Ildiz sistemasi. Har bir o‘simlik odatda, ko‘p sonli kuchli shoxlangan ildiz sistemasidan iborat bo‘ladi.
Ochiq urug‘li va gulli o‘simliklarning asosiy ildizi murtak ildizdan rivojlanadi va yer qatlamlari bo‘ylab pastga qarab o‘sadi. Asosiy ildizning apikal meristemaga yaqin joyida yon ildizlar paydo bo‘ladi. Asosiy ildizga yana birinchi tartibli ildiz ham deyiladi. Undan chiqqan yon ildizlarni ikkinchi tartibli, undan chiqqan ildizlarni uchinchi va boshqalar deyiladi.
Bir pallali o‘simliklarning asosiy ildizi murtakda hosil bo‘lib uzoq yashamaydi, ildiz sistemasi murtakning poyasidan paydo bo‘lgan qo‘shimcha ildizlardan shakllanadi va popuk ildizlar tizimini hosil qiladi. Bularga bug‘doy, arpa, sholi, g‘umay, suli, tariq kabilar kiradi.
Qo‘shimcha ildizlar poyalarda, barglarda, hamda ular asosiy ildizning ko‘p yillik qismlarida paydo bo‘ladi. Yuksak sporali o‘simliklarning poyalarda hosil bo‘lgan qo‘shimcha ildizlar poyaning apikal meristemasida juda erta paydo bo‘ladi va ildiz sistemasi faqat qo‘shimcha ildizlardan tashkil topadi. Bunday ildizlar tizimi ibtidoiy hisoblanib birlamchi gomoriz (yunon. gomoyos - bir xil, riza – ildiz) ildizlar deyiladi.
Agar ildiz tizimi asosiy o‘q ildizdan hamda qo‘shimcha ildizlardan tashkil topsa alloriz (yunon. allos - boshqa) ildiz sistemasi deyiladi.
Ildizlarning morfologik tiplarini tavsiflanganda yana bir qancha asosiy xususiyatlariga ahamiyat berish kerak bo‘ladi. Ya’ni, o‘q ildiz tizimida – asosiy ildiz boshqa ildizlarga nisbatan kuchli rivojlangan bo‘ladi. Asosiy ildizdan qo‘shimcha ildizlar paydo bo‘lishi mumkin, lekin ular efemer ildizlar bo‘lib, tezda nobud bo‘ladi.
Popuk ildiz sistemasida asosiy ildiz tez o‘sishdan to‘xtaydi. Ildiz sistemasi qo‘shimcha ildizlardan tashkil topadi. Agar qo‘shimcha ildizlar qisqargan vertikal ildiz poyada hosil bo‘lsa, cho‘tkasimon ildiz sistemasi shakllanadi (bir pallali o‘simliklarda).
Agar qo‘shimcha ildizlar uzun gorizantal ildiz poyalarida hosil bo‘lsa – baxromasimon ildizlar sistemasi shakllanadi. Ba’zida gorizontal ildiz poyalarda hosil bo‘lgan qo‘shimcha ildizlar yo‘g‘onlashib, kuchli shoxlanib, ikkilamchi o‘q ildiz tizimini hosil qiladi (beda, ayiqtovon).
Ildiz tizimi tuproq qatlamlarida joylashishiga qarab ham tavsiflanadi. Masalan, o‘simliklarning tuproqda suv bilan ta’minlanishiga qarab, ildizlarni asosiy qismi yer yuziga yaqin joylashadigan, tuproq qatlamlariga chuqur tushib boradigan universal ildizlar tizimiga bo‘linadi. Lekin, bunday ildizlarning morfologik xususiyatlari faqat ildizlarning turli tumanligi haqida boshlang‘ich tushunchalarnigina beradi.Har bir o‘simlikning ildizlar tizimi o‘simlikning ontogenezi davomida uning poyalar tizimini xususiyatlariga, atroflardagi o‘simliklarning ta’siriga, yil faslining almashinishiga bog‘liq holda o‘zgarib turishi mumkin.
Madaniy o‘simliklarning ildiz tizimi barcha agrotexnik uslublariga (chopish, o‘g‘itlash, sug‘orish yovvoyi o‘tlardan tozalash) bog‘liq holda o‘zgarib turishi mumkin.
Tabiiy sharoitda o‘sgan o‘simliklarning ildizlari o‘sishiga barcha shart-sharoitlar yetarli bo‘lganda, ildizlar cheksiz o‘sadi. Lekin ildizlarning o‘sishiga va shoxlanishiga atrofdagi boshqa o‘simliklarning ildizlari va yer ustki organlari katta ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, issiq xonalarda o‘sgan katta bir tup javdar ildizining umumiy uzunligi 623 km, bir sutkada o‘sgan barcha ildizlarning umumiy uzunligi 5 km ni tashkil etadi. Shu tupning umumiy ildiz yuzasi 237 m2 bo‘lib, yer ustki qismining sathidan 130 marotaba ko‘proqdir.
Ko‘p yillik o‘simliklarning ildiz sistemasida har vaqt ba’zi ildizlar o‘lib, boshqalari ularning o‘rniga paydo bo‘lib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |