Siyrak biriktiruvchi to’qima tolalari
Kollagen tolalar. Kollagen (yunon. kolla-yelim, genos-yaratmoq, yelim hosil qiluvchi demakdir) faqatgina asl biriktiruvchi to’qimada bo’lmay, balki suyakda-ossein, tog’ayda-xondrin tolalari nomi bilan mavjud. Kollagen tolalar siyrak biriktiruvchi to’qimada turli yo’nalishda yotuvchi to’g’ri yoki egri-bugri tortmalar holida joylashadi. Kollagen tolalar tarkibida fibrillyar oqsil-kollagen bo’lib, u fib-roblast hujayralarida polipeptid zanjirlar shaklida hosil bo’la boshlaydi. Kollagen tolalar birlamchi fibrillalardan, ular esa protofibrillalardan, protofibrillalar esa tropokollagenlardan iborat.
Hozirgi vaqtda kollagenning 12 tipi mavjud. Bu tiplar har xil a’zolarda bo’lgan kollagenning ximiya-viy tarkibi, joylashishi va xususiyatlariga ko’ra tafovut qilinadi:
1-tip-terida, suyakda, ko’z muguz pardasida, sklerada uchraydi.
2-tip-gialin va tolali tog’aylarda joylashadi.
3-tip-homila terisining dermasida, retikulyar to’qimada va yirik qon tomirlar devorida uchraydi.
4-tip-bazal membranalarida va ko’z gavharini o’rovchi kapsulada joylashadi. Qolgan 5-12 tipdagi kollagenlarning xususiyatlari aniq emas. Kollagen tolalarda glitsin, prolin, oksiprolin, glyutamin, asparagin kabi aminokislotalar ko’p bo’lib, oltingugurt saqlovchi aminokislotalar kam. Kollagen tolalar juda pishiq va cho’zilmaydi. Pay suyultirilgan ishqor va kislotalarda 10 marta shishadi.
Elastik tolalar. Elastik tolalarning hosil bo’lishi kollagen tolalarning hosil bo’lishiga o’xshaydi. Fib-roblastlar elastik tolalarning ham hosil bo’lishida ishtirok etadi. Elastik tolalar tolali biriktiruvchi to’qimada va biriktiruvchi to’qimaning ba’zi boshqa turlarida uchraydi. Ular maxsus bo’yoqlar bilan bo’yalganda kollagen tolalardan aniq ajralib ko’rinadi. Elastik tolalar qalinligi 8-20 nm keladigan fibrillalardan hosil bo’lib, tolalar qalinligi siyrak biriktiruvchi to’qimada 1-3 mkm bo’lsa, elastik bog’lamlarda 8-10 mkm gacha yetadi.
Elastik tolalarda kollagendan farqli ravishda ko’ndalang chiziqlik yo’q. Bu holat elastik tolani hosil qiluvchi oqsillarning betartib joylashishi bilan ta’riflanadi. Elastik tola oqsillari umumiy qilib, elastin deb ataladi.
Elastik tolalar yaxshi cho’ziladi, lekin uzilishi ham oson. Elastik tolalarda vaqt o’tishi bilan mineral tuzlar o’tirib, uni sinuvchan qilib qo’yadi.
Retikulyar tolalar. Biriktiruvchi to’qimaning ba’zi turlarida, qon yaratuvchi a’zolar stromasida, jigarda, qon tomirlar, mushak va nerv tolalari atrofida kollagen va elastik tolalardan tashqari retikulyar yoki retikulin tolalar ham uchraydi. Bu tolalar 3-tipdagi kollagenga kirib, kumush tuzlari bilan impregnatsiya qilinganda aniq ko’ringani uchun ba’zan argirofil tolalar ham deb ataladi. Retikulyar tola deb nomlanishi ularning to’r hosil qilishini bildiradi.
Retikulyar tolalar kuchsiz kislota, ishqorlar va tripsin ta’siriga chidamlidir.
Retikulyar (to’rsimon) to’qima (textus reticularis). Bu to’qima retikulyar hujayralar va retikulin tolalardan tashkil topgan. Retikulyar hujayralar to’siqlari bilan birlashib, to’rsimon tuzilmani hosil qiladi. Retikulyar hujayralarga retikulin tolalar zich tegib turadi. Retikulyar to’qima organizmning turli qismlarida uchraydi. Bu to’qima suyak ko’migi, limfa tuguni va taloqning stromasini hosil qiladi. Retikulyar to’qi-mani ichak shilliq qavatida, buyrakda va boshqa organlarda ham uchratish mumkin. Uning asosiy vazifalaridan biri qon shaklli elementlari ishlab chiqishda maxsus mikromuhit hosil qilishdir.
Retikulyar to’qimaning ba’zi hujayralari to’rdan ajrab, erkin retikulyar hujayralarni hosil qiladi. Тaloq va limfa tugunining retikulyar to’qimasidan qon yoki limfa doimo o’tib turadi. Shuning uchun bu a’zolarning retikulyar hujayralari yot antigen bilan to’qnashadi va shu antigen to’g’risida limfotsitlarga ma’lumot yetkazib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |