Bevosita energiya ta’minoti tashkilotlari tarmoqlaridan va boshqa tashkilotlar yoki energiya ta’minoti tashkiloti abonentlarining tarmoqlaridan uzatilayotgan elektr energiyasi uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan amaldagi elektr energiyasi tariflari asosida hisobga olish priborlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Tarif guruhlari bo‘yicha elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish uchun iste’molchilarni taqsimlash Elektr va issiqlik energiyasi iste’molchilarining tarif guruhlari to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.
Elektr energiyasi tariflari bir stavkali, ikki stavkali va tabaqalashtirilgan stavkalarga bo‘linadi.
Bir stavkali tarif iste’molchiga berilgan har bir kVt soat elektr energiyasi uchun haq to‘lashdan iboratdir.
Ikki stavkali tarif energiya tizimining eng katta yuklamasida (yoki ulangan quvvatida) ishtirok etuvchi tomonidan, avvaldan buyurtma berilgan eng katta quvvatning har bir kVti uchun yillik haq to‘lashdan va uzatilgan elektr energiyaning har kVtChs ga haq to‘lashdan iborat bo‘ladi.
Tabaqalashtirilgan tarif sutkaning quyidagi davrlarida iste’mol qilingan har bir kVtChs elektr energiyasi uchun haq to‘lashdan iborat bo‘ladi:
yarim tig‘iz davr — asosiy tarif (sutkaning yorug‘ vaqti);
tig‘iz davr — eng yuqori tarif (energiya tizimining eng katta yuklamali vaqti — ertalabki va kechki “eng katta miqdor”);
tungi davr — imtiyozli tarif (sutkaning qorong‘i vaqti).
Asosiy tarif (T)ning miqdori belgilangan tartibda aniqlanadi va tasdiqlanadi.
750 kiloVoltAmper (kVA) va undan yuqori elektr quvvati bilan ulangan sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar ikki stavkali tarif bo‘yicha, boshqa barcha elektr energiya iste’molchilari, ulangan quvvatlaridan qat’i nazar, bir stavkali tarif bo‘yicha hisob-kitob qiladilar.
Bir necha tarif guruhlariga ega bo‘lgan iste’molchilar bilan hisob-kitoblar har bir tarif guruhiga o‘rnatilgan hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Uzil-kesil hisob-kitob qilish tariflarga va shartnomada qayd etilgan belgilangan tartibga muvofiq elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Berilgan elektr energiyasi uchun iste’molchi bilan hisob-kitoblar energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan yozib beriladigan to‘lov hujjatlari bo‘yicha, beriladigan elektr energiyasi qiymatining shartnomadagi miqdoridan kamida 30 foizini navbatdagi oy uchun oldindan to‘lagan holda amalga oshiriladi (aholidan tashqari), iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun yakuniy hisob-kitoblar hisob-kitob oyi tugaganidan so‘ng 30 kun mobaynida amalga oshiriladi.
Iste’molchi (elektr energiyani uzatishda maxsus tartib o‘rnatilgan iste’molchilardan tashqari) tomonidan hisob-kitob oyi tugaganidan so‘ng 30 kun mobaynida to‘lov hujjatlari bo‘yicha haq to‘lanmagan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti elektr energiyasi berishni to‘xtatadi. Bunda energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan energiya tizimi tarmoqlariga ulash va elektr energiyasi berish bular bilan bog‘liq xarajatlarni undirishni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Energiya ta’minoti tashkiloti vakili abonent bilan birgalikda har oyda hisobga olish priborlaridagi ko‘rsatkichlarni yozib oladi va hisobot oyidagi energiya sarfini aniqlaydi.
Abonent tomonidan hisobga olish priborlaridagi ko‘rsatkichlar yozib olinmaganda va elektr energiyasi iste’moli to‘g‘risida hisobot taqdim etilmagan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti hisob-kitobni elektr iste’molining shartnomadagi miqdori bo‘yicha amalga oshiradi, keyinchalik energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan abonent bilan birgalikda aniqlanadigan amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qiladi.
Energiya ta’minoti shartnomasi bo‘yicha maishiy iste’mol uchun energiyadan foydalanuvchi fuqaro abonent sifatida ish ko‘rgan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti abonentni shartnoma bajarilishi rad etilishidan kamida bir oy oldin ogohlantirish sharti bilan abonent tomonidan foydalanilgan energiya uchun abonent haq to‘lamaganligi sababli shartnomani bajarishni bir tomonlama tartibda rad etishga haqlidir.
To‘lov hujjatida xatolar yoki hisoblagichlar ko‘rsatkichidagi noaniqliklar aniqlangan taqdirda, to‘lovchi bu haqda darhol energiya ta’minoti tashkilotiga xabar berishi kerak.
Energiya ta’minoti tashkiloti to‘lovchi tomonidan ariza berilgan kundan boshlab o‘n sutkadan kechikmay hisob-kitobni tekshirishi, zarur bo‘lganda esa joyning o‘ziga borib hisoblagichlarni tekshirishi hamda tekshirish natijalarini haq to‘lovchiga ma’lum qilishi kerak.
Hisoblagichni tekshirish to‘g‘risida yoki to‘lov hujjatidagi xato to‘g‘risida ariza berilishi to‘lovchini belgilangan muddatda to‘lov hujjati bo‘yicha haq to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.
Elektr energiyasini hisobga olishning hisob-kitob priborlarida qoida buzishlar aniqlangan taqdirda, energiya ta’minoti tashkiloti iste’molchi bilan birgalikda foydalanilgan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilishi kerak.
Agar hisoblagichlardagi chetga chiqishlar mazkur pribor uchun belgilangan aniqlik chegaralaridan ortiq bo‘lmasa, bunday chetga chiqishlar yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan chetga chiqishlar deb hisoblanadi.
Agar tekshirishdan keyin qayta hisob-kitob qilish zarurligi aniqlansa, bunday qayta hisob-kitob qilish energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan elektr energiyasi uchun navbatdagi to‘lov hujjatini yozishda amalga oshiriladi.
Energiya ta’minoti tashkiloti “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasini yozma ravishda xabardor qilib quyidagi hollarda:
hisobga olish priborlarini ishga tushirish sxemasi o‘zgarganda yoki hisoblagichdan tashqari yuklama ulanganda shartnomaga muvofiq abonentni elektr tarmog‘idan uzib qo‘yadi.
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi inspektorlari tomonidan shunga o‘xshash qoida buzilishlari aniqlanganda uning talabi bilan iste’molchi elektr tarmog‘idan uzib qo‘yiladi.
Elektr energiya hisobi abonentning aybisiz vaqtinchalik buzilganda, sarflangan energiya uchun hisob-kitob energiya ta’minoti tashkilotining qarori bo‘yicha, hisobga olish buzilgunga qadar bo‘lgan oldingi oyning o‘rtacha sutkalik sarfi bo‘yicha yoki keyingi davr uchun hisobga olish tiklangandan keyin amalga oshiriladi.
Elektr energiyaning o‘rtacha sutkalik sarfi bo‘yicha hisob-kitob davri bir oydan oshmasligi kerak, shu vaqt ichida hisob-kitob hisobi tiklanishi zarur.
Agar hisob-kitobni hisobga olish priborini obyektiv sabablarga ko‘ra, belgilangan muddatda tiklash imkoniyati bo‘lmasa (tok transformatorining, elektr hisoblagichning yo‘qligi, o‘tib bo‘lmaydigan yo‘llar va shu kabilar tufayli), abonentga berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob tartibi va hisobga olishni tiklash muddati abonent va energiya ta’minoti tashkilotining ikki tomonlama bitimi bilan belgilanadi.
To‘liq yetkazib berilmagan elektr energiyasi miqdori cheklashdan oldingi (ish yoki dam olish sutkalarida) elektr ta’minoti normal bo‘lgan yaqin davrdagi o‘rtacha sutkalik elektr energiyasi iste’moli bilan elektr energiyasi to‘liq berilmagan sutka mobaynidagi haqiqiy iste’mol o‘rtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi.
Barcha iste’molchilarga 1 kVt soat uchun to‘lov iste’molchiga berilgan, balans bo‘yicha mansublik bo‘linish chegarasida o‘rnatilgan hisob-kitob hisoblagichida hisobga olingan aktiv elektr energiyasi uchun belgilanadi.
Hisob-kitob elektr hisoblagichi bo‘linish chegarasida o‘rnatilmagan taqdirda elektr tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasidan elektr hisoblagich o‘rnatilgan joyigacha elektr energiyasi yo‘qotilishi miqdori iste’molchilar bilan birgalikda hisob-kitob yo‘li bilan aniqlanadi va to‘lov uchun iste’molchiga berilgan foydali elektr energiyasi bilan jamlanadi.
Obyektlar boshqa jismoniy yoki yuridik shaxslarga berilgan, sotilgan hollarda iste’molchi, berish yoki sotish vaqtidagi foydalanilgan energiya uchun qarzni albatta to‘lagan holda, energiya ta’minoti tashkiloti bilan o‘zaro hisob-kitobni solishtirishi shart.
Abonent egallab turgan binodan ketgan taqdirda bu haqda energiya ta’minoti tashkilotini xabardor qilishi va ketish kunigacha elektr energiya uchun to‘liq hisob-kitob qilishi shart, shundan keyin energiya ta’minoti tashkiloti obyektga elektr energiyasi berishni to‘xtatadi. Yangi abonentni rasmiylashtirish va elektr qurilmalarini elektr tarmog‘iga ulash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar tomonlar fors-major holatlari oqibatida o‘z majburiyatlarini to‘liq yoki qisman bajarmasa tomonlardan hech biri buning uchun javob bermaydi.
Agar ushbu Qoidalarning yuqoridagi bandida ko‘rsatilgan fors-major holatlari majburiyatlarning shartnomada belgilangan muddatlarda bajarilishiga ta’sir qilsa, u holda ushbu muddatlar fors-major holatlarning amal qilish vaqtiga uzaytiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr qurilmalari energiya ta’minoti tashkilotining elektr tarmoqlariga energiya ta’minoti tashkilotining tegishli ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan ulangan taqdirda elektr qurilmalari elektr tarmog‘idan darhol uzib qo‘yiladi, iste’molchidan esa ruxsatsiz foydalanilgan energiya qiymati oxirgi tekshirish kunidan boshlab (lekin da’vo muddatidan ko‘p emas) o‘tgan vaqt mobaynida sutkaning 24 soati uchun belgilangan quvvat bo‘yicha ulangan elektr uskunalarining ishlashi hisobidan undiriladi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, energiya ta’minoti tashkilotining uch fazali tarmoqdan foydalanish bo‘yicha ruxsatiga ega bo‘lgan iste’molchilar elektr energiya uchun iste’molchilarning tegishli guruhlariga belgilangan tariflar bo‘yicha haq to‘laydilar.
Nazorat savollari: Elektr energiyasidan foydalanish Qoidalarda berilgan asosiy tushunchalar va atamalarni keltiring.
Elektr energiyasini hisobga olish priborlarini o‘rnatish jarayoni qanday?
Elektr hisoblagichlar va o‘lchov transformatorlarini vaqti-vaqti bilan tekshirish kim tomonidan amalga oshiriladi?
Berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilishning umumiy qoidalari qanday?
Elektr energiyaning o‘rtacha sutkalik sarfi bo‘yicha hisob-kitob davri qancha vaqtdan oshmasligi kerak, shu vaqt ichida hisob-kitob hisobi tiklanishi zarurmi?