Arxivlardan foydalanish va O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv xonalarida arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilarning ishlash qoidalari.
«Arxiv ishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida Nizomga ko‘ra davlat arxivlari va ularning filiallarida saqlanayotgan hujjatlar foydalanish uchun barcha yuridik va jismoniy shaxslarga beriladi.
Ilmiy-tadqiqot muassasalarining rejalariga muvofiq ilmiy ish olib borayotgan yoki xizmat topshirig‘ini bajarayotgan O‘zbekiston hududida yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlarini yuborgan tashkilotlarning xatlarini taqdim etadilar. Shaxsiy tashabbusi bilan tadqiqot olib borayotgan foydalanuvchilar o‘quv xonalariga shaxsiy arizalari asosida qo‘yiladi.
Chet ellik foydalanuvchilar davlat arxivlari o‘quv xonalariga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligi ruxsati bilan, ikki tomonlama ilmiy va madaniy hamkorlik bitimi asosida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tegishli davlat arxivlariga qanchalik kirish huquqiga egaligiga qarab kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligining roziligi o‘z davlatining O‘zbekiston Respublikasida doimiy vakolatxonasi yoki foydalanuvchini rasman qabul qilgan respublika tashkiloti orqali rasmiylashtiriladi.
Barcha foydalanuvchilar arxiv hujjatlaridan foydalanishda teng huquqlarga egadirlar. O‘quv xonalariga qatnaganligi, arxiv hujjatlaridan foydalanganligi uchun haq olinmaydi.
Nodavlat yuridik shaxslarda va shaxsiy mulkdorlarda saqlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi MAF hujjatlaridan foydalanish faqat mulk egasi ruxsati berilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
Davlat yoki tijorat siriga ega bo‘lgan O‘.R. MAF hujjatlaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida o‘rnatilgan tartib bo‘yicha amalga oshiriladi.
16 yoshga yetmagan, sud tomonidan huquqiy salohiyatga qobiliyatsiz deb topilgan shaxslar hujjatlar bilan ishlashga qo‘yilmaydi.
Yig‘majildlar va hujjatlar berishni rad qilish yoki keyinga surish asoslangan bo‘lishi lozim hamda quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:
a) yig‘majildlar va hujjatlar jismonan qoniqarsiz holatda bo‘lganda;
b) respublika qonunlariga muvofiq yoki fondni tashkil etuvchining hujjatlarini doimiy saqlashga topshirish chog‘ida hujjatlardan foydalanishni cheklaganda;
v) xizmatga doir topshiriqlarni amalga oshirish zarur bo‘lganda (ma'lumotnoma ishi, fondlarga mavzuiy ishlov berish, ta'mirlash, axborot materiallari tayyorlash, ilmiy-texnikaviy ishlov berish va hokazolar).
Ilmiy-texnikaviy ishlov berilmagan yig‘majildlar (hujjatlar) o‘quv xonaga berilmaydi.
29-iyun 2001-yilda «O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv xonalarida foydalanuvchilarning ish qoidalari» tasdiqlangan va u foydalanuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv xonalarida (kirish zallarida, fono (ovozli) hujjatlar va shu kabilarni eshitish xonalarida) hujjatlar bilan ishlash, tadqiqotchilarni o‘quv xonalarda ishlash uchun rasmiylashtirish, ularning huquq va majburiyatlari tartibini belgilab beradi.
Arxiv xodimlarining ish tartibi, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi vazifalari, ularning javobgarligi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi tasdiqlagan arxiv ishi bo‘yicha me'yoriy hujjatlar bilan belgilanadi.