Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
qichqirdi — shu lahza atrofdagilar muk tushib, manglaylarini yerga tegizishdi va xirgoyi
qila boshlashdi. Keyin esa, xuddi tinib-tinchimas chumolilarday gʻimirlashib, narsalarini
yigʻishtirishdi, chodir va savdo qutilarini bekitishdi. Bozor boʻshab qoldi.
Quyosh ham osmonni tark eta boshladi; Santyago uni uzoq kuzatdi — quyosh maydonni
qoʻrgʻalagan oq uylarning tomlari ortiga bekinguncha termilib turdi. U esladi, bugun
quyosh koʻtarilgan paytda u narigi qit'ada edi, choʻpon edi, oltmishta qoʻyi bor edi va
movutchining qizi bilan uchrashuvni kutardi. Erta tongdayoq, otarini yaylovga
haydagandan soʻng, nimalar roʻy berishi unga oldindan ayon boʻlgandi.
Mana, shu kunning shom pallasida u boshqa bir mamlakatda yuribdi, yot oʻlkada u
begona va hatto mahalliy xalq gaplashadigan tilni ham bilmaydi. Endi u choʻpon emas,
bor-yoʻgʻidan, avvalo, pulidan ajralib qoldi, demak, endi ortga qaytolmaydi va
hammasini boshidan boshlay olmaydi.
«Bularning bari quyosh chiqib botguncha roʻy berdi-ya», — Oʻyladi boʻzbola. U oʻz
ahvoliga achindi va hayoti kutilmaganda butkul oʻzgarib ketganiga qattiq qaygʻurdi.
Yigʻlay desa uyat. U hatto qoʻylarining oldida yigʻlashga ham uyalardi. Biroq bozor
maydoni allaqachon boʻshab qolgan, u esa yolgʻiz, vatanidan juda uzoqda.
Santyago yigʻlab yubordi. Nahotki, Tangrining qahri, bor yoʻgʻi koʻrgan tushiga
ishongan kishilar uchun, shu qadar qattiq boʻlsa!
«Qoʻylarimni boqib yurganimda mendan baxtiyor odam yoʻq edi, men hammaga
xursandchilik ulashardim. Meni koʻrganda odamlar shod boʻlishardi va eng e’tiborli
mehmonday e’zozlashardi.
Mana, endi men gʻamga botdim va baxtsizman. Nima qilarimni bilmayman. Endi badjahl
va hech kimga ishonmaydigan boʻlaman, bir odam meni aldab ketgani uchun hammadan
gumonsirab yashayman. Xazina topganlarni esa koʻrolmayman, negaki bu omad mendan
yuz oʻgirdi. Xasga tirmashib yashayman endi, chunki qurbim shunga yetadi, xolos,
olamni anglamoqqa ojiz va kuchsizman».
U toʻrvasini ochib, uning ichida biror-bir yegulik — hech boʻlmasa yogʻ bilan bir burda
non — qolmaganmikan, deb qaradi, biroq toʻrvadan qalin kitob, kamzul va qariya bergan
ikki dona toshni topdi, xolos.
Ularga koʻzi tushib, Santyagoning chiroyi ochildi. Axir, u qariya sovgʻa qilgan shu ikkita
toshga oltita qoʻyni almashdi-da. Agar bu toshlarni sotolsa boʻlgani — puliga patta olib
vataniga qaytadi.
«Endi aqlimni yigʻib ish qilaman», — Oʻyladi u toʻrvadan toshlarni olib, choʻntagiga
Do'stlaringiz bilan baham: |