Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
marta — Oʻtgan yili koʻrgan. Movut va jun bilan oldi-sotdi qiladigan doʻkondor
qoʻylarning junini koʻz oldida qirqtirishni xohlaydi — shunday qilinsa uni
aldasholmaydi. Oshnalaridan kimdir Santyagoga shu doʻkonni koʻrsatdi va u qoʻylarini
oʻsha tarafga haydadi.
«Jun sotmoqchiman», dedi u doʻkondorga.
Doʻkon peshtaxtasi oldida odamlar uymalashib turardi, xoʻjayin choʻpondan tushlikkacha
kutib turishini soʻradi. Santyago rozi boʻldi va yoʻlakka oʻtirib, toʻrvasidan kitobchasini
oldi.
— Voy, choʻponlar ham kitob oʻqisharkan-da, bilmas ekanman, — yonginasidan qiz
bolaning qoʻngʻiroqday tovushi jarangladi.
U boshini koʻtarib, koʻrinishidan haqiqiy andaluslik, sochlari taqimiga tushgan, qop-qora
va mayin koʻzlari esa xuddi bir vaqtlar Ispaniyani zabt etgan mavrlarnikiday qizni koʻrdi.
— Choʻponlar kitob oʻqishi shart emas: qoʻylar har qanday kitobdan ham koʻproq
narsaga oʻrgatadi, — javob qildi unga Santyago.
Shu zayl gap gapga ulashib, ular gurunglashib ketishdi va rosa ikki soat miriqib
suhbatlashdi. Qizaloq doʻkondorga qiz boʻlishini, hayoti zerikarli, kunlari xuddi ikki
tomchi suvday bir xilligini aytdi. Santyago esa unga Andalusiya yaylovlari haqida,
yoʻlining ustidagi katta shaharlar haqida eshitganlarini gapirib berdi. Qiz bilan suhbat
qurganidan uning kayfi chogʻ boʻldi — axir, bu qoʻylarga gapirgandan yaxshi-da.
— Sen oʻqishni qaerda oʻrgangansan, — soʻradi qiz.
— Hamma qaerda oʻrgansa, oʻsha yerda-da, — javob qildi boʻzbola. — Maktabda.
— Nega endi savoding boʻlsayam qoʻy boqib yuribsan?
Javob oʻrniga Santyago boshqa narsa haqida gapirdi: qiz uni baribir tushunmasligiga
ishonchi komil edi. U qizga oʻzining jahongashtaligidan gapirdi, qizning mavrlarnikiga
oʻxshagan koʻzlari goh moshday ochilsa, goh hayratdan qisilib ketardi. Vaqt bilinmay
oʻtar, Santyago ichida bu kunning tugamasligini, savdogarning doʻkoniga odam
yogʻilishini va qoʻylarni qirqtirish bahonasida uch-toʻrt kun shu yerda qolib ketishini
xohlardi. Hech qachon hozirgiday holatni tuymagan edi; uning shu yerda umrbod qolgisi
keldi. Bu qorasoch qiz bilan kunlari sira ham ikki tomchi suvday bir xil kechmasligi aniq
edi.
Biroq shu payt qizning otasi doʻkondan chiqib keldi va suruvni oralab, qirqish uchun
toʻrtta qoʻyni ajratib oldi. Keyin kelishilganiday haq toʻladi va dedi:
— Endi bir yildan keyin kel.
Mana, nihoyat oʻshanda belgilangan muddatgacha bor-yoʻgʻi toʻrt kun qoldi. Boʻzbola
uchrashishni oʻylab quvonar va ayni chogʻda koʻngli xijil tortardi: bordi-yu qiz uni
yodidan chiqarib yuborgan boʻlsa-chi? Axir, ularning shaharchasi yonidan qoʻy haydab
oʻtadigan choʻponlar son mingta.
Do'stlaringiz bilan baham: |