Ollohqulixon madrasasi
X iva shahrida Ollohqulixon madrasasi Xiva xoni, qo‘ng‘irotlar sulolasining yirik vakillaridan biri Ollohqulixon tomonidan bunyod etilgan.
Ollohqulixon (taxm. 1794-1842) – Xiva xoni (1825-1842) – Muhammad Rahimxonning o‘g‘li. Uning davrida Xivada karvonsaroy, tim, 111 xona va bo‘lmali Toshhovli saroyi, Ichan qal’a sharqiy darvozasiga tutashtirib qurilgan Ollohqulixon madrasasi, Oq masjid, Saitboy masjidi, Toshhovuz qal’asi (1835-1836) va boshqa inshootlar qurilgan. Yangi kanallar qazdirib sug‘oriladigan yerlarni kengaytirgan. Xiva shahrining obodonchiligi uchun ko‘p mehnat sarf qilgan. Ollohqulixon davrida koshinpazlik (koshinkorlik) san’ati yuksak cho‘qqiga chiqqan. Pahlavon Mahmud maqbarasi va Ko‘hna Ark koshinlar bilan bezatilgan. Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa ko‘pgina tarixiy obidalar ta’mirlandi. Arabxon va Muhammad Amin Inoq madrasalari qaytadan qurildi. Xiva shahrining atrofi mudofaa devori bilan o‘rab olingan (1842). Ichan qal’a tashqarisida yashayotgan aholini himoya qilish maqsadida Dishan qal’a (Tashqari qal’a) qurilgan. Ollohqulixon 1842-yil Chorjo‘yga yurish qilib, qal’ani qamal qilgan paytda og‘ir kasalga duchor bo‘lib, orqaga qaytishga majbur bo‘lgan va 23 noyabrda vafot etgan. Uni o‘zi hayot vaqtida tayyorlab qo‘ygan Pahlavon Mahmud maqbarasida dafn etishgan.
Madrasa so‘nggi o‘rta asrlarning oxirlarida, 1834-1835-yillar oralig‘ida bunyod etilgan.
Bu davrda Ollohqulixon Buxoro bilan sulh tuzilganligiga qaramay 7 marta Buxoro xonligi hududiga yurishlar qilib, qishloqlarni talab qaytgan. Xurosonga 5 marta yurish qilgan. Qoraqalpoq va Turkmanlarning qo‘zg‘olonlarini beshafqat bostirgan (1828-yil). Rossiya bilan elchilik va savdo munosabatlarini mustahkamlagan (1840-1841-yillar). Bundan tashqari,Ollohqulixon hukmronligi davrida ko‘pgina obidalar qad rostladi. Borlari ta’mirlandi. Bir so‘z bilan aytganda, me’morchilik, san’at va ko‘pgina sohalar rivojlandi.
Me’moriy obida qurilishida har xil o‘lchamdagi xom va pishgang‘isht, loy, tunuka, sement, ganch yog‘och, maxsus “qir” qotishmasidan va shunga o‘xshashashyolardan foydalanilgan.
Ollohqulixon madrasasi to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli(62,45x47,0 m), peshtog‘i g‘arbga qaragan inshoot bo‘lgan. Bosh tarzini miyonsaroy, masjid va darsxona hamda 2 qavatli hujralar egallagan. Eshikdagi yozuvda binoning qurilgan sanasi saqlangan. Hovli (34,6x29,4 m) tomoni o‘ziga xos, undagi 2 qavatli qator hujralar Polvon darvozaning kichik gumbazlari ustiga va qisman tim gumbazlari chekkasiga joylashgan. Masjid va darsxona (4,8x4,8 m) tuzilishi bir xil. Usti yarim aylana shaklidagi pastak gumbaz bilan yopilgan. Devorlaridagi chuqur ravoqlar hisobiga xona keng ko‘rinadi. Ayvon (5,5x5,5 m) madrasa g‘arbida joylashgan, mehrobi ganchli muqarnasdan “iroqi” uslubida bezatilgan. Hujralar (99 ta)ning har birida bittadan eshik, tobadoniga panjaralar o‘rnatilgan.
Me’moriy inshoot Sharq an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan. O‘rta Osiyo me’morchiligida keng tarqalgan qo‘shmadrasa va “Chor” uslubida bunyod etilgan.
Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomoni shundaki, u Ko‘kaldosh madrasasi kabi sun’iy tepalikda (balandligi 3 metr) joylashgan. Shu tufayli qo‘shni binolardan ancha baland ko‘rinadi. Inshoot so‘nggi o‘rta asrlarning ilm maskani sifatida faoliyat yuritgan.
Ollohqulixon madrasasi mustaqillikka qadar va mustaqillikdan so‘ng bir necha bor ta’mirlangan. 1967-yil 30-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi hukumatining 616-sonli qarori bilan Xiva shahridagi 26 gektar maydondagi Ichanqal’a devorlari chegarasida joylashgan 51 dona me’moriy yodgorliklar, majmualar negizida “Ichan qal’a Davlat me’moriy qo‘riqxonasi”, 1969-yilda esa Dishanqal’a hududidagi yodgorliklarni qo‘shib “Ichanqal’a Davlat tarixiy me’moriy-muzey qo‘riqxona” deb e’lon qilinib, shaharning Bosh rejasida uning muhofaza qilish chegaralari va shaharning rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Bundan tashqari, Xiva ashahrining 2500 yilligi munosabati bilan Xiva shahridagi boshqa me’moriy obidalar qatorida Ollohqulixon madrasasi ham ta’mirlandi. Me’moriy obida atroflari ko‘kalamzorlashtirilgan holatga keltirildi. Madrasa afsonaviy ko‘rinishini Ichan qal’a shahri tarixiy markazida saqlab qolgan bo‘lib, 1990-yilda Xivadagi “Ichan qal’a” Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2000-yil 30-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofazalash va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida jahon talablariga mos qonuniy asosni yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |