1. Jamiyatning tarixiy bilimlarga bo`lgan ehtiyojining paydo bo`lishi.
Tosh davri insoniyat tarixida eng uzoq davrni o`z ichiga olgan bo`lib, bu davrda taraqqiyot sekin-astalik bilan ya`ni evoluytsion yo`l bilan rivojlanib borgan. Faqatgina yangi tosh davriga kelib kishilik jamiyatida keskin o`zgarishlar yuz beradi. Bu jarayon Mesopotamiya va Misrda miloddan avvalgi VII mininchi yillardan, Hindiston, Eron va O`rta Osiyoning janubida miloddan avvalgi VI mingginchi yillardan boshlab kuzatilgan.
Million yillar davomida odamlar faqat tabiat in`omidan foydalanib yashaganlar, ya`ni kundalik hayotlarida ular tabiatda o`zi o`sib etilgan meva-chevalarni va ovchilik yo`li bilan qo`lga kiritilgan go`sht mahsulotlarini eb kun kechirganlar.
Neolit (yangi tosh) davriga kelib esa inson birinchi bo`lib ilk marotaba dehqonchilik va hunarmandchilikka qo`l uradi. Yovvoyi hayvonlarning ba`zi bir turlarini qo`lga o`rgatish yo`li bilan dastlabki chorvachilikni yo`lga qo`yadi.
Xulosa qilib aytganda, bu davrda inson faqat tabiat in`omlaridangina foydalanib qolmasdan balki, o`zi ham ishlab chiqarishga qo`l uradi. Natijada, qo`shimcha mahsulotni paydo bo`lishiga asos yaratiladi. Bunda qabilalarni o`zaro kelishmovchiliklari natijasida paydo bo`lgan urushlar ham katta rol’ o`ynaydi. Urushda qo`lga olingan asirlar qo`shimcha mahsulotlarga ko`proq ega bo`lgan oilalarda va qabila boshliqlari qaramog`idagi erlarda majburiy mehnatga tortiladi. Bu o`z navbatida sinfiy tabaqalanishni kuchayishiga olib keladi. Shu davrdan boshlab jamiyatning tarixiy bilimlarga bo`lgan ehtiyoji paydo bo`la boshladi.
Metallning ixtiro qilinishi (dastlab mis, so`ngra bronza) va undan xilma-xil mahsulotlarning ishlab chiqarishni yo`lga qo`yishi bilan jamiyat taraqqiyoti yanada tezkorlik bilan rivojlanadi.
Keyinchalik, shu asosda ilk shahar tipidagi qarorgohlar va shaharlar, so`ngra shu bilan bevosita bog`liq bo`lgan shahar-davlatlar hamda «Nom» tipidagi kichik-kichik davlatlar paydo bo`ladi. Jumladan, ilk davlat Mesopotamiyada shahar-davlatlar ko`rinishida miloddan avvalgi IV mingginchi yillarning oxirida tarix maydoniga keladi.
Bu jarayon O`zbekiston hududlarida o`ziga xos ko`rinishda kuzatiladi. Arxeologik tadqiqotlarning guvohlik berishicha, sug`orma dehqonchilik O`zbekistonning janubiy hududlarida (Surxondaryo viloyati) miloddan avvalgi ikkimingginchi yillarning o`rtalaridan boshlab keng yo`lga qo`yila boshlanadi, ularning markazi sifatida Jarqo`ton yodgorligi o`rnida o`z qal`asi, saroyi va ibodatxonasiga ega bo`lgan ilk shahar vujudga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |