103-modda. Jamiyatning hujjatlarini saqlash
Jamiyat:
jamiyatning ustavini, ustavga kiritilgan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni, jamiyatni tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni, jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani;
jamiyatning o‘z balansidagi mol-mulkka bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi va jamiyatning boshqa boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlanadigan hujjatlarni;
jamiyatning filiali yoki vakolatxonasi haqidagi nizomni;
jamiyatning yillik hisobotini;
emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorlarni;
aksiyalar emissiyasi risolasini;
buxgalteriya hisobiga doir hujjatlarni;
tegishli organlarga taqdim etiladigan moliyaviy hisobotlarni;
jamiyat aksiyadorlari umumiy yig‘ilishlarining, kuzatuv kengashi, taftish komissiyasi (taftishchisi) va boshqaruvi majlislarining bayonnomalarini, shuningdek jamiyat direktorining (boshqaruv raisining) buyruqlarini;
jamiyatning affillangan shaxslari ro‘yxatlarini;
jamiyat aksiyadorlarining reyestrlarini;
jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining), auditorlik tashkilotining xulosalari va hisobotlarini, nazorat qiluvchi davlat organlarining tekshiruvlari dalolatnomalarini saqlashi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyat qonunchilikka va jamiyat ustaviga muvofiq boshqa hujjatlarni ham saqlashi shart.
(103-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
104-modda. Aksiyadorlarga jamiyat hujjatlaridan foydalanish imkoniyatini berish
Jamiyat ushbu Qonun 103-moddasida nazarda tutilgan hujjatlardan aksiyadorlarning foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi, bundan buxgalteriya hisobiga doir hujjatlar, boshqaruv majlislarining bayonnomalari, shuningdek jamiyat direktorining (boshqaruv raisining) buyruqlari va jamiyat aksiyadorlarining reyestri mustasno.
Jamiyat aksiyadorning yozma talabiga ko‘ra unga ushbu Qonunda nazarda tutilgan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini haq evaziga taqdim etishi shart. Haq miqdori jamiyat tomonidan belgilanadi hamda hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini tayyorlash xarajatlarining qiymatidan va hujjatlarni pochta orqali jo‘natish bilan bog‘liq xarajatlardan ortib ketmasligi kerak.
Jamiyat so‘ralayotgan hujjatlarni aksiyadorga elektron shaklda taqdim qilishga haqli.
Aksiyadorlar jamiyat yoki uning faoliyati to‘g‘risidagi xizmat, tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotni oshkor qilishga haqli emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Aksiyador (aksiyadorlar) da’vo arizasini sudda ko‘rib chiqish chog‘ida jamiyatdan va guvohlardan sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ishga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha hujjatlarni olishga haqli, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi hujjatlar mustasno.
(104-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 5-oktabrdagi O‘RQ-640-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |