32.Abu Said davrida Movarounnahr va Xuroson
1451 yili yozida Samarqand yaqinidagi Sheroz qishlog‘idagi jangda Mirzo Abdullo o‘ldirilib, taxt Sulton Abusaid Mirzo (1451-1469) qo‘liga o‘tdi. Temuriylar davlatining Xuroson yerlari
Shohruxning boshqa bir nevarasi, Boysunqur Mirzoning o‘g‘li Abulqosim Bobur qo‘lida saqlanib qolib, u to vafoti (1457) ga qadar Xuroson taxtini boshqarib turdi. Abulqosim Bobur Temuriylar saltanatini birlashtirishga, o‘zaro fitna, o‘zboshimchaliklarga chek qo‘yishga ham harakat qildi. Lekin, 1454 yili uning Samarqandga yurishi muvaffaqiyatsiz tugab, 40 kunlik shahar qamalidan keyin u yana orqaga qaytishga majbur bo‘lgan edi. 1456 yili u Xuroson davlati markazini Mashhadga ko‘chiradi. 1457 yili Abulqosim Bobur Mashhadda vafot etgandan so‘ng, Xuroson yerlari uchun kurash yana avj oldi. Bunday vaziyatdan ustalik bilan foydalangan Movarounnahr hukmdori Sulton Abusaid 1457 yili Xurosonga yurish qilib Hirotni egallaydi. Shu tariqa Abusaid Temuriylar davlatining ikkala qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Sulton Abusaid Mirzoning (1451-1469) hukmronlik davrida davlat hududlari kengayib, uning chegaralari Sharqiy Turkistondan to Iroqqacha, Sirdaryodan to Hindiston chegaralarigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga oldi. O‘z hukmronligi davrida Abusaid doimiy ravishda hokimiyatini mustahkamlashga, isyonkor amaldor-noiblarni jazolashga asosiy e’tiborini qaratdi. Shuningdek, u birmuncha iqtisodiy va madaniy tadbirlar o‘tkazishga ham urindi. Lekin, uning bu sohadagi ishlari o‘zining ijobiy natijasini bermadi, ma’rifat va madaniyat Mirzo Ulug‘bek davridek yuqori darajaga chiqa olmadi. Abusaid o‘z hokimiyatini mustahkamlash yo‘lida ko‘plab qirg‘in-barot ishlarini amalga oshirdi, ko‘zga ko‘ringan obro‘li shaxslar turli jazolarga mubtalo etildi. Sulton Abusaid Mirzo Xuroson, Eron, Xorazmdagi siyosiy tarqoqlikni ham butkul tugata olmadi. Hirot taxtiga da’vogarlardan biri Umarshayxning evarasi, yosh temuriy shahzoda Sulton Husayn (1438-1506) Abulqosim Bobur vafotidan (1457 y.) keyin Xuroson mulki uchun o‘z harakatlarini boshlab yuborgan edi. U XV asrning 60-yillaridan katta harbiy otryadga bosh bo‘lib, 1461-1464 yillarda Hirot, Obivard, Niso, Mashhad va Xorazmda hokimiyat uchun goh muvaffaqiyatli, goho muvaffaqiyatsiz kurashlarni olib bordi. 1469 yili erta bahorda temuriylarga avvaldan tegishli bo‘lgan G‘arbiy Eron yerlarini qaytarib olish maqsadida Sulton Abusaid Mirzo Oqqo‘yunlu
turkmanlariga qarshi yurishni boshlaydi. Biroq, Oqqo‘yunlular hokimi Uzun Hasan (1453-1478) tomonidan Ozarbayjonning Mug‘on dashtida bo‘lgan jang vaqtida o‘ldiriladi. Abusaidning o‘g‘illari Sulton Husayn bilan toju-taxt uchun kurashishga botina olmay, Movarounnahrga qaytib ketdilar. Sulton Husayn esa 1469 yil 24 martda tantanali ravishda Hirotga kirib keldi. Natijada Temuriylar saltanati yana ikki qism: Xuroson va Movarounnahrga bo‘linib ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |