Amerika Qo‘shma Shtatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta kompaniyalarini uchta yirik guruhga bo‘lish mumkin: — hayotni sug‘urta qilishga ixtisoslashgan kompaniyalar; — umumiy sug‘urta operatsiyalarini (hayotni sug‘urta qilishdan tashqari) amalga oshiruvchi kompaniyalar; — o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlari.
Hayotni sug‘urtalashga ixtisoslashgan Amerikaning eng yirik kompaniyalarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular bugungi kunda ko‘p ming sonli Pensiya fondlariga tegishli yuz milliardlab mablag‘larni boshqaradilar. Ayrim kompaniyalar aktivining 30— 40 foizini, aynan Pensiya fondlariga tegishli mablag‘lar tashkil etadi. Bunda sug‘urta monopoliyalarining asosiy vazifasi Pensiya fondlari tomonidan ishonchli boshqaruvga topshirilgan mablag‘larni oqilona investitsion siyosat yuritish orqali ko‘paytirishdan va ishonchli saqlashdan iborat. Sug‘urta kompaniyalari bunday xizmatlari uchun Pensiya fondlaridan tegishli vositachilik haqini oladilar. Bu xizmat haqi sug‘urta kompaniyalariga millionlab daromad keltiradi. Ammo, bu asosiysi emas. Gap shundaki, sug‘urta kompaniyalari ixtiyoridagi katta miqdordagi investitsion resurslar, ularning sanoat korxonalari ustidan nazorat o‘rnatishlari uchun imkoniyat yaratadi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, Amerikaning eng yirik 100 ta sanoat korporatsiyalaridan 27 tasida sug‘urta kompaniyalarining vakillari Direktorlar kengashini boshqargan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha sug‘urta kompaniyalari faqat tijorat banklari va investitsiya kompaniyalaridan keyingi o‘rinda turadi. Umumiy sug‘urta operatsiyalarini amalga oshiruvchi kompaniyalar, aytarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha hayotni sug‘urtalashga ixtisoslashgan kompaniyalardan keyin turadi. Ammo yig‘ib olinadigan sug‘urta mukofotlari miqdori va aktivining o‘sishi bo‘yicha umumiy sug‘urta operatsiyalarini amalga oshiruvchi kompaniyalar biroz ilgari harakat qilishmoqda. Buning asosiy sababi shundaki, keyingi yillarda bu sug‘urta turlariga bo‘lgan talab sezilarli ravishda kuchaydi. Mazkur toifaga mansub sug‘urtalovchilar mijozlar sonini oshirish maqsadida muntazam yangi sug‘urta xizmatlarini taklif etmoqdalar. Jumladan, advokatlarning, shifokorlarning va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi yirik sug‘urta kompaniyalariga umumiy tavsifnoma me’morlarning uchinchi shaxsga zarar keltirish bo‘yicha kasbiy javobgarligini sug‘urta qilish yuqoridagi fikrimizning yaqqol isbotidir. Hozirgi paytda, birgina «San Paul kompani» sug‘urta kompaniyasida 65 mingdan ortiq shifokor o‘z javobgarligini sug‘urta qilishgan. Ushbu sug‘urta turi bo‘yicha to‘plangan sug‘urta mukofotlari miqdori yalpi tushumlarning 15 foiziga yaqinini tashkil etmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlarining sug‘urta tizimida «M’yuchuels» deb ataluvchi o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlari o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Agar aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasining egalari aksiyadorlar bo‘lsa, «M’yuchuels» tipidagi o‘zaro sug‘urtalash jamiyatining egalari — bu shu jamiyatda o‘z hayoti yoki molmulkini yoxud javobgarligini sug‘urta qilgan jismoniy va yuridik shaxslardir.