■ Bitiruv malakaviy ishi
• ≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈ • Shoira Saydullayeva
≈ 68 ≈
XULOSA
Tengi yo‘q ijodkor, she’riyat ahlining buyuk homiysi Alisher Navoiyning
“Majolis un-nafois” tazkirasi o‘zbek tazkirachiligining asosi bo‘lib, hozirgi
davrgacha bu asar o‘z qadr-qimmatini yo‘qotganicha yo‘q. Zero,
zamondoshlarigagina emas, ko‘proq kelajak avlodlarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan
qimmatli va saboq bo‘larli gaplar shoirning ushbu kitobida aytilgan. Humomiddin
o‘g‘li Xondamirning fasih tili bilan aytganda: “Oliy hazrat nasr fanini
o‘zlashtirishda taraqqiyning eng yuqori pog‘onasiga va avjning eng yuksak
darajasiga ko‘tarilgan edi…Oliy hazratning nasriy asarlaridan biri turkiy tilda
yozilgan “Majolis un-nafois”dir. Bu aziz kitob hazrati xoqon Shohruh Mirzo
podshohligi davridan boshlab, shu zamonga qadar yer yuzini ravshan vujudlari
bilan bezagan va bezab turgan olim va shoirlardan ko‘plarining ba’zi sifatlaridan
va ahvollaridan bayon qiladi”.
“Majolis un-nafois” e’tibor bilan varaqlab chiqilar ekan, undagi sakkiz
badiiy majlisning har birida o‘quvchi ko‘z o‘ngida turli-tuman qismatlar, xilma-xil
xarakterlar va chegaralanmagan imkoniyatga ega bo‘lgan iste’dodlar olami paydo
bo‘ladi. Davrning fazl-u hunar egalariga bemuruvvatligi, “doim afsunsoz-u
g‘addor” ekani juda ko‘p misollar orqali isbotlanadi. Garchi asarlarda shoirlar,
she’r havaskorlari va ilm-fan namoyandalaridan 459 kishining ijodi haqida
mulohaza yuritilsa-da, undagi bosh qahramon – muallifning o‘zi va bosh masala –
she’r-u shoirning taqdiridir. Navoiy she’r va shoirning jamiyatda, hayotda tutgan
o‘rni masalasiga ko‘p ahamiyat beradi. Navoiy ko‘pchilik asarlarida qissaxon,
hikoyachi sifatida maydonga chiqadi. Agar biz muallifning asarlariga yozilgan
debochalardagi, dostonlardagi, tabarruk maslakdoshlariga bag‘ishlangan
risolalardagi tarjimayi holiga doir ayrim ma’lumotlarni hisobga olmasak, uning
ko‘p qirrali shaxsiyati, eng yaxshi xislatlarga boy ma’naviy qiyofasi hech qayerda
“Majolis un-nafois”dagi singari har tomonlama mukammal gavdalanmaydi, desak
xato bo‘lmaydi. Salaflari, keksa zamondoshlari, tengdoshlari va “yaxshi tablik
yigitlar” ijodini baholash jarayonida adabiyotshunos, tanqidchi, maslahatgo‘y,
■ Bitiruv malakaviy ishi
• ≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈ • Shoira Saydullayeva
≈ 69 ≈
mehribon ustoz, shoirlarga moddiy va ma’naviy himoyachi, nozik didli san’atkor,
adabiyot maydonining pokizaligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan nazm ahlining
yetakchisi, charog‘boni sifatida butun salobati ila ko‘rinadi.
Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasidagi majlislarida shoirning
pedagogik qarashlari va ushbu asarni tarkibiy tuzilish hamda badiiy jihatdan
o‘rganish jarayoni quyidagi xulosalarga olib keldi:
Navoiyning tazkirasigacha bir qancha tazkiralar yaratilgan: “Lubob ul-
albob”, “Tazkirat ush-shuaro”, “Bahoriston” ning 7-ravzasi va boshqalar. Ammo
ular asosan fors-tojik tilida bo‘lganligi, faqatgina ijodkorlarning hayotiga oid
ma’lumotlargina berilganligi sababli o‘z ona tilimizdagi, o‘zbek tilidagi
Navoiyning tazkirasiga ehtiyoj juda katta bo‘lgan.
“Majolis un-nafois” tazkirachilikda yangi va juda qimmatli asar sifatida
vujudga keldi hamda o‘zbek tazkirachiligiga asos bo‘ldi.
Bu tazkiraning ko‘zga tashlanadigan birinchi jihati shundaki, Navoiy unga
o‘zi yashab turgan davrdagi ma’lum shoirlar va shoir bo‘lishga harakat qilgan
qalam ahllarini kiritishni asosiy maqsad qilib qo‘ygan.
Tazkira boshqa xalqlar adabiyotlaridagi tazkirachilikning bundan keyingi
taraqqiyotiga chuqur ta’sir ko‘rsatdi, “Majolis un-nafois”dan keyin paydo bo‘lgan
tazkiralarning mualliflari asarlarini asosan o‘z davrlaridan kelib chiqib tuza
boshladilar.
Navoiy tazkirasining eng muhim xususiyatlaridan yana biri u asosan o‘zbek
va tojik adabiyotlari tarixiga doir asar, bunda biz har bir shoirning hayoti va ijodiga
tegishli oz-oz bo‘lsa ham, lekin muhim ma’lumotlarni olamiz. Mana shu jihatlari
bilan “Majolis un-nafois” yozilganidan oz fursat o‘tmay Sharq mamlakatlarining
shoirlari, tarixchilari, olimlari diqqatini ko‘p marttalab o‘ziga jalb eta boshlagan
edi.
XVI asrning oxiri va XVII asrning boshida o‘tgan ozarbayjonlik
adabiyotshunos Sodiqbek kitobdor “Majolis un-nafois”dan ilhomlanib va
foydalanib Navoiy ona tilida - o‘zbek tilida “Tazkirai majmaul-havos”ni tuzdi.
■ Bitiruv malakaviy ishi
• ≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈ • Shoira Saydullayeva
≈ 70 ≈
O‘zbek tazkirachiligining to‘ng‘ich asari bo‘lgan “Majolis un- nafois” o‘zbek tilida
bir qator tazkira yoki majmua va bayozlarning vujudga kelishiga yo‘l ochdi va bir
namuna bo‘lib xizmat qildi.
“Majolis un- nafois”da Navoiy faqatgina shoirlar haqida emas, balki turli
kasb egalari haqida ma’lumot beradi va ularni birlashtirib turgan adabiyotga
muhabbat, adabiyotga qobiliyat masalasini ta’kidlaydi, tahlil qiladi va o‘z o‘rnida
tanqid ham qiladi.
Alisher Navoiy buyuk olim sifatida o‘z tazkirasida talay shoirlar ijodini
tahlil qilish bilan bir qatorda, umuman adabiyot nazariyasi, xususan she’riyat
muammolarini o‘rtaga tashlaydi va hal qilib o‘tadi. Navoiy o‘sha davr madaniy
hayotining asosiy muammolaridan hisoblangan shakl va mazmun masalalarini
diqqat markaziga qo‘yadi. U badiiy asarlarning shakli va mazmuni haqidagi ilg‘or
fikrlarni himoya qiladi, shaklning mazmundan ustun qo‘yilishiga qarshi chiqadi.
Tazkirada Navoiyning yuksak pedagogik qarashlari, ijod ahliga berilgan
baho va ijodkorlarga qo‘yilgan talablari aks etadi.
Navoiy tazkirasining qimmatli tomonlaridan yana biri uning o‘sha davr
adabiy mahsulotidan boy namunlarni o‘z ichiga olganligidir. “Majolis un-
nafois”ga kirgan shoirlarning aksariyatining asarlari bizgacha yetib kelmagan
bo‘lib, ularning o‘zlari va ijodlari haqida faqat tazkira bergan ma’lumotlargagina
egamiz.
Tadqiqotimiz davomida tazkiraning ikki tahriri haqidagi g‘oyat qiziqarli
ma’lumotlarga duch keldik. Uning birinchi tahriri 1948-yilda, ikkinchisi esa 1966,
1997 hamda 2011-yillarda chop etilgan Navoiy asarlarining to‘plamlarida
keltirilgan. Birinchi tahrirda shoirlar soni 345 ta, ikkinchi tahrirda esa 459 ta deb
ko‘rsatilgan. Asarning ikki tahriri muqoyasa qilinganda, Navoiyning shoirlar ijodi,
adabiy jarayonga, yosh iste’dodlarga yangicha munosabati namoyon bo‘ladi.
Bitiruv malakaviy ishimizga umumiy xulosa qiladigan bo‘lsak, she’riyat
mulkining sultoni, buyuk adabiyot namoyandasi ham tanqidchisi bobomiz Alisher
Navoiyning “Majolis un-nafois” asari o‘zbek tazkirachiligining asosi hisoblanadi.
■ Bitiruv malakaviy ishi
• ≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈≈ • Shoira Saydullayeva
≈ 71 ≈
Unda keltirilgan ma’lumotlar har bir o‘zbek kitobxoni, Navoiyni sevib mutolaa
qiluvchilar uchun juda ham foydali manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz. Ushbu
asarni qancha o‘qib, o‘rgansak, maqsadli tadqiqotlar olib borsak, Navoiy merosini
o‘rganishdagi savobli ishlarga oz bo‘lsa-da o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lar edik.
Do'stlaringiz bilan baham: |