Topmoq yo‘qotmoqmi?
Qo‘nog‘iga qo‘ngan tovuqlarni sanab, eshigini yopib kelgunimcha, Oqboshdan nom-nishon yo‘q. Qozig‘i joyida. Uzun ipining yarmi bor, xolos. Qurg‘ur, uzib qochgan. Endi qayerdan izlayman. Oyim bilsa o‘ldiradi. Hayriyatki, dadam bugun ishda. Bo‘lmasam, eh-hey... Ukam boks mashg‘ulotidan kelishi bilan sigirni izlab, birimiz mahallaning u boshiga, birimiz bu boshiga yo‘l oldik. Moli bor qo‘shnilardan so‘radik, hech kim ko‘rmabdi, adashib ham kelib qolmagan. Endi sholipoya tomonni ko‘rish kerak. O‘tgan gal ham yo‘qolib qolganida o‘sha yerdan chiqqan edi. O‘zi shu sigirni sotib yuborish kerak-da. Buvamlar paytidagi birinchi mol-Qoratuyoqdan qolgan deb, aylanib-o‘rgiladimiyey. Baribir unga qaraydigan odam yo‘q, kun bo‘yi ukam boksda, men o‘qishda bo‘lsam. Oyim eplashga qiynaladi. Buzog‘i o‘lib qolmaganida orqasidan haydamasagam, o‘zi uyga oshiqib kelardi. Hozir-chi, g‘irt bo‘ysunmas daydi. Havoning avzoyi buncha buzuq. Yomg‘ir yog‘adiyov. Osmonda na oy, na yulduzlar bor. Qorong‘u tushib borayapti. Uff, jo‘xorida ham, sholipoyada ham, tut yoqada ham yo‘q. Paxtaga tushganmikin? Shu xayolda g‘ozapoyalar oralab yurib ketdim. Unda-bunda yomg‘ir tomchilab qo‘yadi. Tanimda yengil titroq. Hov anavi do‘ngliklardan chiyabo‘rilarning nolali uvlashi eshitildi-yu, yolg‘izligim endi bilingandek, dilimga qo‘rquv o‘rladi. Yetmaganday, paxta pushtalariga suv qo‘yib yuborilgan ekan. Oyoqlarim balchiqqa botdi. Bekor shippak kiymabman. Kalishim ichi loy-loy. Arang qadam tashlayapman. Sal yurmasimdan, dala o‘rtasidan sigirning mo‘lagani eshitildi. Aniq bilaman: Oqboshniki. Kalishimni qo‘limga olib, o‘sha tomonga qarab yugura ketdim. G‘oza shoxlaridan tilinib borayapgan qo‘l-oyoqlarim tinimsiz achitardi. Xudoga shukur-a, Oqbosh! Arqoni yo‘g‘on paxta poyasiga o‘ralib qolgani uchun uzoqqa ketolmayapgan ekan. Ajab bo‘pti-da! Jahlim chiqdi, uni deb balchiq kechib, tilinib qaaancha yurdim. Bir xayolim tayoq olib, xumordan chiqquncha ursam derdi. Ammo Oqboshning mo‘ltirak ko‘zlarini ko‘rib, shashtimdan qaytdim. Ipini bo‘shatib, ariq yoqaga haydadim. Aksiga suv ko‘payibdi. O‘tkazib bo‘lmaydi, maktab tomondan aylantirib olib borishim kerak. Endi qachooon yetaman?! Do‘nglikdan chiyabo‘rilarning cho‘zib-cho‘zib uvlagani keldi. Yana vahmim oshdi. Ukam qayoqda yuribdi ekan, bog‘dan topmaganidan keyin bu yoqqa kelmaydimi?! Oqboshni tez yurishga undab, tayoqqa kuch beraman. O‘n besh daqiqalarda narigi betga-ko‘chaga o‘tib oldik. Uning ikki tomoni ariq va keng paxtazor dala. Atrof zim-ziyo. Sovqotayapman. Yomg‘ir tobora avjiga chiqayapti. To‘satdan boya kelgan tomonimiz-ariq yoqadan qora sharpa ko‘rindi. Chiyabo‘ri! Ikki ko‘zi yovvoyi mushuknikidek qo‘rqinchli yonib turibdi. U ariqdan o‘tishga qulay joy izlardi. Bir zumga nafas olishdan to‘xtadim, tayog‘im qo‘limdan tushib ketdi. O‘zimga kelishim bilan shoshgancha, orqa-oldimga qaramay, sigirni yo‘rttirib bora boshladim. Tinmay tayoq yeyayotganidan norozilangan Oqbosh quturib, mendan ilgarilab ketdi. Chiyabo‘ri esa ortimdan izma-iz kelardi. Ey Xudo, anavi tol tagida ko‘prik bor edi-yu. Undan o‘tsa, menga hujum qiladi, suyagimnigina qoldiradi. Nogohon katta toshga qoqilib ketdim, yerbag‘ir bo‘lib yiqildim. Yuragim taka-puka. Oyoq-qo‘limning achiyayotganini ham, burnimning qonayotganini ham sezmayapman. Mana chiyabo‘ri boshim tepasida turibdi. So‘lak aralash tili bilan sochlarimdan yaladi. Qo‘rquvim avjida. Shunda qo‘limga nimadir ilindi. Bandi singan, zanglagan pichoq ekan. Chiyabo‘ri bu gal peshonamdan yaladi. Endi o‘tkir tishlari bilan yeydi! Yo‘o‘o‘q, yo‘o‘o‘o‘q, yo hayot, yo o‘lim. Qanday bo‘lganini bilmayman, hammasi favqulodda sodir bo‘ldi. O‘zimga kelganimda, chiyabo‘ri yerda xirillab, ingillab og‘ir nafas olib yotardi. Sal o‘tmay tinchib qoldi. Aftidan, men jon holatda pichoqni uning bo‘yniga sanchigandim. Yurak yutmay qanday qila oldim bu ishni, bilmayman.
-Qoravoy, vooooy Qoravooooy!..
Yo‘o‘o‘q... Chiyabo‘ri deganim sadoqatli itimiz Qoravoy ekan... Nega? Nega uni tanimadim... U qaro tunda sherik bo‘lib, o‘zicha meni alla xavflardan himoya qilmoqchi bo‘lgan. Bilmadiki, xavf asli men bo‘lganman. Nima qilib qo‘ydim... Qo‘llarim titrardi, ko‘zimda yosh, dilim to‘la afsus. Yigirma qadam naridan tanish ovoz keldi:
-Opachaaa, o‘o‘o‘o‘, opacha, shu yerdamisiz? Oqboshni molxonaga ob kirib qo‘ydim. Oyim chaqirayapti, yuring.
Do'stlaringiz bilan baham: |