80-modda. Jamiyatning boshqaruvi
Jamiyatning boshqaruvi jamiyat ustavi asosida ish yuritadi.
Jamiyat boshqaruvining majlisida bayonnoma yuritiladi. Jamiyat boshqaruvi majlisining bayonnomasi kuzatuv kengashining va taftish komissiyasining (taftishchining) a’zolari talabiga ko‘ra ularga beriladi.
Jamiyatning boshqaruvi majlislarini o‘tkazishni boshqaruv raisi tashkil etadi, u jamiyat nomidan barcha hujjatlarni hamda jamiyat boshqaruvi majlisi bayonnomalarini imzolaydi, jamiyatning boshqaruvi o‘z vakolat doirasida qabul qilgan qarorlarga muvofiq jamiyat nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi.
81-modda. Jamiyat kuzatuv kengashi a’zolarining, jamiyat direktorining, boshqaruv a’zolarining, ishonchli boshqaruvchining javobgarligi
Jamiyat kuzatuv kengashining a’zolari, jamiyat direktori va boshqaruvi a’zolari, shuningdek ishonchli boshqaruvchi o‘z huquqlarini amalga oshirishda va o‘z majburiyatlarini bajarishda jamiyatning manfaatlarini ko‘zlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi lozim.
Agar ushbu modda qoidalariga muvofiq bir nechta shaxs javobgar bo‘lsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar javobgarlik bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan qarorga ovoz berishda ishtirok etmagan yoki ushbu qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat kuzatuv kengashi a’zolari, boshqaruv a’zolari javobgar bo‘lmaydi bundan ushbu Qonunning 90-moddasida belgilangan hollar mustasno.
(81-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Jamiyat yoki u joylashtirgan aksiyalarning hammasi bo‘lib kamida bir foiziga egalik qiluvchi aksiyador (aksiyadorlar) jamiyatga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’vo bilan jamiyatning kuzatuv kengashi a’zosi, direktori yoki boshqaruv a’zosi, shuningdek ishonchli boshqaruvchi ustidan sudga murojaat qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud jamiyatning kuzatuv kengashi a’zosini, boshqaruv direktorini yoki a’zosini, shuningdek ishonchli boshqaruvchini jamiyatga mulkiy zarar yetkazganlikda aybdor deb topgan taqdirda, sud qaroriga ko‘ra ularning vakolatlari xo‘jalik jamiyatlarida rahbarlik lavozimini egallash taqiqlangan holda kamida bir yil muddatga tugatilishi mumkin.
Jamiyatning kuzatuv kengashi a’zosi, boshqaruv direktori yoki a’zosi, shuningdek ishonchli boshqaruvchi quyidagilar natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi:
chalg‘ituvchi axborot yoki bila turib yolg‘on axborot taqdim etganlik;
ushbu Qonunda belgilangan axborot taqdim etish tartibini buzganlik;
jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan yirik bitimlarni va (yoki) amalga oshirilishidan manfaatdorlik mavjud bo‘lgan bitimlarni tuzishni taklif etganlik, shu jumladan jamiyat bilan bunday bitimlar tuzilishi natijasida o‘zlari yoki o‘z affillangan shaxslari tomonidan foyda (daromad) olish maqsadida bitimlar tuzishni taklif etganlik.
(81-moddaning beshinchi va oltinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 5-oktabrdagi O‘RQ-640-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |