Ekologik sistema deb birga yashovchi har xil organizmlar va ularning yashash muhiti orasidagi qonuniyatli bog’lanishga aytiladi. Bunga o’rmon, o’tloq, ko’l va boshqalar misol bo’ladi. Masalan, o’rmonni shunday ta’riflasa bo’ladi: O’rmon bu geografik shakllangan, o’z-o’zini boshqaruvchi o’simlik va hayvonlar populyatsiyalari yig’indisi bo’lib, ular uchun muhitni boshqaruvchi asosiy rolni bir tur, yoki bir necha turga mansub populyatsiya o’ynaydi. Ana shunday jamoalarni ifodalash uchun akademik V.N Sukachev(1942) biogeotsenoz terminini tavsiya etgan.
Organizmlar jamoasi anorganik muhit bilan bog’liq. O’simliklar undagi karbonat angidridi, suv, kislorod va mineral tuzlar hisobiga yashaydi. Geterotrof organizmlar esa avtotroflar hisobiga yashaydi. Lekin ular kislorod va suvga ham muhtojdir. Jamoalar anorganik muhit bilan ma’lum sistemani shakllantiradi.
Organizmlar va anorganik komponentlar birligida, modda almashinuvini amalga oshiradi. Shu tarzda ekologik sistema tashkil topadi. "Ekosistema» tushunchasi ilk bor ingliz ekologi A. Tensli (1935) tomonidan qo’llanildi. U ekosistemalarni tabiatning yer yuzidagi eng asosiy birligi deb hisobladi.
Modda aylanishinig amalga oshishi uchun anorganik moddalar va yana 3 ekologik guruh organizmlari—produtsentlar, konsumentlar va redutsentlar bo’lishi lozim.
Produtsentlar—bu avtotrof organizmlar bo’lib, anorganik birikmalaridan foydalanadi.
Konsumentlar—bu geterotrof organizmlar bo’lib, produtsentlar va boshqa konsumentlar hosil qilgan organik moddalardan foydalanadi.
Redutsentlar—organik moddalar hisobiga yashaydi va ular moddalarni qayta o’zlashtiriladigan birikmalarga aylantiradi. Tabiatda turli ekosistemalar uchraydi. Masalan daraxtlardagi lishayniklar yostiqchasi, yoki kichikroq muvaqqat suv
havzasi, o’tloq, o’rmon, dasht, cho’l, okean, butun yer yuzining hayot bilan band qismi.
Ekosistema va biogeotsenoz terminlari bir—biriga yaqindir. "Ekosistema" modda almashinuvi amalga oshib turadigan sistemani bildiradi.
Moddalar aylanishi va organizmlarning ekosistemadagi hayoti, doimiy ravishda ularni ta’minlanib turadigan energiya oqimiga bog’liq. Yerdagi butun hayot quyosh nurlari energiyasi yordamida davom etadi. Bunda fotosintez yordamida organik birikmalarning kimyoviy bog’lanishlari hosil bo’ladi.
Ozuqa zanjiri deganda biz nimani tushunamiz? Jamoalardagi ozuqa zanjiri bu energiyaning bir organizmdan ikkinchisiga berilish ketma—ketligidir. «O’simlik- xashorat-baqa-ilon-kalxat» ozuqa zanjirida birinchi bo’g’indan keyingilariga qarab biomassa kamayib boradi. Ekosistemalar oziq to’rlari orqali o’zaro bog’langandir(- rasm).
Konsumentlar tomonidan qabul qilingan ozuqalar to’liq o’zlashtirilmaydi va uning ma’lum bir qismi tashqi muhitga qaytariladi. Hayvonlarda ozuqa moddalarning o’zlashtirilishi 30% dan 70% gachani tashkil qiladi. Energiyaning ko’p qismi nafas olishda sarflanadi. qabul qilingan ovqatning oz qismi organizmlarning o’sishiga ketadi.
Ekosistemaning hayoti faqat energiya oqimiga bog’liq bo’lib, u quyosh nuri yoki tayyor organik moddalar hisobiga ta’minlanadi.
Fotosintez qiluvchi organizmlardan boshlanuvchi ozuqa zanjiri yeyilish zanjiri deyiladi. O’lik hayvonlar va o’simliklarning qoldiqlaridan boshlanadigan zanjir esa parchalanish zanjiri deyiladi.
Ekosistemalardagi konsumentlarga energiya oqimi o’simliklarning tirik to’qimalari yoki o’lik organik moddalar zapasi orqali kiradi.
O’lik organik moddalar asosini ham fotosintez tashkil qiladi. O’rmonlarda har yili o’sayotgan o’simliklar massasining 90% barglarining qurishi natijasida parchalanish zanjiriga tushadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |