Muhokama uchun savollar:
4.1.1. Morfologiyaning o’rganish ob’ektlari nimalardan iborat?.
4.1.2. Sintaksis nimalarni o’rgatishi kerak ?
4.1.3. Morfologiya va sintaksisning o’zaro aloqadorligi va farqini asoslang.
5-savol: Sintaksisning maqsad va vazifalari
Darsning maqsadi: Talabalarga sintaksisni o’rganishdan maqsad nima ekanligini, uning vazifalarini tushuntirish.
IDENTIV O’QUV MAQSADLARI:
Sintaksisning o’rganish ob’ektlarini aytib beradi.
Sintaksisni o’rganishdan maqsad nima ekanligini biladi.
Sintaksisning vazifalarini bayon qiladi.
5-savol bayoni:
Sintaksis grekcha syntax so’zidan olingan bo’lib, tuzish degan ma’noni bildiradi. Shundan ham ko’rinib turibdiki, sintaksis tayyor, avvaldan mavjud bo’lgan narsalarni emas, nutq jarayonida tuziladigan, hosil qilinadigan birliklarni o’rganadi. Sintaksisning o’rganish ob’ektlari mohiyat e’tibori bilan kamida ikki mustaqil so’zdan yoki kamida ikki xil hodisaning birikuvidan hosil qilingan tuzilma, bog’lanma xususiyatiga ega bo’lishi va bu bog’lanmalar ham bizning xotiramizda saqlanmagan bo’lishi, ayni nutq jarayonida hosil qilinishi lozim. Bu talabga javob bermagan til hodisalari, garchi ular tashqi jihatdan ikki yoki undan ortiq so’zdan tashkil topgan bo’lsa-da, sintaksisning ob’ekti bo’la olmaydi. Shu sababli, so’z birikmasi va gapga har qancha o’xshash bo’lmasin, iboralar, birikmali terminlar, qo’shma so’zlarning barcha turlari, turli xil analitik shakllar sintaksisning o’rganish ob’ekti hisoblanmaydi. Sintaksis jonli nutq jarayonida hosil bo’lgan birikmalar, bog’lanmalar, tuzilmalarnigina tekshiradi. Bunday tuzilmalarning hozirgacha aniqlangan turlari to’rtta: so’z birikmasi, gap(sodda gap), qo’shma gap, mikromatn. Xuddi shu tuzilmalarga qarab sintaksis so’z birikmasi sintaksisi, sodda gap sintaksisi, qo’shma gap sintaksisi, mikro matn sintaksisiga bo’linadi.
Sintaksisning o’rganish ob’ektlari bevosita nutq jarayonida hosil qilinishi tufayli sintaksis ana shu jarayonni o’rganishga ham alohida diqqat qiladi. Boshqacha aytganda, sintaksis nutq jarayonida hosil bo’lgan tuzilmalarnigina emas, bu tuzilmalarning hosil bo’lish jarayonini ham o’rganadi. Shu sababli sintaksis nutq jarayonida so’zlar, gaplar qanday bog’lanadi, bu bog’lanish jarayonlari qanday kechadi, bu jarayonda qanday hodisalar, o’zgarishlar ro’y beradi? degan savollarga ham javob beradi. Keyingi paytda bu jarayonlar haqidagi ma’lumotlar sintaktik aloqa va munosabatlar rubrikasida alohida o’rganilmoqda va sintaktik birliklarni o’rganishdan oldin berilmoqda. Bu bejiz bo’lmay, sintaktik aloqa va munosabatlarning barcha sintaktik birliklarga taalluqli ekanligi bilan belgilanadi. Zero, har qanday sintaktik tuzilma u yoki bu sintaktik aloqa-munosabat natijasida yuzaga keladi. Demak, sintaksisda so’z birikmasi, sodda gap, qo’shma gap, mikro matn kabi sintaktik birliklar bilan birga, bu birliklarning yuzaga kelish jarayonlari, sintaktik aloqa va munosabatlar ham o’rganiladi. Sintaksisning vazifalari ham shulardan kelib chiqadi. Bu vazifalarning asosiylari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
1. So’zlarning o’zaro bog’lanish usullari va vositalarini o’rganish.
2. Sintaktik aloqa va uning tur va tiplarini o’rganish.
3. Sintaktik munosabat va uning turlarini o’rganish.
4. So’z birikmasi, uning tur va tiplarini o’ranish.
5. Gap va uning grammatik kategoriyalarini o’rganish.
6. Gaplarni tasnif qilish.
7. Sodda gaplarni, ularning tur va tiplarini o’rganish.
8. Qo’shma gaplarni, ularning tur va tiplarini o’rganish.
9. Sodda va qo’shma gap oralig’idagi sintaktik tuzilmalarni o’rganish.
10. Matn va matnning hosil bo’lishi, matn turlari, matn grammatikasini o’rganish.
11. Sintaktik birliklarda tinish belgilarining roli va ularning ishlatilish o’rinlarini o’rganish kabilar.
Bu hodisalar orasida gapni o’rganish asosiy o’rin tutadi. Chunki gap fikr ifodalovchi asosiy sintaktik birlikdir. Sintaksisni o’rganishdan maqsad esa mustaqil fikr ifodalash va fikrlarni maqsadga muvofiq shakllantirishni o’rganish, fikrni har xil shakllarda ifodalashga ko’nikma hosil qilishdir. So’z birikmasi gapning tarkibiy qismi sifatidagi sintaktik birlik hisoblanadi. So’z birikmasi mustaqil sintaktik birlik emas. Qo’shma gap ham gap bilan bog’liq asosiy grammatik xususiyatlarga ega. Mikromatn turli gaplarning bir mavzu, g’oya atrofida uyushishidan, birlashishidan hosil bo’ladi. Demak, gap sintaksisda markaziy o’rin tutuvchi, boshqa sintaktik birliklarning mohiyatini belgilashda qatnashuvchi markaziy masaladir. Shu sababli ba’zilar sintaksisni gap haqidagi ta’limot ham deyishadi. Shu ma’noda sintaksisni o’rganishdan maqsad gapni o’rganishdir, deyish mumkin. Ammo gapni nimaga o’rganamiz, degan savol ham bor. Biz gapni fikrni to’g’ri, maqsadga muvofiq ifodalash uchun o’rganamiz. Gap tuzish qonun-qoidalarini o’rganish har bir talabaning oldida turgan muhim vazifadir. Bunda bizga yordam beruvchi asosiy fan sintaksisdir.
Demak, biz sintaksisni mohiyat e’tibori bilan fikrlash mohiyatini o’rganish, fikrimizni yaxshi, to’g’ri, chiroyli, maqsadga muvofiq ifodalashga ko’nikma hosil qilish uchun o’rganamiz. Sintaksisning oldiga qo’yilgan vazifalar ham ana shu bosh maqsadga bo’ysundirilgan va shunday bo’lishi lozim. Aks holda, u o’zining vazifasini to’liq bajarmagan bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |