Bolaning rivojlanishini baholash
Maktabgacha yoshdagi bolaning rivojlanishini to‘g‘ri baholash uchun aniq bir yo‘nalishni belgilab olish muhimdir. Kichkintoyni baholashdagi asosiy vazifa – motivatsion bo‘lib, bu uni o‘z faoliyati natijasini yaxshilashga, xulqini o‘zgartirishga undashi kerak. Baholash doimo baholovchining munosabatini, ya’ni kattalarni faoliyat eksperti yoki muammoli vaziyat ishtirokchisi sifatida namoyon etadi.
Kattalar o‘zlarining baholari orqali bolaning faolligini aks ettiradi, ular uchun qandaydir ko‘zgu rolini bajaradi. Ularning bahosi bolaga o‘zining faolligi, xulq me’yorlari va “o‘zligi”ni namoyon etishida to‘g‘ri yo‘nalish olishi uchun yordam beruvchi vosita hisoblanadi. Bu usul kichkintoyning o‘z-o‘ziga baho berish qobiliyati shakllanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, bolaning xulqi va faoliyatini baholashdagi mezon hisoblanadi.
Bolaning faoliyati alohida harakatlardan tashkil topgan bo‘lib, biror bir natijaga erishish uchun yo‘naltirilgan maqsad va kuchlarga qaratilgandir. Shuning uchun kichkintoyning faoliyati baholanayotganda birinchi navbatda harakatlari, intilishi va uning natijasini inobatga olmoq darkor.
Kichkintoyning faoliyatini baholashda fidbek — qayta aloqa usulidan foydalanishimiz mumkin. Fidbek (qayta aloqa), bu – biror bir mashg‘ulot yoki trening ishtirokchilariga ularning qaysi harakatlari kerakli natijaga erishishida yordam beradi va ular bundan keyingi jarayonni qanday davom ettirishlari kerak, shuningdek, qaysi harakatlar natijaga erishishda to‘siq bo‘ldi va keyingi faoliyatda qay biridan voz kechish kerakligi haqidagi ma’lumotdir.
Qayta aloqa yana maksimal natijaga erishish uchun rejalashtirishni ham o‘z ichiga oladi.
1. Bolaning faoliyatiga nisbatan qayta aloqaning birinchi shakli quyidagilardan tashkil topadi:
bolaning faoliyatini ta’riflash (sen bajarding);
intilishini ta’riflash (sen …… ga intilding);
bola faoliyatining natijalarini ta’riflash (sen quyidagilarga erishding).
Masalan, “Sen meni diqqat bilan eshitding va chiziqlarni kataklarga men aytgandek chizding. Shuning uchun sening rasming to‘g‘ri va chiroyli chiqdi”.
2. Bolaning faoliyatiga nisbatan qayta aloqaning ikkinchi shakli: qo‘llab-quvvatlash – tanqid – qo‘llab-quvvatlash. Masalan, “Sen osmon va bulutlarni yaxshi chizding. Ammo uychang qiyshiqroq chiqibdi. Lekin uning atrofiga juda chiroyli yashil o‘tlar chizgansan”.
Qayta aloqaning ushbu shaklidagi “ammo” so‘zi maqtov va qo‘llab-quvvatlashning ta’sirini susaytiradi. Ushbu so‘zdan avval aytilgan maqtov ham o‘z ta’sirini yo‘qotadi. Bunday vaziyatda “ammo” so‘zi bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan turli yo‘nalishdagi maqtov va tanqidni bog‘lab turadi. Natijada tanqid maqtovning ta’sirini kamaytirib, anglashilmovchilikka olib kelishi mumkin. Bu kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik va bolani chalg‘itmaslik uchun ikkita alohida qayta aloqa bog‘lash maqsadga muvofiqdir. Masalan, “Sen bu yerda notekis chiziqlar chizgansan, shuning uchun uychang qiyshiq bo‘lgan. Bu yerda osmon va o‘tlarni yorqin bo‘yoqlar yordamida bo‘yashga harakat qilgansan, shuning uchun ular chiroyli va tartibli chiqqan”. Bu qayta aloqa “sen – ma’lumot” shaklida olib boriladi.
To‘g‘ri tashkil etilgan qayta aloqa, birinchidan, baholash mezonlarini aniqlab beradi, ya’ni bolaga uning faoliyati va bajarish natijasini yoritib berish orqali nimani to‘g‘ri, nimani noto‘g‘ri bajarganligini anglashiga ko‘maklashamiz, ikkinchidan, bunday qayta aloqa kichkintoyda salbiy hissiyotlarni keltirib chiqarmaydi. Kattalar bir tomondan bola faoliyatining eksperti bo‘lsa, ikkinchi tomondan uning hamkori sifatida namoyon bo‘ladi. Uchinchidan, to‘g‘ri tashkil etilgan qayta aloqa kichkintoyni o‘z o‘zini nazorat qilishga va yo‘naltirishga, mustaqil bo‘lishga undaydi.
Bola xulqini baholashdagi fidbek — qayta aloqa quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
kichkintoyning faoliyatiga qaratilgan qayta aloqa uning xulqiga nisbatan qayta aloqada qo‘l kelmaydi. Bolaning faoliyat natijasi o‘ziga tegishli bo‘lsa, xulqining oqibati yoki natijasi atrofdagilariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bola xulqini baholashda “men ma’lumot” shakli qo‘llaniladi. U to‘rt komponentdan iborat:
Kattalar bolaning xulqiga ta’sir etadigan hissiyotni ta’riflaydi va ko‘p hollarda ushbu munosabat “agar” so‘zidan boshlanadi. Masalan: “Agar gilamda o‘yinchoqlarni tartibsiz qoldirishsa…”
Bolaning xulqi yoki ma’lum bir holatiga kattalar o‘zining munosabatini bildirishadi. Masalan: “Men xafa bo‘laman”, “Mening jahlim chiqadi”, “Menga yoqmaydi”.
Kattalarda negativ munosabatning yuzaga kelish sabablarini ta’riflaydi va bu jarayon ko‘pincha “chunki” so‘zidan boshlanadi. Masalan: Chunki o‘yinchoqlarni bosib sindirib qo‘yishi mumkin.
Bola xulqini o‘zgartirmagan holda qanday oqibatlarga olib kelishini ta’riflaydi. Masalan: “O‘yinchoqlar joy-joyiga qo‘yilmasa, men ularni berkitishga majbur bo‘laman”.
Biz bola xulqini hamma vaqt ham to‘g‘ri baholaymizmi? Afsuski, bu holatda ham ba’zi bir xatolarga yo‘l qo‘yiladi.
Kattalar ko‘p hollarda “Men – ma’lumot”ni bola xulqi yomonligida, biror bir me’yor yoki qoidani buzganda, nojo‘ya ish qilganda qo‘llash mumkin deb o‘ylashadi. Aynan mana shu tushunchalar kattalarda salbiy holatlarni keltirib chiqaradi.
Bolaning ijobiy xulqida “Men – ma’lumot”ni qo‘llash katta samara beradi. Kichkintoylar shundoq ham o‘zlarining yomon xulqlari kattalarga qanday ta’sir ko‘rsatishini yaxshi anglashadi. Lekin ular ijobiy xulqlari kattalarga qanday ta’sir ko‘rsatishini umuman bilishmaydi. Kattalar ham kichkintoyning ijobiy xulqiga ko‘p ham e’tibor beraverishmaydi. Bolaning ijobiy xulqini odatiy hol sifatida qarab, uning salbiy xulqiga e’tibor qaratish esa juda katta xatodir. Kichkintoyni yaxshi tomonga rag‘batlantirish va yo‘naltirish uchun uning ijobiy xulqiga diqqatni yo‘naltirish lozim. Masalan, “Men bugun bog‘chaga vaqtida kelganingdan xursandman”; “Menga idishlarni yuvishda ko‘maklashganing juda yoqdi”; “Men sen bilan faxrlanaman”.
Sir emaski, ijobiy baho bolaning o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirib, bilim olishga bo‘lgan qiziqishini, ayniqsa, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |