Moychechak misol nozik qalbli insonlarning ko'nglini sindirmang. Eng muhimi, ularni qoidan boy bermang.
Ishq dardi qachon o'tib ketadi?
Hayot qisqa. Eng awalo, shuni tushunib yetishimiz kerak. Chunki to'rt kunlik hayotda siz uni deb azob chekayotgan insoningiz boshqa joyda va boshqa insonlar bilan hayot gashtini surar ekan, siz esa bu hayotning qiyinchiliklariga taslim bo'lgancha, hatto o'z joningizga qasd qilishni o'ylab yashashingiz aqlli odamning ishi emas. Hattoki bir bor bo‘lsa-da, sevgini deb o'z joniga qasd qilishni o'ylash o'ta ahmoqona narsa. Sariq chaqaga ham arzimaydigan biri senga ortini o'girgani uchun o'z joninga suiqasd qilishga yoki shu haqida o'ylashga ham sening haqqing yo'q. Alloh bergan jonini faqat O'zi oladi. O'zingga tashqaridan bir nazar sol. "Men qayerdaman va kim uchun dardlarni chekayapman?" deya o'zingdan so'ra. Keyin esa sen uni deb dard yutayotgan inson shunga arzish yoki arzimasligi haqida o'yla, taroziga sol. O'zingdagi dardlarni va o'sha insondagi qadringni tarozining ikki pallasiga qo'y. Xo'sh, qaysisi og'ir bosdi? Agar bu dardlar bilan anchadan buyon yolg'iz o'zing kurashib kelayotgan bo'lsang, afsusdaman, sen allaqachon ahmoq oshiq maqomiga erishibsan. Ammo seni xafa qiladigan yana bir gap aytaman, ishqning azobini faqat ko'proq sevgan tomon emas, ikki tomon ham birdek tortishi kerak. Bir tomon faqat ko'zyosh to'ksa, hech narsa yemasa, ichmasa, hayotini zaharga aylantirsa-yu, narigi tomon boshini yostiqqa qo'yishi bilan darrov uyquga ketsa, bamaylixotir sayr-u sayohat qilsa, bu ishq emas, adolatsizlikdir, haqsizlikdir.
Inson kimnidir qattiq sevgani uchun bu badallarni yolg'iz o'zi to'lashga majbur bo'lmasligi kerak. Shuni ongingizga singdirib oling, kim uchundir alam yutayotgan bo'lsangiz, u shunga munosib bo'lishi zarur. To'rt kunlik umringizni nomunosib insonlarni deb zaharga aylantirmang. Bu hayotda hech bir inson unutilmas emasligini yaxshi bilamiz. Ammo ma'lumki, ba'zi dardlar vaqti-vaqti bilan totib ko'rilishi kerak. Ya'ni, balki qattiq ko'ngil qo'ygandirsan, umringdan yillarni fido qilgandirsan, joningni bergandirsan, u bilan et va tirnoqqa aylangandirsan, ammo keyin ayrilasan, yarim bo'lib qolasan va o'sha damda buning azobini nima qilsang ham kamaytirolmaysan. Vaqt o'tib, bu dardga ko'nikkancha yashashda davom etasan. Hammasidan ham yomoni bir muddat qo'lingdan hech narsa kelmaydi. Shu sababli o'zingni juda ojiz his qilasan. Shu muddat ichida qayerga borsang ham, kimning yonida bo'lsang ham, o'sha dard sen bilan birga yuradi. Unga aloqador bo'lmagan narsalar ham uni senga eslataveradi. Qayerga qarasang, ikkingizga tegishli bo'lgan xotiralarni ko'rasan. Ammo bir kuni hammasi o'tib ketadi. Vaqt o'tib, bir go'zal tongda uyg'onasan va o'sha yara endi joningni og'ritmayotgan bo'ladi...
Do'stlaringiz bilan baham: |