Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
pishirmaydi. Bu shunchaki uning koʻnglidagi mashgʻuloti, shu ish unga yoqadi», — deb
oʻyladi boʻzbola va bir qarashda har qanday odamning oʻz taqdiri Yoʻliga qanchalik uzoq
yoki yaqinligini qariyadan yomonroq bilmasligini payqadi.
«Bu juda oddiy, nahotki men avval buni tushunmaganman?»
Chodirni tortib bogʻlashgandan soʻng qandolatchi unga yogʻda pishgan birinchi somsani
uzatdi. Santyago uni bahuzur yedi va tashakkur bildirib, chodirdan jildi. Ketayotib
tuyqusdan chodirni qurishayotganda qandolatchining arabcha gapirgani va oʻzining
ispancha javob qilgani yodiga tushdi, biroq ular baribir bir-birlarini tushunishibdi-da.
«Demak, soʻzlarga tobe boʻlib qolmagan til ham bor ekan, — Oʻyladi u. — Men shu tilda
qoʻylar bilan gaplashardim, mana, endi odam bilan gaplashishga urinib koʻrdim».
«Hammasi bir butun, yaxlit», degan edi Qariya.
Santyago belgilarni koʻzdan qochirmaslik uchun Tanjerning tor koʻchalaridan
shoshilmay yurishga qaror qildi. Bu sabr-qanoatni talab etadi, biroq sabr-qanoat shunday
ezgu ne’matki, har qanday choʻpon dastlab ana shu saboqni oladi.
«Hammasi bir butun, yaxlit», — Malkisidqning soʻzlari tagʻin yodiga tushdi.
Billur buyumlar sotuvchi savdogar yangi kunning boshlanishini kuzata turib,
ertalabdanoq koʻnglini choʻktiradigan odatdagi gʻam-tashvishdan ogʻrindi. U tik tushgan
tor koʻchadagi xaridorlar onda-sonda bosh suqadigan doʻkonida, qariyb oʻttiz yildan beri,
tirikchilik qiladi. Hayotida biror-bir oʻzgarish qilishga endi kech; billur idishlarni
sotishdan boʻlak yumush qoʻlidan kelmaydi. Bir paytlar uning doʻkoni gavjum boʻlardi,
arab savdogarlari, ingliz va frantsuz geologlari, olmon askarlari — puldor odamlar koʻp
kelishardi. Oʻshanda billur savdosi foydaning koni edi va u boyib ketishiga, yoshi
qaytganda malohatli ayollar koʻnglini charogʻon etishga umidlanardi.
Biroq zamon evrildi, bu bilan baqamti shahar ham oʻzgarishlarga yuz burdi. Tanjerning
shundoq biqinidagi Seut tez qad rostladi va savdoning avj nuqtasi oʻsha tarafga koʻchdi.
Yon-atrofidagi savdogar-qoʻshnilar har qaysi har yoqqa ravona boʻlishdi, bu tor koʻchada
sanoqligina doʻkonchalar qoldi va deyarli hech kim ularga bosh suqaydi, bu joyga qadam
bosmaydi.
Biroq har nima boʻlganda ham, billur idish sotuvchi bu savdogarning endi boʻlari boʻlib,
boʻyogʻi singgan edi. Oʻttiz yil u billur olib sotish bilan mash-gʻul boʻldi, endi yoshi bir
joyga borganda hayotini oʻzgartirishga kech.
Choshgohgacha savdogar unda-bunda oʻtganlarni kuzatib oʻtirdi. Koʻp yillar shu zaylda
oʻtirganidan bu tang koʻchadan kimning qay mahalda oʻtishi unga yod boʻlib ketgan.
Biroq tushlikka bir necha daqiqa qolganda doʻkonining peshtaxtasi ortida bir navqiron
muhojir paydo boʻldi. U binoyiday kiyingan edi, biroq savdogar sinchkov nigohi bilan
Do'stlaringiz bilan baham: |