6.G’arb uyg’onish davri falsafasi. G’arb falsafasiga nazar tashlaydigan bo’lsak, unda ham falsafaning metodologik funksiyasi bo’rtib namoyon bo’lishini ko’ramiz. Masalan, yunon faylasuflari - falsafa tarixidan donishmandlik va shirinsuxanlik o’qituvchilari degan nom bilan o’rin olgan sofistlar shogirdlariga oqilona fikrlashni, muhokama qilinayotgan narsa yoki hodisaning mohiyatini teran anglagan holda ish ko’rishni va o’z falsafiy bilimlaridan siyosiy faoliyatda foydalanishni o’rgatishni o’z vazifasi deb bilganlar. Ma‘lumki, qadimgi yunon faylasufi Suqrot o’z e‘tiqodlarini himoya qilish yo’lida hayotini tikkan. U davlatni boy va zodagon kishilar emas, balki ishning ko’zini biladigan, oqil odamlar boshqarishlari lozim deb hisoblagan va o’z shogirdlariga o’sha davrda mavjud bo’lgan siyosiy an‘analarda mo’ljal olishni o’rgatgan. Ayni shu fikri uchun ustidan chiqarilgan hukmga e‘tiroz
bildirmay, Suqrot o’z o’limini ixtiyoriy ravishda tanlagan va bir qadah sikut (zahar) ichib o=lgan.
Garb uygonish davri va falsafiy tafakkurining rivojlanish xususiyatlari
G’arb Yevropa feodalizmi sharoitida ham xristian dini hukmronlik qilgan. U o’zining odamlar aqli va qalbini nazorat qilish markazlashtirilgan tizimini ko’p sonli tarqoq feodal davlatlarga qarshi qo’ygan. Bu nazoratni avvalo Rim Papasi boshchiligidagi katolik cherkovi amalga oshirgan. Ayni vaqtda cherkov qadimgi dunyoning «majusiycha» falsafasiga, ayniqsa materialistik ta’limotlarga yot ko’z bilan qaragan. Ayni shu sababli antik davrning falsafiy merosini o’zlashtirishga nisbatan xolisona yondashilmagan, bu meros qismlarga bo’lib o’zlashtirilgan, asosan diniy aqidalarni mustahkamlovchi idealistik g’oyalarni tarqatishga yo’l qo’yilgan.
O’rta asrlar Yevropasida falsafiy tafakkurning rivojlanish xususiyatlari. G’arb va Sharq falsafiy tafakkuri XVI asrgacha har biri o’z yo’lida rivojlangan: arab musulmon Sharqida va Ispaniyaning arablar istilo qilgan qismida falsafaga dinning ta’siri Yevropa va Sharqiy Osiyodagidan kamroq bo’lgan. Bu davrda arab musulmon fani rivojlanishda Yevropa fanidan ancha ildamlab ketgan. Xitoyda ham fan, garchi din ta’siri ancha kuchli bo’lsa-da, Yevropadagidan ilg’orroq bo’lgan. Ayrim Sharq faylasuflari o’z asarlarini antik davr mutafakkiri Demokritning atomlar haqidagi ta’limoti, Empedokl elementlari, Pifagor matematikasi, Platon g’oyalari, Aristotelning falsafiy va tabiiy-ilmiy merosi, ayniqsa uning mantiq tizimi ta’sirida vujudga kelgan ilmiy-falsafiy an’ana ruhida yaratganlar.
Yevropa falsafasida materializm o’rta asrlarda Sharqdagidek keng tarqalmagan va madaniyatga kuchli ta’sir ko’rsatmagan. U sxolastikada realizm bilan bir qatorda pay do bo’lgan nominalistik falsafa ko’rinishida rivojlangan va avval ayrim narsalar va hodisalar, so’ngra ularning in’ikoslari narsalarning nomlari sifatida talqin qilinuvchi umumiy tushunchalarda mavjud, degan g’oyadan kelib chiqqan. Ammo falsafani ilohiyotga qaram qilishga harakat qilgan din mafkuraning hukmron shakli sanalgan
Ilk o’rta asrlarda falsafiy tafakkur rivojlanishining asosiy shakllari apologetika va patristika bo’lgan. Yevropada, Vizantiyada, Old Osiyo va Shimoliy Afrikaning ellinlashgan markazlarida xristianlikning tarqalishi boshqa diniy va falsafiy oqimlar bilan qattiq kurash jarayonida yuz bergan. Bunda xristianlikka qarshi neoplatonizm falsafasidan keng foydalanilgan. Ayni shu davrda apologetika, ya’ni xristianlikni asoslash va himoya qilish falsafasi sifatida vujudga kelgan.
Apologetika ortidan «cherkov otalari»ning falsafiy ta’limoti - patristika (lot. pater - ota) paydo bo’lgan. Patristikaning eng yorqin vakili Gippon (Shimoliy Afrika)dagi yepiskop Avliyo Avgustin (354-430)dir. U o’rta asrlar falsafasiga, shuningdek falsafiy ijodning keyingi davrlardagi ko’pgina vakillariga kuchli ta’sir ko’rsatgan.
Avgustin «haqiqiy falsafa va haqiqiy din»ni bir deb hisoblagan. Xristianlik asoslarini u Platon falsafasidan topishga harakat qilgan. Uning fikricha, Platon g’oyalari - «bu ijodkor ijodga kirishish oldidan yuritgan mulohazalar»[1]dir. Xudo dunyoni yo’qlikdan yaratgan. Inson panoh topishining asosiy yo’li uning xristian cherkoviga mansubligidir. Xristian cherkovi «ilohiy shahar»ning Yerdagi vakilidir. Avgustin inson faoliyatining ikki qarama-qarshi turini tahlil qiladi: birinchi - «dunyoviy shahar», ya’ni «Xudoga nisbatan nafrat darajasiga ko’tarilgan o’z-o’ziga bo’lgan muhabbatga» asoslangan davlatchilik; ikkinchi - «o’z-o’ziga nisbatan nafrat darajasiga ko’tarilgan Xudoga bo’lgan muhabbat»ga asoslangan «ilohiy shahar». Avgustinning eng mashhur asarlari: «Ilohiy shahar», «Insoniy shahar», «Tavba».
Avgustin ikki muhim muammo: shaxs dinamikasi va kishilik tarixi dinamikasi muammolarini yechishga harakat qiladi. U «Tavba» asarida shaxsning o’zligini, uning ruhiy holatlarini o’rganadi.