Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Biroq hech kim oʻzining shaxsiy hayotini negadir yoʻlga sola olmaydi. Bu xuddi loʻli
kampirning amaliga oʻxshaydi, u tushlarni ta’birlaydi, lekin rostga aylantirishga qurbi
yetmaydi.
Santyago quyoshning botishini kutishga qaror qildi, shundan soʻng qoʻylarni yaylovga
haydasa boʻladi. Movutchining qizi bilan uchrashishga hali uch kun bor. Hozir esa shu
yerlik ruhoniydan almashtirib olgan kitobni oʻqishga kirishdi. Kitob qalin edi, birinchi
betida kimningdir dafn marosimi tasvirlangan va boz ustiga qahramonlarning ismlari
shunaqa gʻalatiki, ovoz chiqarib aytsang tiling qoqilib ketadi. «Agar bir kun kelib men
kitob yozadigan boʻlsam, — Oʻyladi boʻzbola, — kitobimning har bir betida yangi
qahramon boʻladi, kitobxonlar kimning ismi qanaqaligini eslab ovora boʻlib oʻtirmaydi».
U endi kitobni ochib, marhumni qorga qanday koʻmishgani tasvirini berilib oʻqiyotganida
(tepadan quyosh ayovsiz kuydirib turganiga qaramay, Santyagoning eti junjikdi), bir
qariya kelib, uning yoniga choʻkdi va uni gapga tortdi.
— Ular nima qilishayapti oʻzi? — maydondagi odamlarni koʻrsatib, soʻradi u.
— Ishlashayapti, — roʻyxush bermay javob qildi boʻzbola, goʻyo oʻzini berilib kitob
oʻqiyotganday koʻrsatib.
Aslida esa u muvutchining qizining koʻz oʻngida toʻrtta qoʻyning junini qanday qirqishini
oʻylardi. Chunki qiz uning nimaga qodirligini koʻradi. Santyago bu manzarani tez-tez
koʻz oldiga keltirar va har gal xayolida qiziqib qarab turgan qizga qoʻyni dumidan
boshlab boshi tomonga qirqib borish kerakligini tushintirardi. U yana bir qancha gʻaroyib
voqealarni ham xotirasida jamlab, qoʻylarni qirqayotib, ularni qizga aytib berishga
chogʻlanardi. Bu voqea-larni kitoblardan oʻqib olgan edi, biroq bularni oʻz boshidan
kechirganday qilib aytib bermoqchi edi. Qiz hech qachon buning tagiga yetolmaydi:
chunki u oʻqishni bilmaydi-da.
Qariya juda qaysar chiqib qoldi. Chanqab ketganini aytib, bir qultum vino soʻradi.
Santyago koʻzani uzatib, shu bilan undan qutilishga umidlandi.
Qayoqda — qariyaning jagʻi battar ochildi, gurunglashgisi keldi. Koʻzani uzatayotib,
boʻzboladan qanday kitob oʻqiyotganini soʻradi. Santyagoning boshqa oʻrindiqqa oʻtib
oʻtirgisi keldi, biroq otasi unga keksalarga doimo xushmuomalada boʻlishni nasihat
qilgandi, shu bois u bir soʻz demay kitobni qariyaga uzatdi: ehtimol, kitobning nomini
toʻgʻri oʻqishni u bilar. Agar chol savodsiz boʻlsa, oʻzi uni tinch qoʻyar, noqulay holga
tushib qolmay deb.
— Him... — dedi qariya kitobni qoʻlida aylantirib koʻrarkan, goʻyo bunday gʻalati
buyumga birinchi marta koʻzi tushganday. — Yaxshi kitob, zarur narsalar haqida, biroq
nihoyatda zerikarli.
Santyago ajablandi: qariya, demak, nafaqat oʻqishni bilarkan, hatto ayni shu kitobni oʻqib
chiqqan ekan. Nachora, agar chindan zerikarli boʻlsa, hali uni boshqasiga almashtirib
olishga vaqt bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |