AMIR TEMUR HAYOTI
Amir Temur ibn amir Taragʻay 1336 yil 8 aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Taragʻay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi boʻlgan.
Amir Temurning yoshligi haqida maʼlumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, oʻz davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, meʼmorchilik va tarix ilmlarini oʻrgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar boʻlgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi oʻzlashtirganini taʼkidlaydi.
Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr moʻgʻullar istibdodi ostida boʻlib, Chingizxon va Botuxon bosib oʻtgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni oʻzining ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoyxonga suyurgʻol sifatida inʼom qilgan edi.
Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol koʻzga tashlanadi. Birinchi davri (1360–1385) Movarounnahrni moʻgʻul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, oʻzaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386–1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi.
1360 yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Moʻgʻuliston hukmdori Tugʻluq Temurxon, uning oʻgʻli Ilyosxoʻjaga qarshi kurashlardan soʻng, Amir Husayn ustidan gʻalaba qozongach, 1370 yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi boʻldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.
Amir Temur taxtga oʻtirgach, Chigʻatoy ulusining barcha yerlariga oʻzini voris deb bildi va Sirdaryoning quyi havzasidagi yerlarni, Toshkent viloyatini, Fargʻona vodiysini, Xorazmni oʻz hukmronligi ostiga kiritdi. Natijada, Movarounnahr va Xurosonda yirik markazlashgan davlat vujudga keldi. Sohibqiron soʻnggi yillarda Eron, Iroq, Kavkazorti mamlakatlari, Hindiston, Oltin Oʻrda va Turkiya bilan boʻlgan janglarda gʻolib chiqib, saltanat hududini sharqda Xitoy devoriga qadar, gʻarbda – Oʻrta yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi.
Temur faoliyatida muayyan siyosiy yoʻl – mayda feodal hukmronligini tugatish, muhim xalkaro karvon yoʻllarida ustunlik qilib turgan Oltin Oʻrda, Eron va boshqa mamlakatlarning raqobatini yengib, Movarounnahrning siyosiy-iqtisodiy quvvatini taʼminlay oladigan markazlashgan davlat tashkil etish edi. Amir Temur avvalambor mamlakatda davlat tizimini mustahkamlash, boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilikni kuchaytirish, savdo-sotiq, hunarmandchilikni kengaytirishga imkoniyat yaratish, soliqlarni tartibga solish, mamlakat himoyasini taʼminlash yoʻlida qoʻshinning qudratini oshirish kabilarga katta eʼtibor berdi.
Amir Temurning har bir harbiy yurishiga turtki boʻlarlik sabab bor edi. Bu sabablar – oʻz davlatining chegaralarini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish, karvon yoʻllarini turli yoʻltoʻsarlardan tozalash, xiyonatchi, sotqin, addamchilarni jazolash, boʻysunmaganlarni itoat ettirish, oʻzining siyosiy taʼsirini kengaytirish kabilardan iborat boʻlganligini tarixiy manbalardan bilib olish mumkin. Masalan, Amir Temurning Toʻxtamishxonga qarshi yurishini olsak, Temur Toʻxtamishxonga koʻp iltifotlar, yordamlar koʻrsatib, 1379 yilda Oʻrusxonni yengib, Oq Oʻrda taxtiga Toʻxtamishxonni oʻtqazgan edi. Ammo Toʻxtamishxon Amir Temurning umidlarini puchga chiqardi.
U Movarounahrga bir necha bor talonchilik niyatida bostirib kirganidan soʻng, Temurda ham unga qarshi kurashish majburiyati vujudga keldi va 1395 yil 15 aprelda Qunduzchada Amir Temur bilan Toʻxtamishxon oʻrtasida hal qiluvchi hayot-mamot jangi boshlandi. Jang faqat Toʻxtamishxonning taqdirini hal qilib qoʻyaqolmay, balki butun Oltin Oʻrda taqdirini ham hal qildi.
Tarix Temur zimmasiga Oltin Oʻrdadek qudratli moʻgʻul imperiyasining asosini yemirishdek ulkan vazifani qoʻygan ekan, Sohibqiron bu vazifani ham buyuk jasorat bilan ado etib, Rus knyazliklari va Sharqiy Ovroʻpo xalqlarini moʻgʻullar asoratidan xalos boʻlishlariga yoʻl ochib berdi. Yirik rus olimi A. Yu. Yakubovskiy: “Temurning Toʻxtamish ustidan qozongan bu gʻalabasi nafaqat Markaziy Osiyo va Sharqiy Ovroʻpo, balki Rusiya uchun ham katta ahamiyatga molik boʻldi”, deb yozdi.
Temur davlatni boshqarishga katta eʼtibor berib, yangi davlat tizimi boʻyicha Devoni buzrugdan tashqari, har bir viloyatda Devon deb ataluvchi boshqarma tuzib, bu boshqarmalar soliq yigʻish, tartib saqlash, ijtimoiy binolar – bozorlar, hammomlar, yoʻllar, sugʻarish tarmoqlariga qarab turish va aholining xulqiy-axloqiy harakatlarini nazorat ostiga olish kabi ishlar bilan shugʻullangan. Har bir Devonda kirim va chiqimlarni hisobga olish, qayd etish turk-oʻzbek va fors-tojik tillarida olib borilgan.
Temur tarixchilar tasviricha, oʻrta asrning atoqli davlat va harbiy arboblaridan boʻlib, Ovroʻpo olimlari oʻz asarlarida uning salbiy tomonlari bilan birga muhim fazilatlarini ham taʼkidlab oʻtganlar. Nemis olimi F. Shlosser oʻzining “Jahon tarixi” (Sh-tom) asarida: “Baxtiyor jangchi, jahongir, uzoq Sharqda qonunshunos boʻlish bilan birga oʻzida, Osiyoda kam uchraydigan taktik va strategik bilimlarni ifodaladi”, deb yozsa, atoqli nemis olimi va tarixshunosi M. Veber: “Temur oʻz dushmanlariga nisbatan juda berahm edi, lekin sarkardalik, davlatni boshqarish va qonunchilik sohasida buyuk talantga ega edi”, deb taʼriflaydi. Shuningdek, “Tuzuki Timur” – “Temur tuzuklari”da ham Temurning jamiyatga, ijtimoiy-siyosiy hayotga qarashi, birlashgan qudratli feodal davlatning siyosiy va axloqiy qoidalari haqida gap boradi.
“Temur tuzuklari”da davlat tizimi, davlatdagi turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, davlatni boshqarishga asos boʻlgan qoidalar, qoʻshinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, taʼminlash, ragʻbatlantirish, qoʻshin turlarining tutgan oʻrni va oʻzaro munosabati kabi masalalar bayon etiladi. Davlat ishlarini har doim islom va shariat hukmlari asosida olib borilganligi bir necha bor taʼkidlanadi. “Saltanatim martabasini, – deb taʼkidlaydi Amir Temur, – qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon yetkazishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi”. Bundan tashqari, asarda jamiyat ishlaridagi odamlarning 12 toifaga boʻlinishi, saltanatni boshqarishda 12 qoidaga amal qilinganligi, saltanat 4 qatʼiy qoidaga asoslanishi kabi masalalar ham tartib bilan bayon etilgan (“Temur tuzuklari”ga qaralsin. – M. X. ).
Shaharlar va shahar atrofi aholisidan na jon soligʻi va na boj olinardi. Birorta ham askarning doimiy turish uchun shaxsiy kishilar uyini egallashga yoki fuqarolarning molini va boyligini oʻzlashtirib olishga haqqi yoʻq edi. “Barcha ishlarda, – degan edi Amir Temur, – bu ishlar qaysi oʻlka xalqiga taalluqli boʻlmasin, hokimlarning adolat tomonida qattiq turishlariga buyruq berilgan. Qashshoqlikni tugatish maqsadida boshpanalar tashkil qildimki, kambagʻallar ulardan nafaqa olib turardilar”. Bundan tashqari, Temurning soliqlar haqidagi qoidasi juda muhim ahamiyatga egadir. Temur yozadi: “Soliqlar yigʻishda xalqni ogʻir ahvolga solishdan yoki oʻlkani kashshoqlikka tushirib qoʻyishdan ehtiyot boʻlish zarur. Negaki, xalqni xonavayron qilish davlat xazinasining kambagʻallashishiga olib keladi, xazinaning bequvvatligi harbiy kuchlarning tarqoqlanishiga, bu esa, oʻz navbatida hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab boʻladi…”
Amir Temur harbiy salohiyatda jahonga mashhur sarkarda va oʻz zamonasining eng qudratli hukmdori boʻlishi bilan birga, uning harbiy nazariyasi va amaliy harbiy sanʼati, taktika va strategiyasi, armiya tarkibining tuzilishi oʻz davrining nodir moʻjizasi edi. Uning harbiy mahorati turli yoʻnalishlarda – askariy qismlarni qayta tashkil etishda, dushmanga hujum qilishda turli-tuman usullardan foydalanishda, hujumdan oldin dushman joylashgan yerlarni oʻbdon oʻrganib chiqishda, ham lashkarboshi – qoʻmondonliqda namoyon boʻldi.
Adabiyotlarda Temur haqida bir-biriga zid fikrlar mavjud boʻlib keldi, lekin ularning koʻplarida Temur faoliyatiga oʻz davri nuqtai nazaridan emas, balki mualliflar yashagan davr nuqtai nazari asosida baho berilgan.
“Temur tuzuklari”ni inglizchadan fransuz tiliga tarjima qilib, 1787 yilda nashr etgan fransuz olimi Lyangle Temur haqida shunday yozadi: “Temur xon (Temur) siyosiy va harbiy taktika haqida risola yozgan va oʻz avlodlariga juda dono tizim qoddirgan. Biz buni tasavvur ham qilmagan edik va uning urushlarini bosqinchilik va talon-taroj qilish deb baholab kelgan edik. Deyarli yengib boʻlmaydigan ikki toʻsiq – bizdagi taassub hamda tarixiy nohaqlik Temurni bilishimizga va toʻgʻri baholashimizga xalaqit berib keldi”.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Amir Temur davlat, jamiyat hayotida boʻlib oʻtadigan har bir muhim reja oldidan kengash oʻtkazar va bu kengashga nafaqat davlat arboblari, sarkardalar, temurzodalarni, balki sayyidlar, shayxlar, ilm-fan arboblarini ham taklif etgan va oʻzining har bir yurish oldidan bunday kengashlarni oʻtkazib turishni odat tusiga kiritgan.
Amir Temurning obodonchilik ishlari toʻgʻrisida taniqli sharqshunos olim, akademik V. V. Bartold: “Temur goʻyo Samarqanddan boshqa hamma yerda vayrongarchilik bilan shugʻullangan, degan fikr mubolagʻali: u Kobul vodiysi va Mugʻan choʻli kabi Samarqanddan uzoq boʻlgan joylarda ulkan sugʻorish ishlari olib bordi”, degan tarixiy jihatdan gʻoyat qimmatli fikrni aytib oʻtgan. Bu fikrga muqoyasa qilib, Ali Yazdiyning yozishmasini keltirish maqsadga muvofiqdir. “Bir yil mobaynida, – deb yozadi oʻrta asr tarixchisi Ali Yazdiy, – Bagʻdod shahrini tiklash haqida buyruq berildi, toki shahar yana oʻz qiyofasini olsin, unda hunarmandchilik rivojlansin, tevarak-atrofida dehqonchilik oʻssin, savdo-sotiq va madaniy hayot keng tarmoq yoysin, islom bilimi ilgarigiday yoyilsin. Bu vazifa amirzoda Abu Bakirga topshirildi”.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Movarounnahrda moʻgʻullarning qariyb 140 yillik hukmronlik davrida bironta ham koʻzga koʻrinarli qurilish yoki suv inshootlari vujudga kelmagan. Amir Temurning tashabbusi bilan 1365 yilda Qarshi, 1370 yilda Samarqand, 1380 yilda esa Keshning atrofi qaytadan mudofaa devorlari bilan oʻralgan. Shuningdek, xalq farovonligiyu, mamlakat obodonchiligi yoʻlida suv omborlari, toʻgʻonlar qurishga, ariqlar qazishga, yangi yerlarni oʻzlashtirishga alohida eʼtibor berilgan. Mamlakatning iqtisodiy ahvolini koʻtarishda savdoning ahamiyati beqiyos ekanligini tushungan hukmdor bozorlar, rastalar va timlar, turli-tuman ustaxonalar barpo etib, xalq hunarmandchilik sanʼatini taraqqiy ettirgan.
Amir Temur ilm-fan, maʼnaviyat ahliga eʼtibor, mehribonlik koʻrsatib, ulardan jamiyat madaniy hayotida foydalanishga intilar ekan, tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni oʻziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga toʻla izzat-hurmat koʻrsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam koʻrardi. Ularning har birini oʻz martabasiga qoʻyib, izzatu ikromini unga izhor qilardi”.
Amir Temur saroyida koʻplab ilm-maʼrifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nuʼmoniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqironning marhamatidan bahramand boʻlib, uning xizmatida boʻldilar. Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, meʼmorchilik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta eʼtibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini koʻrgan kishilarga ishonch biddirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda isteʼdodli boʻlgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun koʻpincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga gʻamxoʻrlik qilishga asosiy eʼtiborini berardi”.
Amir Temur oʻzini mohir diplomat sifatida ham namoyon qilaolgan. Uning Vizantiya, Venetsiya, Genuya, Ispaniya, Fransiya, Angliya, boshqacha aytganda, oʻsha vaqtda koʻproq maʼlum va mashhur boʻlgan Ovroʻpo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar oʻrnatish va uni mustahkamlash sohasidagi faoliyatini fransuz va ingliz qirollarining unga yozgan maktublari bilan dalillash mumkin.
Manbalarda sohibqiron Amir Temur – yorqin xislatlarga ega ekanligi, xotirasi oʻtkir, shijoatli va qatʼiyatli, birsoʻzli, zoʻr ruhiy qudrat egasi, salobatli inson sifatida taʼriflanadi.
Amir Temurning Osiyo, umuman jahon tarixidagi xizmatlari va tutgan oʻrni haqida xulosa qilib, quyidagilarni taʼkidlab oʻtish joizdir: Amir Temur Markaziy Osiyoni moʻgʻullar iskanjasidan ozod etishda barcha yurtparvar kuchlarni uyushtirib, ularni mustaqillik uchun kurashga yoʻnaltirgan yetakchi rahbar, yerli xalqning bu sohadagi orzu-umidlarini roʻyobga chiqishiga ulkan hissa qoʻshgan sarkardadir; Amir Temur koʻp yillar davomida mustamlaka boʻlib, chet ellik hukmdorlarga boʻysunib kelgan Movarounnahr va Xurosonda oʻz yurti, xalqining kuch-qudratiga tayangan mustaqil va yagona davlat barpo etaodsi; Amir Temur ham oʻz davriga xos boʻlgan turli sabablarga binoan boshqa mamlakatlarga yurishlar qildi va Ovroʻpo mamlakatlarining rivojlanishini tezlashishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Rossiyani Oltin Oʻrda zulmidan, Ovroʻponi Turkiya tajavvuzidan saqlab qoldi; Amir Temur oʻz siyosatida madaniyat, obodonchilik, hunarmandchilik homiysi boʻlib tanildi. Oʻz siyosati bilan madaniy yuksalishga va turkiy tilning rivojiga keng yoʻl ochib, nafaqat Markaziy Osiyoning madaniy-maʼnaviy olamida, balki butun musulmon olami tarixida oʻchmas iz qoldirdi va soʻnggi rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi; Amir Temur qator Sharq mamlakatlari va ayniqsa, Ovroʻpo mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar oʻrnatib, ular bilan turli savdo-sotiq, madaniy aloqalarga yanada keng yoʻl ochib berdi.
Sobiq sovetlar mafkurasi, proletar dunyoqarashi hukmronlik qilgan sharoitda Temur faoliyatiga nisbatan salbiy munosabatda boʻlindi, oʻsha davr adabiyotlarida har doim qoralanib kelindi. Lekin mafkuraviy toʻsiq, taqiqlashlarga qaramay ayrim ilmiy asarlarda Temur haqida baʼzi toʻgʻri fikrlar ham bildirildi.
Bu jihatdan Oʻzbekistonda 1968 yili akademik I. M. Moʻminovning “Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida tutgan oʻrni va roli” risolasining nashr etilishi muhim voqea boʻldi. Risola Temur shaxsiga biryoqlamali qarashlarga qarshi yozilgan ilmiy asar sifatidagi dastlabki urinish edi. Lekin bu qadam Moskvadagi yuqori idoralar va matbuot organlari tomonidan qoralandi va asar muallifi benihoya aziyatlar chekdi.
Oʻzbekistonning mustaqillikka erishuvi, eski mafkura siquvidan qutulish, tariximizga toʻgʻri munosabatda boʻlish imkonini yaratdi. Soʻnggi yillarda Amir Temur va uning davrini oʻrganishga bagʻishlangan qator manbalar, kitoblar, jumladan, Boʻriboy Ahmedovning Amir Temur haqidagi katta roman-xronikasi nashr etildi. Oʻzbekiston Prezidentining farmoni bilan 1996 yil – Amir Temur yili deb eʼlon etilishi va bu sana jahon miqyosida nishonlanishi Amir Temur nomi oqlanib, oʻzbek xalqiga butunlay qaytganiga yorqin dalildir.
Do'stlaringiz bilan baham: |