shayxulislom – mamlakat va har bir tobe hududlarda islom ahlini nojo‘ya hatti-harakatlardan saqlash, nazorat qilish, ularni savob ishlarga undash bo‘yicha mas’ul shaxs;
sadrlar – ular asosan sayyidlardan chiqqan shaxslardan bo‘lib, ularning muhim vazifalaridan biri vaqf mulklarini nazorat qilish bo‘lgan va suyurg‘olni belgilab turganlar. Ular ahli islomga boshchilik qilganlar;
mutavalliy – sadrlar tomonidan vaqflarni boshqarish hamda nazorat qilish uchun tayinlangan shaxs;
qozi – har bir shahar va viloyatda, devonning turli jabhalarida qonunni nazorat qilgan. Qozilar darajasi va martabasiga ko‘ra birbirlaridan farqlangan;
mudarris – diniy masalalar, shariat, tafsif, hadis va fiqh bo‘yicha dars beruvchi shaxs;
muxtasib – bozorlarda tarozi, narx-navoni nazorat qiluvchi mas’ul shaxs. Yuqoridagi qozilar va sadrlar faqat Sohibqironning o‘ziga hisobot berib turganlar. «Tuzuklar»da Amir Temur tomonidan qat’iy tartiblar va qonunlar bayon etilgan bo‘lib, bunda quyidagicha ma’lumot beriladi: davlat xazinachilari bo‘lmish moliya vaziri o‘z ishiga xiyonat qilib, boylikning bir
qismini o‘zlashtirib olgan bo‘lsa, avvalo, tekshirib, agar o‘zlashtirib olingan mablag‘ o‘ziga tegishli ulufa miqdoriga teng bo‘lsa, mazkur mablag‘ unga hadya etilgan. Agar o‘zlashtirilgan mablag‘ maoshdan ikki barobar ortiq bo‘lsa, ortig‘i olingan maoshidan ushlab qolingan. Agar maoshidan uch barobar ko‘p bo‘lsa, saltanat xazinasiga tortiq sifatida olingan.
23.Amir Temur davrida yer egaligi: turlari, shakli va imtiyozlari.
Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahr va Xurosonda yer va mulkchilikning asosan to‘rtta shakli: mulki devoniy – davlat yerlari, mulk –xususiy yerlar, mulki vaqf – madrasa va masjidlar tasarrufidagi yerlar va jamoa yerlari bo‘lgan. Dehqonchilik qilinadigan yerlarning katta qismi davlat yerlari hisoblanib, bu yerlarga davlat hukmdori egalik qilib, bu davrda
davlat yerlarini suyurg‘ol tarzida in’om qilish keng tarqaladi. Suyurg‘ol yerlari maydoni, sharti hamda yer va yorliqqa ega bo‘lgan shaxslarning tabaqasi jihatidan turlicha bo‘lgan. An’ana bo‘yicha, shahar va viloyatlardan tortib, to alohida qishloqqacha bo‘lgan mulk suyurg‘ol shaklida in’om etilgan. Viloyatlar va shaharlar ko‘pincha sulola vakillari, yirik harbiy va davlat mansabdorlariga berilgan hamda bu yerlar ko‘pincha avloddan avlodga meros
bo‘lib qolgan. Suyurg‘ol egasi o‘z mulkida amaldorlarni mansabga tayinlash, soliqlar va turli to‘lovlarni to‘plash hamda aybdorlarni jazolash huquqiga ega bo‘lgan. Shuningdek, huquqlari cheklangan mayda suyurg‘ol egalari ham bo‘lgan. Dehqonchilik yerlarining boshqa kattagina qismi mulk maqomidagi xususiy yerlardan iborat bo‘lgan. Mulk yerlarining katta qismi ma’muriy, harbiy va diniy arboblarning yerlari bo‘lgan. Mehnatkash ziroatchilarning mayda yerlari ham mulk hisoblangan. Bu davrda bosh hukmdor tomonidan yirik mulk egalariga biror xizmati uchun tarxon yorlig‘i berilib, bu yorliqni olganlar barcha soliq, to‘lov va majburiyatlardan ozod qilingan. Tarxonlik yorlig‘i, odatda, amir, bek, saroy amaldorlari, sayidlar kabi yuqori tabaqa vakillariga berilgan hamda ular iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta mavqega ega bo‘lganlar Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahr va
Xurosonda masjid, madrasa, xonaqoh, maqbaralar barpo etilib ularning barchasiga katta yer maydonlari, sug‘orish tarmoqlari, do‘konlar, korxonalar, tegirmonlar, objuvozlar, karvonsaroylar berilgan bo‘lib, ular mulki vaqf deb atalgan. Bu mulklardan tushgan daromad masjid, madrasa, shifoxona va xonaqohlarning ta’mirlash va jihozi, shuningdek, mutavalli, mudarris, tabib va talabalarga beriladigan maosh, musofirxona va shifoxonalarning kundalik
xarajatlari (oziq-ovqat, yoqilg‘i va yoritg‘ichlar) uchun sarf etilgan. Bu davrda dehqonchilik yerlarining ma’lum bir kichikroq qismi qishloq aholisining umumiy tasarrufida bo‘lgan va bunday yerlar jamoa mulki hisoblangan. Jamoa yerlari ko‘proq tog‘ oldi tumanlarining suvga tanqis yerlarida, adirlardagi suv chiqmaydigan yerlarda joylashgan. Bunday yerlar
qishloq jamoalarining kuchi bilan mayda suv omborlari (jilg‘alar yordamida) yoki korizlar qazib, mashaqqatli mehnat tufayli o‘zlashtirilgan hududlarda paydo bo‘lgan hamda jamoa mulkiga aylangan. Ular ma’lum muddat soliqlardan ozod etilgan. Temuriylar davrida Movarounnahr va Xurosonda ekin maydonlariga ishlov beruvchilar muzoriy (ziroatchi) deb atalgan bo‘lib, ular qishloqning mehnatkash tabaqasiga mansub bo‘lgan va quyidagi to‘rtta guruhga bo‘lingan: 1.Davlat yerlarida mehnat qiluvchi ziroatchilar; 2. Mulkdorlarning yerlarida ishlovchi ziroatchilar; 3. O‘z yerlariga ega bo‘lgan dehqonlar; 4. Vaqf yerlarda
mehnat qiluvchi ziroatchilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |