Islomxo‘ja minorasi
X iva shahrida, Ichan qal’a markazida joylashganIslomxo‘ja minorasiqo‘ng‘irotlar sulolasi davridaVaziri Akbar Islomxo‘jatomonidan bunyod etilgan.
Islomxo‘ja (1872-1913, Xiva)–Xiva xonligining bosh vaziri. Xorazmda jadidchilik harakatiningo‘ng oqimi rahbarlaridan biri bo‘lgan. Islomxo‘ja Muhammad Rahim II va Asfandiyorxon hukmronligi davrida Xiva xonligi delegatsiyasi tarkibida Sankt-Peterburg va Moskva shaharlarida bir necha marta bo‘lgan (1907-1912). Ilg‘or yevropa madaniyatini targ‘ib qilgan. Xudoybergan Devonovga Xorazmda kino va surat olish ishiga asos solishida homiylik qildi. Uning tashabbusi bilan Xiva va boshqa shaharlarda Islomxo‘ja minorasi va madrasasi, Nurullaboy saroyi, kasalxona, elektrostansiya qurildi, jadid maktablari va hatto rus maktablari ochildi. Asfandiyorxon hukmronligi davrida bosh vazir (1910-1913) bo‘lib, xonlikning janubiy qismini idora etgan hamda xorijiy davlatlar bilan bo‘ladigan aloqalarni boshqargan. Xonlikni idora etishdagi xizmatlari uchun “vaziri akbar” unvoni berilgan. 1910-yil u xonlikda islohot o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi. Sug‘orma dehqonchilikka asoslangan Xorazmda dehqonlarning ahvolini yengillatish uchun yer solig‘ini kamaytirishga harakat qiladi. “Yosh xivaliklar” partiyasining asoschisi Polvonniyoz Hoji Yusupovning yozishicha, taraqqiyparvarlik g‘oyalari uchun o‘z kuyovi Asfandiyorxonning buyrug‘i bilan vaxshiyona o‘ldiriladi.
Islomxo‘ja minorasi yangi davrning dastlabki davrlarida (mustamlaka davrida), 1908-1910-yillarda bunyod etilgan.
Me’moriy obidaning qurilishida pishgan g‘isht, sement va yog‘ochdan foydalanilgan.
Islomxo‘ja minorasi yonida shu nomdagi madrasa bo‘lib, uning (42,8x32,5)bosh tarzi ikki qavatli. Kichik hujralar (42 ta) bilan o‘ralgan. Bosh tarzining hovliga qaragan ikkinchi qavatida ayvon bor. Madrasaning janubiy-sharqidagi masjid gumbazli, mehrobi koshin va ganjkori naqshlar bilan bezatilgan. Old tomonida Xivadagi eng baland minora (44,6m) qad ko‘targan. Asosining diametri – 9,5m. Yuqoriga tomon ingichkalashib boradi. Ko‘k, yashil rangdagi naqshlar bilan belbog‘lar ishlangan. Qafasasiga panjaralar o‘rnatilib, yuqorisi muqarnasli sharafa va qubba bilan yakullangan. Minora shaharning deyarli hamma tomonidan ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Islomxo‘ja minorasi va madrasasini qurishda me’mor Xudoybergan hoji, naqqoshlar – Eshmuhammad Xudoyberdiyev, Bolta Voisov va boshqalar qatnashgan.
Me’moriy inshoot uzoq yillar muazzin azon aytuvchi joy vazifasini o‘tagan bo‘lsa, keyingi yillarda undan harbiy maqsadda ham – kuzatuv obyekti vazifasida foydalanilgan
Inshoot Xorazm me’morchiligining minora uslubida qurilgan. Uning o‘ziga xos tomoni shundaki, inshoot shaharning deyarli hamma tomonidan ko‘rinishi va shahardagi baland me’moriy inshootlardan biridir.
Me’moriy inshoot mustaqillikkacha va mustaqillikdan keyin bir necha bor ta’mirlandi va u YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi.
Xiva shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Xiva shahridagi boshqa me’moriy obidalar qatorida Islomxo‘ja majmuasi ham ta’mirlandi. Me’moriy obida atroflari ko‘kalamzorlashtirilgan holatga keltirildi. Minora afsonaviy ko‘rinishini Ichan qal’a shahri tarixiy markazida saqlab qolgan bo‘lib, 1990-yilda Xivadagi “Ichan qal’a” Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2000-yil 30-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofazalash va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida jahon talablariga mos qonuniy asosni yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |