Tayanch so`z va iboralar: 962 yil Chag’aniyon, Azamat Ziyo, Ozod Masharipov, Anatoli Sagdullaev, Bo’riboy Axmedov va boshqalar
1. Tarixshunoslikning tarix fanida tutgan o`rni va ahamiyati.
O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so`ng tarix faniga e`tibor kuchaymoqda. Shu jumladan chet el mamlakatlari tarixiga qiziqish yuksalmoqda. Hozirgi yoshlarimiz o`z Vatani tarixini bilish bilan bir qatorda Jahon tarixi va madaniyati yutuqlarini chuqur o`rganish zarurligini his qilmoqdalar.
Tarixshunoslik, avvalo, tarix fanini chuqur va har tomonlama bilimni talab etadi. Zero, tarixni bilmay turib, O`zbekiston va jahon tarixini har tomonlama o`rganish, uning rivojlanishini kuzatib borish, hozirgi davr nuqtai-nazaridan qanday masalalarni hal etish kerakligini aniqlash ancha murakkablashadi. O`zbekistonda Vatanimiz va xorijiy mamlakatlar tarixi tarixshunosligini o`rganishdagi dolzarblik, umuman tarix fanining eng qadimgi davrlardan to hozirgi davrga qadar rivojlanish yo`lini yoritib berish tarixshunoslikning eng muhim vazifalaridan biridir. Tarixshunoslik fanining tarix fanlari tizimida egallagan o`rni va ahamiyati shundakim, barcha davrlardagi tarixchilarning boy merosini tanqidiy o`rganib, ularning eng qimmatli yutuqlaridan, Milliy istiqlol g`oyasini yoshlar ongida shakllantirishda, O`zbekiston Respublikasida yangi jamiyat qurishda foydalanishdan iborat.
Tarix fani ijtimoiy taraqqiyot va o`tmishga oid har xil voqea hodisalarning izchil rivojlanishi, ularning qachon, qaerda, qanday holatda yuz berganligi hamda insoniyatning paydo bo`lishi, tadrijiy-evoluyutsion takomil jarayon va boshqalarni o`rganadi.
Tarix fani kishilik jamiyatni bosib o`tgan tarixiy yo`lni qonuniyatli bir jarayon sifatida, ayniqsa, ulug` ajdodlarimizning hayoti, turmush tarzi, dini va e`tiqodini o`rganishda xizmat qiladi. Boshqacha qilib aytganda, muhtaram Prezidentimiz I.A.Karimov ko`p bor ta`kidlab o`tganlariday, «o`zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Isbottalab bo`lmagan ushbu haqiqat davlat siyosati darajasiga ko`tarilishi zarur».
XX asrning 90-yillarning boshida, sobiq SSSR hududida mustaqil davlatlarning tashkil topishi bilan tarix fanidagi ahvol tubdan o`zgara boshladi. Ana shu davrdan boshlab O`zbekistonda mamlakat tarixining sovet davrida noto`g`ri baholangan, buzib ko`rsatilgan sahifalarini qayta ko`rib chiqish va idrok etishga kirishildi. Shu boisdan ham tarixshunoslik fani, mutaxassi tarixchilarni nazariy-uslubiy jihatdan tayyorlash tizimda asosiy o`rin egallaydi. Tarixshunoslik fanining bosh mavzusi mamlakatimizda tarix fani rivojlanishining qonuniyatlarini uning jamiyatimiz ijtimoiy-ilmiy fikrida egallagan o`rnini va xalqimizning ma`naviy madaniyati taraqqiyotini o`rganish bilan belgilanadi.
Tarixshunoslik fani mustaqilligimiz davrigacha va hozirgi zamon tarix fani saboqlarini umumlashtiradi, milliy istiqlol mafkurasi nuqtai-nazaridan haqiqiy tariximizni o`rganishning mohiyati va ahamiyatini ko`rsatadi, tarixiy ob`ektivlik doirasida barcha nazariy-uslubiy va aniq-tarixiy dunyoqarashlarni o`rganishni tadbiq etadi.
Tarixshunoslik tushunchasi ikki ma`noda qo`llaniladi:
Tarixiy bilimlar taraqqiyoti va tarixiy tadqiqot usullariga doir fan ma`nosida.
Muayyan tarixiy davrga yoki muammoga bag`ishlangan taraxiy tadqiqotlar majmuasi ma`nosida (masalan, hozirgi davr tarixshunosligi, o`rta asrlar davri tarixshunosligi, qadimgi dunyo tarixi tarixshunosligi va h.k.)
O`zbekiston tarixining tarixshunosligi deganimizda, O`zbekiston xalqlarining eng qadimgi zamonlardan hozirgacha bo`lgan tarixiga manba bo`lib xizmat qiluvchi tarixiy tadqiqot, ya`ni tarixshunoslik asarlarini tushunamiz. Demak, tarixshunoslik kursidan olingan bilimlar asosida bo`lajak mutaxassislar-tarixchi, muzeyshunos, arxeolog, faylasuf, san`atshunos va sotsiologlar tarix fanining turli davrlardagi tajribasi, mavqeini va vazifasini bilib oladilar.
Xulosa, tarixshunoslik fani yurtimiz tarixi to`g`risida xolis va ob`ektiv bilim olishga, o`zligimizni anglashga, boy va qadimiy madaniyatimizni bilishga xizmat qiluvchi tarix fanining muhim sohalaridan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |