O‘zbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik Institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Xazinat ul-asfiyo” kitobida keltirilishicha, musulmon olamida ikki zot Zaynulobiddin degan laqab olgan. Bu laqabni birinchi bo‘lib hazrati Ali ibn Husayn ibn Ali Murtazo olganlar. Ul zotning kunyalari Abulhasan, laqablari Zaynulobiddin bo‘lib, 36 yoki 38 hijriy yilda Madinada tug‘ilganlar. Ikkinchi bir Zaynulobiddin degan laqabni olgan zot ismlari –Alovuddin, laqablari Zaynulobiddin (taxminan 895 yilda tug‘ilgan), Hazrati Alining 25-avlodlari hisoblanadilar. Hazrati Zaynulobiddin ayni yigitlik chog‘larida Nogur yo‘lida otasi Sayyid Abdulqodir Soniy ko‘z o‘ngida yo‘lto‘sarlar qo‘lida (taxminan 915 yilda) shahid bo‘lganlar. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Hazrati Zaynulobiddin ziyoratgohi va Qulpisar ota ziyoratgohlari bitta shaxsga tegishlidir degan taxminiy xulosaga kelish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |