Bog'liq Amir Temur davrida qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va agrar munosabatlar
Amir Temur davrida qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va agrar munosabatlar Amir Temur tomonidan kuchli, markazlashgan davlat barpo etilishi bilan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun sa’y-harakatlar kuchaydi. Amir Temur va uning vorislari otliq qo‘shin o‘tish chog‘ida dehqonlarning yerlarini toptash va ekinlar yakson bo‘lishini oldini olish uchun qator chora-tadbirlar ko‘rganlar. Amir Temur farmoyishiga ko‘ra ekinzorlar yaqiniga o‘tov o‘rnatish ta’qiqlangan. Odatda ekin yetishtirish uchun yaroqli bo‘lgan yerlar bekor yotmagan. Abdurazzoq Samarqandiy XV asr birinchi yarmidagi dehqonchilik haqida so‘z yuritar ekan, dehqonlarni davlat amaldorlari va qo‘shin boshliqlari tomonidan zo‘ravonlik va adolatsizlikdan asrash borasida hukmdorlarning qator farmoyishlari e’lon qilinganligini ta’kidlaydi. Amir Temur farmoyishiga ko‘ra yerlarni sug‘orilishi bilan bog‘liq bir qator ishlar amalga oshirilgan. Uning topshirig‘i bilan Murg‘ob vohasida ahamiyatga molik sug‘orish ishlari bajarilgan. Eski Angor kanalining tog‘ qismi qazdirilgan. G‘iyosiddin Ali Amir Temur Hindistondan qaytayotganida Kobulda to‘xtagani hamda shu yerda Sohibqiron tomonidan katta suv kanali barpo etilgan haqida xabar beradi. Amir Temur davrida Samarqand va Shahrisabzning suv ta’minoti yaxshilandi, deyarli har bir hovlidan ariq orqali suv o‘tishi yo‘lga qo‘yildi. Daryolardan uzoqda joylashgan yerlarda sug‘orish korizlar orqali amalga oshirilgan. Sug‘orish kanallari saltanatning boshqa hududlarida ham amalga oshirilgan. Movarounnahrning unumdor yerlarida shu vaqtda donli ekinlar ichida bug‘doy ko‘p ekilgan. Bug‘doyning turli navlari, xususan, gandumi obi (sug‘orma bug‘doy), gandumi safidcha (oq bug‘doy), gandumi surxoki (qizil bug‘doy), gandumi surxoki bahoriy (bahorgi qizil bug‘doy), tuya tishi navlari ayniqsa mashhur bo‘lgan. Zarafshon, Qashqadaryo, Toshkent vohalari, Farg‘ona vodiysi dehqonchilik markazlari bo‘lgan. Shuningdek, Termiz ham donli ekinlar
yetishtiriladigan asosiy joylardan biri bo‘lgan. Termizda yetishtirilgan bug‘doy Amudaryo orqali Xorazmga ham yuborilgan. Xorazmda donli ekinlar Vazir degan joyning janubiy tomonlarida yetishtirilgan. Bu davrda yerlarning bir qismiga yem-xashak yetishtirish maqsadida beda, shuningdek arpa va tariq ham ekilgan. Mosh va no‘xot barcha hududlarda yetishtirilgan. Shubhasiz, O‘rta Osiyo xalqlari oshxonasida asosiy o‘rin egallagan guruch ko‘p joylarda yetishtirilgan. Tarixiy manbalarda Samarqand tomonlarda guruch “benihoya ko‘p”, deya ta’rif etilgan edi. Paxta Zarafshon vohasi, Balx atroflari, Shahrisabz yaqinida va boshqa yerlarda ham yetishtirilgan. Yirik shaharlarda yon-atroflardan keltirilgan paxtani saqlash
va sotish uchun maxsus binolar qurilgan. Amir Temur davridan boshlab Movarounnahrda ilk bora zig‘ir ekish ham boshlandi. Tut odatda sug‘orish ariqlari, kanallar bo‘yida yetishtirilgan, mevasi quritilgan holda ancha mashhur bo‘lib, uni qishda ko‘p iste’mol qilishgan. Tutni aksariyat pilla qurti yetishtirish maqsadida ekishar edi. Pilla xom ashyosi asosan shaharga
keltirilib, undan turli matolar to‘qilgan. Samarqand va Buxoroda pilla sotadigan do‘konlar ham bo‘lgan. Joylarda bo‘yoq olish maqsadida ro‘yan o‘simligi ham yetishtirilgan. Undan asosan qizil va sariq ranglar olinar edi.