldingi asarlarida ham o‘z aksini topgan edi, lekin u davrdagi tasvir, ifoda yo‘lini tabiyki, ma’lum qoliplar ostida edi. Mazkur muammolar xususida Prezidentimiz ham o‘z asarlarida shunday yozadi: «...noinsoniy g‘oya hukmron bo‘lgan mustabid tuzum o‘zining boy mafkuraviy kuchini, ommaviyaxborot vositalarini, butun moarif tizimini ishga solib odamlar ongini keng miqyosda zaharlar edi. Ularning milliy va diniy tuyg‘ularini qo‘pol ravishda kamsitar, tarixiy haqiqatni buzib ko‘rsatar edi. O‘z ona tilini, milliy an’ana va madaniyatini, o‘z tarixini bilmaslikka ko‘plab odamlarning shaxsiy fojiasiga aylanib qolgan edi» Sh.Xolmirzayev o‘zining asarlarida ana shu masalalarini mohirona aks ettirib bergan haqiqiy Vatan fidoyisidir. Chunki uning asarlaridagi qahramonlar o‘zligini yo‘qotgan rahbar xodimlari yoki yo‘ldan adashgan yoshlar, oddiy qishloq kishilari sodda va qalbi pok, o‘zbek xalqi misolida aks ettirilib, asar g‘oyasiga ko‘ra yozuvchi bu qahramonlar taqdiri orqali o‘zining mavjud davr va hayot haqiqatlariga munosabat bildirdi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sh.Xolmirzayev adabiyotga, xususan, o‘zbek nasriga juda katta yangi-yangi tamoyillarni olib kirdi.
Sh.Xolmirzayev asarlari xususan, hikoyalarining badiiy-uslubiy o‘ziga xosligini aks etgan Sh.Daniyorova shunday yozadi: “Tabiat muhofazasi mavzusida yaratilgan badiiy asarlardagi qahramonlar qaysi millatga mansub bo‘lmasin, ularning ichki kechinmalari va orzu-intilishlarida umuminsoniy tuyg‘ular o‘z ifodasini topishi zarur”. Sh.Xolmirzayev qahramonlari o‘z hayotlarini tabiat bilan uyg‘unlikda bilib, tabiatni asrab avaylash uchun jon dili bilan kurashadi. Bularning bari adibning hayotiy va ijodiy salohiyatining yuksak ekanligining o‘ziga xos belgisidir.
Shukur Xolmirzayev adabiyotga Surxon koloritini, tabiati, havosini olib kirgan yozuvchi. Olib kirganda ham betakror uslubda zavq bilan ifodalay oldi. Ana shundan, u o‘zbek hikoyanavisligida o‘ziga xos mustahkam cho‘qqi yaratdi. Ayniqsa, “Zov ostida adashuv” hikoyasini nafis so‘z ila yaratilgan san’at asari deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Bundan tashqari, “Omon ovchining o‘limi”, “Bandi burgut”, “Ot o‘g‘risi” singari hikoyalari orqali Shukur Xolmirzayev o‘zbek hikoyachiligida o‘ziga xos maktab barpo etdi.
“O‘zbek xarakteri” nomli hikoyasi 1988-yil yozilgan bo‘lib, unda paxta terish mashaqqati tasvirlangan. Hikoya hasharga borgan talaba tilidan bayon qilinadi. Muallifning asosiy maqsadi beg‘uborlik, samimiylikni ulug‘lash, bag‘rikenglik, mardlikni ko‘rsatib berishdir. Hikoyaning bosh qahramonlari O‘rmonjon va Azimjon, Botir cho‘pon oilasi munosabatlari syujet asosini tashkil qiladi.
Yozuvchi boshqa janrlarda ham samarali ijod qilgan bo‘lsa ham, asosan, hikoyanavis sifatida dovrug‘ qozondi. Shukur Xolmirzayevning hikoyanavis sanalishiga uning jahon hikoyachiligini chuqur o‘zlashtirgani, hikoya tabiati borasida asosli to‘xtamlarga kelgani va o‘z ijodida bu nazariy asoslardan o‘rinli foydalangani ham sababdir. Adibning “Hikoya haqida” maqolasi diqqatga sazovor. Shukur Xolmirzayev hukoya janri haqida yozib, o‘zining bu turdagi asarlarga fikrini bildiradi. Adib klassik yozuvchilar hikoyalarini o‘qiy boshlaganini aytadi: “Klassiklar deganda men to‘rtta ulug‘ hikoyanavisni eslatish bilan kifoyalanaman: rus adabiyotida Chexov, ingliz adabiyotida Jek London, hind adabiyotida Tagor va o‘zimizning adabiyotda Abdulla Qahhor. Chexovni Abdulla Qahhorning o‘zlari ham “mening ustozim” deb aytgan edilar, bunda hikmat ko‘p, qolaversa, Chexov umumjahon adabiyotida ham hikoyaning ustasi sifatida tan olingan, qaysidir yili Konstantin Fedin Germaniyadan qaytib kelayotib, poyezdda jurnalistlar bilan qilgan suhbatida , - bu suhbat “Литературная газета” da bosilgan edi,- bilasizmi, butun olamdagi yosh yozuvchilar keyingi yigirma yil mobaynida Chexov bilan Xemengueyga ergashibdi, - deb to‘g‘ri aytgan edi, bunda hikmat zo‘r…”1
Asarning badiiyatiga putur yetkazuvchi illatlardan biri – hikoyada bayonchilik masalasiga ham to‘xtalib o‘tadi. Badiiy asar fabulasi hayotiy voqea asosida tiklansa ham, bu hayotda qanday bo‘lsa, shundayicha ko‘chirish kerak, degani emas. Aksincha, Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, hayotdan aynan ko‘chirish kitobdan ko‘chirishdek gap. Asarga sinch vazifasini bajargan hayotiy voqea muallif tomonidan qayta ishlanishi, so‘ng boyitilgan, aniqlashtirilgan va yozuvchining ijodiy prinsiplariga muvofiqlashtirilgan holda o‘quvchilar hukmiga havola etilishi lozim.
Muallif yana voqealari quruq yozilgan lavhalarni hikoya deb tushunish noto‘g‘riligini, ular shunchaki ermak uchun yozilgani yo bo‘lmasa adabiyotni tushunmaslik sabab paydo bo‘lganini aytib o‘tadi.
Shukur Xolmirzayev “Mo‘jiza bo‘lib qolsin” maqolasida zamondosh hikoyanavislar ijodiga keng to‘xtaladi. U yigirmadan ortiq yozuvchining 1987-yili chop etilgan hikoyasi misolida o‘zbek hikoyachiligining “shaklan va qisman mazmunan ham an’anaviy yo‘lda ilgarilayotgan”ini, “hikoyanavislarimiz turmushga chuqurroq sho‘ng‘iy boshlagan’ini ta’kidlaydi. Adib keltiradigan asarlar mazmunini boshdan-oyoq qayta so‘zlab bermaydi, bil’aks, tahlil qilinayotgan hikoyaning yutuq va kamchiliklarini aniq misollar bilan ko‘rsatadi. Misol uchun, N. Otaxonovning “Oq bino shomlari” asarini izohlaganda Shukur Xolmirzayev shunday yozadi: “Yozuvchi Hafizaning eri bilan ham, bu o‘ynashi bilan ham kechirgan intim onlarini biz tasvirlashga jur’at eta olmaydigan bir shiddat bilan ko‘rsatadiki, adabiyotning mana shu funksiyasi ham borligini unutib qo‘yganimizga iqror bo‘lamiz” axir adabiyot hayotning mana shu tomonlarini ham odob doirasida ko‘rsatishi kerak!”2
O‘zbek hikoyachiligini yangi bosqichga ko‘targan Shukur Xolmirzayev hikoyalarida, nafaqat hikoyalari, balki barcha janrdagi asarlarida ham siyqasi chiqqan xarakterlar, quruq nasihatgo‘ylik, notabiiy iboralarni ko‘rmaymiz. Doimo yangi obrazlar yaratadi, asarning kompozitsion qurilishida bir-birini takrorlamaydigan yangiliklar yaratishga harakat qiladi. Adib asarlaridagi qahramonlar boshqa yozuvchilar obrazlari kabi to‘pori, dag‘al, yoki chapani bo‘lsa ham ichki dunyosi o‘ziga xos, insonparvar, ruhi teran, mulohazali kishilardir.
Yozuvchining 45 yillik ijodiy faoliyatida yaratgan hikoyalari o‘zbek nasrining chinakam durdonasi, o‘lmas ma’naviy mulki bo‘lib qoldi. Milliy adabiyotimizning haqiqiy fidoyisi bo‘lmish taniqli adib adabiyotimizda o‘ziga xos maktab yaratdi. Yozuvchini kitobxonlar romannavis, dramaturg, qissanavis, publitsist, adabiyotshunosh sifatida ham yaxshi bilishadi. Yozuvchi suhbatlaridan birida shunday degan: “Adabiyotni ehtiyoj amri, qismatim deb bilaman. Men shunday hayotning xumori bo‘lib qolganman”.
Do'stlaringiz bilan baham: |