Agar hodisaning kuzatilayotgan hollari uchun faqat bitta holatgina umumiy bo‘lsa, ana shu holat mazkur hodisaning sababidir.
O‘xshashlik metodining amalga oshish mexanizmi quyidagi mantiqiy amallarni ishlatishni o‘z ichiga oladi. Birinchidan, o‘rganilayotgan hodisaning taxminiy sabablari haqida ma‘lumotlar to‘planadi. Bizning shaklda
bu A, V, S, D, Ye holatlari d hodisasidan avval kelib, uning paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlar sifatida olib qaralgan. Uni «A yoki V yoki S yoki D yoki Ye d hodisasini keltirib chiqaradi» shaklidagi diz‘yunktiv hukm deb qabul qilsak bo‘ladi.
Ikkinchidan, mavjud holatlar ichidan kuzatilayotgan hodisa bilan zaruriy ravishda bog‘lanmagan, sababiy aloqadorlikka xos belgilarga ega bo‘lmagan holatlar chiqarib yuboriladi. YUqoridagi sxemada d hodisasi birinchi holda D va Ye holatlari, ikkinchi holda A va S holatlari, uchinchi holda A va Ye holotlari bo‘lmaganda ham vujudga kelyapti. Ana shuning uchun ular zaruriy ravishda bog‘lanmagan va demak, uning sababi bo‘la olmaydigan holatlar sifatida muhokamadan chiqarib yuborilishi kerak. Uni, «A ham S ham D ham Ye ham d hodisasining sababi emas», degan ko‘rinishdagi inkor hukmdan iborat, deb olishimiz mumkin.
Bu amaldan keyin hodisaning asl sababi bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar doirasi qisqaradi.
Uchinchidan, barcha hollar uchun o‘xshash bo‘lgan, hammasida turg‘un ravishda takrorlanadigan holat ajratib olinadi. Bizning shaklda u V holatidan iborat.
Aynan ana shu holat kuzatilgan hollarda boshqa o‘xshash holatlar bo‘lmagani uchun, hodisaning sababi bo‘lsa kerak, deb taxmin qilinadi.
YUqorida sodir etilgan mantiqiy amallar natijalarini to‘plab, tartibga solsak, yuritilgan muhokamaning umumiy shakli ayiruvchi-qat‘iy sillogizmning tasdiq-inkor (tollendo ponens) modusi shaklida ekanligini ko‘ramiz:
A yoki V yoki S yoki D yoki Ye d hodisasini keltirib chiqaradi.
A ham S ham D ham Ye ham d hodisasining sababi emas.
Ehtimol, V holat d hodisaning sababidir.
SHuni aytish kerakki, o‘xshashlik metodidan foydalanib hosil qilingan xulosaning asoslanganlik darajasi ko‘p omillarga, xususan, kuzatish va eksperiment o‘tkazilayotgan sharoitlarning xilma-xilligi, ko‘rib chiqilayotgan hollarning miqdori va shu kabilarga bog‘liq. Agar o‘xshash holat kuzatilayotgan hollar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, u holat turli xil sharoitlarda har xil boshqa holatlar bilan turlicha komplekslarda olinsa, uning vujudga kelayotgan hodisaning sababi bo‘lish ehtimoli ortadi.
Lekin shunga qaramasdan bu metod vositasida olingan xulosaning chinligi ehtimoliy xarakterga egaligicha qolaveradi.
Tafovut metodi. Bu metod faqat ikki holatda, ya‘ni hodisaning vujudga kelgan va kelmagan hollarini taqqoslash asosida hodisaning sababini aniqlash usuli bo‘lib, unda mavjud hollar bir-biridan faqat bitta holati bilan farq qiladi: birida u yo‘q, ikkinchisida – bor va faqat ana shu holat bor holdagina hodisa yuzaga keladi. Ana shuning uchun ham mazkur holat kuzatilayotgan hodisaning sababi bo‘lsa kerak, deb taxmin qilinadi, ya‘ni ehtimoliy xulosa hosil qilinadi. Uning sxemasi quyidagicha:
Holl
|
Hodisa vujudga kelishdan avval mavjud bo‘lgan holatlar
|
Hodisalar
|
ar
|
|
|
1
|
ASD
|
-
|
2
|
AVSD
|
d
|
Ehtimol, V holat d hodisaning sababidir.
Tafovut metodidan bilishning turli xil sohalarida keng foydalaniladi. Masalan, yaxshi ishlayotgan va yaxshi ishlamayotgan korxonalar solishtirilib, korxonaning yaxshi ishlamasligi sababi aniqlanadi. Medistinada esa ikkita hayvonlar guruhi – eksperiment o‘tkazilayotgan va nazorat qiluvchi guruhlar qiyos qilinib, eksperiment o‘tkazilayotgan guruhda sinalgan preparatning samaradorlik darajasi aniqlanishi mumkin. Bunda har ikkala guruh bir xil sharoitda saqlanib (A, S, D), eksperiment davomida bittasiga V holati qo‘shiladi. Bu esa avvalgi holda yo‘q bo‘lgan d hodisasining vujudga kelishiga sababchi bo‘ladi. Ana shunga asoslanib, «V holati d hodisaning sababi bo‘lishi mumkin», degan xulosaga kelinadi.
Demak, tafovut metodiga muvofiq, hodisa vujudga kelayotgan va vujudga kelmayotgan hollar ulardan avval kelayotgan holatlarning bittasidagina farq qilib, qolganlarida o‘xshash bo‘lsa, ana shu bitta holat kuzatilayotgan hodisaning sababidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |