So’z sog’inchi
Mamatqul Jo’rayev filologiya fanlari doktori, professor.
Shoir Abdunabi Boyqo’ziyevning ,,So’zim mening ,o’zim mening’’ nomli ilmiy badexasini o’qib:
Yurtimiz ilk ko’klam nasimi olib kelgan maysalarning bo’yidan baxra olib turgan kunlarning birida endigina ishdan kelib turganimda kamtarin va xassos ijodkor, shoir Abdunabi aka Boyqo’ziyev qo’ng’iroq qilib qoldilar. U kishi xol ahvol so’rashib bo’lgach, iymanibgina ,,Mamatqul, uka, men qishlog’imning shevasi haqida bir narsa qoralagan edim, telegrammingizga tashlab qo’ydim, shunga bir ko’z yugurtirib bersangiz’’, deb qoldilar. O’sha kuniyoq Abdunabi aka Boyqo’ziyevning ,,So’zim mening, o’zim mening’’ nomli ilmiy badexasini o’qishga kirishdim. Ushbu asarning ilk sahifasidagi:
So’z ham arazlaydi yo’qlab turmasang,
Boshin olib ketar xotirlaringdan,- misralariga ko’zim tushganda beixtiyor etim jimirlab ketdi. Nahotki, bolaligimda tilimni charxlagan qadrdon so’zlar mendan arazlab, xotirimdan bosh olib ketgan bo’lsa? Xatto qishloqqa borganda ham ziyoliligi tutibmi, yo boshqa sababdanmi sheva so’zlarini qo’shmasdan gapirishga odatlangan biz kabi avloddan so’z ranjimay kim ranjisin?!
Xayolotimning tubsiz jarliklaridan allaqanday alamli o’ksinishni xis etganday bo’ldim.Go’yoki saratonning issig’ida xalqumi qurigan ro’zador momoning ,,Xaydar-o, Xaydar! Otang-onang o’ldi moli senga qoldi, ketmon olib yugur!’’ deb shamol chaqirib aytgan aytimlari xotiramni titkilayotganday, biri-biridan qiziqarli ertaklarni so’ylab berayotganda ,,gapga gul qo’ndiradigan’’ Maxfirat momoning oxori to’kilmagan iboralari qumga singib ketayotganday, ,,Chilla kirsa nor tuyalar mast bo’lar’’ deya yig’i yo’qlov qo’shiqlarini aytayotganida bamisoli ko’karib oqqan ko’k daryo misol mavjlanib oqqan Rajaboy ammamning dardchil nolalari so’zlar karvoniga aylanib mendan yiroqlashayotganday bo’ldi.
Abdunabi aka to’plagan so’zlarning ma’noviy talqinlarini maroqlanib o’qidim. Masalan, ,,ivirsiq’’, ta’bi xira, befarosatroq ayol’’ ma’nosidagi ,,polpis’’, ,,homilador juvonga’’ nisbatan ishlatiladigan ,,yukli’’ so’zi bizning Qorako’l she’vasida ham bor.
Lekin ,,sirkov’’ (odamni sil qiladigan darajada injiq, ichi tor, ko’ngli qora kimsa), ,,do’ltaqo’zi’’ (lalaygan) ,,duvarak’’ (mevali daraxtning ikkinchi bor gullab, tukkan mevasi yoki qariganda ko’rilgan farzand) kabi juda ko’p so’zlar men uchun yangilik bo’ldi.Qizig’i shundaki, bizning Qorako’l shevasida ,,po’ssiq’’ so’zi ,,yumshoq’’, ,,yumshoq tabiatli odam’’ ma’nosida ishlatilsa, Abdunabi akaning hamqishloqlari lahjasida ,,jon koyitmaydigan yalqov ayol yoki qiz’’ ma’nosi ham bor ekan. Shuningdek, yoshligimda mirishkor polizchilardan qovunning pishmagan xamagini ,,tarrak’’ deyishganini eshitganman. Bu so’z qayerdan paydo bo’ldi ekan, deb ko’p o’ylaganman o’shanda. Bu savolimning javobini ham Abdunabi akaning bitiklaridan topgandayman: tarrak-bodringning uzun, beo’xshov, bemaza turi. Hozir, deyarli ekilmay qo’yilgan.
Menimcha, Abdunabi aka Boyqo’ziyevning ,,So’zim mening, o’zim mening’’ nomli badexasini shu holatida ko’p nusxada chop etish maqsadga muvofiq. Chunki, bu kitob ma’naviy dunyoqarashimizni boyitibgina qolmay, har birimizni ona tili taqdiriga kuyunchaklik bilan munosabatda bo’lib, uni ko’z qorachig’iday avaylab asrashga, tilimizni ardoqlashga undaydi.
Tilimiz lug’aviy boyligining eng muhim qismini turli urf-odat va marosimlarning nomini bildiruvchi turli xil so’z va tushunchalar tashkil etadi. Mazkur asarning ,,urfdan chiqqan yoki chiqayotgan an’analar’’ nomli faslida keltirilgan ,,ariq chopdi’’, ,,non yopdi’’, ,,non tishlatish’’, ,,ota ko’rdi’’, ,,polvonqop’’, ,,so’qim so’ydi’’, ,,tandir qurdi’’, ,,xatlashish’’, ,,xoladim’’, ,,o’kil ota’’, ,,o’t yoqdi’’, ,,quloq tishlatish’’ kabi o’nlab qadimiy udumlarning nomlari, ya’ni etnografizmlar sharxlab o’tilganki, bu lug’aviy birliklarning har biri zamirida xalqimizning ko’p asrlik qadriyatlari tarixi, ajdodlarimizning ezgu niyatlari yotadi.
Tilimiz o’zining jonli so’zlashuv holatida qadimiy so’z boyligini haliyam saqlab kelmoqda, agar biz ana shu Benazir ma’naviy qadriyatlarni zudlik bilan yozib olib, to’plab lug’atlar holida chop etmasak asrlar bo’yi yaratilib, sayqal topib kelgan nomoddiy madaniy merosimizning ulkan bir yodgorligini qo’ldan boy beramiz. Bu xayrli ishga barcha ziyolilarni, keng jamoatchilikni, talaba yoshlarni jalb qilishimiz, balki bir paytlar ,,Yoshlik’’ jurnali amalda qo’llagan tashabbusni tiklab, matbuotimiz sahifalarida ,,Til sandig’i’’ ruknini ochib, sheva so’zlarimizni muntazam to’plashimiz kerak.
She’valardagi so’z boyligi aksariyat holarda yoshi katta yurtdoshlarimiz tilida saqlanib qolganligi, yoshlarimizning nutqiy faoliyatida adabiy til me’yorlari ustuvorlik qilayotgani, natijasida, juda ko’plab so’zlarimiz kun sayin unut bo’lib borayotganligi esa shoshilishimiz kerakligini ko’rsatadi.
Agar biz ota-bobolarimiz tiliga ko’rk bo’lgan so’zlarning o’z egasini topmay, sarson-sargardon bo’lgancha yo’qlikka mahkum etilishiga yo’l qo’ysak bizni hech kim kechirmaydi.
Shu ma’noda ajoyib shoir, samimiy inson Abdunabi akaning bu ilmiy badehasida boshlangan ezgu ish bardavom bo’lishi uchun barchamiz so’z taqdiriga befarq bo’lmasligimiz lozim.
10.05.2020
Do'stlaringiz bilan baham: |