Maktabga tayyorlash metodikasi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-sentabrdagi farmonida uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash belgilab berilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 528-son qarori asosida “Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan. Ushbu nizomda maktabgacha ta’lim muassasasining quyidagi vazifalari keltirilgan:
– bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash;
– bolalarda xalqimizning yuksak ma’naviyati va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish;
– bolaning rivojlanishidagi (nutqi, ko‘rishi, eshitishida) yengil nuqsonlarni korreksiyalashni amalga oshirish;
– ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish;
– bolaning shaxsi va boshqa jihatlarini rivojlantirgan holda uni boshlang‘ich ta’limni olish va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorlash.
Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, maktabgacha yoshdagi bolaning qiziquvchanligi yuqori darajada bo‘lgani bilan uning tabiiy imkoniyatlari ma’lum darajada chegaralangan. Umuman, bilim berish va olish bolaning imkoniyatlari hamda qobiliyatiga mos kelishi kerak. Shu sababli ham bolani maktabga tayyorlashda ma’lum me’yor va cheklashlarni hisobga olish lozim. Maktabga tayyorlashda uning ko‘proq harakat qilishiga, beriladigan bilimlar sodda, o‘yin orqali amalga oshirilishiga e’tibor qilish maqsadga muvofiq. Agar u uzoq vaqt o‘tirib yozish, chizish bilan mashg‘ul bo‘lsa, bu holat ijobiy natija bermasligi mumkin. Shuning uchun ham bolaning rivojlanish funksiyalariga bu kabi salbiy ta’sirlar unda tez charchash, zerikish holatlarini keltirib chiqaradi. Bunday holatlarda mashg’ulotlarni turli o’yinlar orqali olib borgan ma’qul. Chunki o‘yin bolaning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortuvchi eng ta’sirchan vositadir. Ayniqsa, mashg‘ulotlar turli xildagi erkin harakatlar, rasm chizish, musiqaga mos harakatli, konstruktorlik o‘yinlari, kichik mehnat turlarni bajarish kabilardan iborat bo‘lsa, maqsadga muvofiqdir. Mashg‘ulotlarning turlari ularning xohish-istaklariga mos kelishi, yangi bilimlarni olishi, ko‘nikmalar hosil qilish bilan birga, ularning sezgirligi, fikrlash qobiliyatlarini oshirish hamda tasavvur etish holatlarini mustahkamlashga xizmat qilsa, ta’limning keyingi bosqichiga o‘tganda, o‘qish bola uchun quvonchga aylanadi.
Maktab ta’limiga tayyorlashda uning o‘yin faoliyatini mazmunli, maqsadli tarzda o‘tkazish hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Didaktik o‘yinlarni qonun-qoidalar asosida tashkil etish bolaning bilim olishi, tarbiyalanishi va umumiy rivojlanishida muhim jarayondir. Bunda pedagog o‘yinni tartib-qoidalar asosida bajarish, tengdoshlari harakatlarini nazorat etish, natijalarni baholay olishda muhim rol o‘ynaydi.
5–6 yoshli bolani maktabga tayyorlashda pedagoglar quyidagi vazifalarni bilishi va tizimli amalga oshirishi lozim:
bolalar o‘yin faoliyatining qonun-qoidalarini o‘zlashtirib olishi;
– bolaning salomatligi va jismoniy rivojlanishi talab darajasida bo‘lishi;
– bolada nutq o‘stirish, muloqotga kirisha olishini rivojlantirish;
– bolaning o‘z fikrini erkin ifoda eta olishi, fazoviy tasavvur tushunchasiga ega bo‘lishi;
– nafosat tarbiyasi, musiqa, ashula, she’riyat, ertak, rivoyatlardan namunalar aytish va unga qiziqish uyg‘otish;
– kichik monologlar, dialog, fikr almashuv, tez kirishuvchanlikni rivojlantirish;
– bolalar ongida elementar matematik savodxonlikni shakllantirish;
– jonli-jonsiz tabiatga mehr, mehnat qilish tushunchasi, o‘simlik, hayvonot olamini asrab-avaylash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatni (ekologik madaniyatini) tarbiyalash;
– boshlang‘ich sanitariya, shaxsiy gigiyena, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, o‘z salomatligini saqlay olishga o‘rgatish;
– kichkintoy qalbiga milliy urf-odat, qadriyat, an’ana, bayram va tarixiy obidalarga hurmat bilan qarashni singdirish;
– davlat ramzlari haqidagi boshlang‘ich tushunchalarga ega bo‘lishiga sharoit yaratib, tarbiyalash.
Quyida yuqoridagilarni uzluksiz tizimli amalga oshirishda 5–6 yoshli bolalarning kichik soha rivojlanishlariga oid tavsiyalar beramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |