AJDODLARIMIZ MEROSI – MA`NAVIY DURDONA SIFATIDA
(ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR MISOLIDA)
AQBUTAYEV J. A., JDPI magistranti,
UMAROV J.B., JDPI Tarix fakulteti talabasi,
Ilmiy rahbar: MIRZAYEV B.N., Tarix va uni o`qitish metodikasi kafedrasi o`qituvchisi
Ma’lumki, tarixda jasur sarkarda, odil hukmdor sifatida nom qozongan Zahiriddin Muhammad Bobur ilm-fan va san’at homiysi, boy adabiy hamda ilmiy meros qoldirgan betakror shoir, olim hisoblanadi. Zero, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlarki: “Xalqimizning Navoiy, Ulug‘bek, Bobur, Mashrab, Furqat, Qodiriy va yurtimizning boshqa buyuk farzandlari yubileylarini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini juda ruhlanib kutib olganligini bejiz emas, deb o‘ylaymiz. Ularning merosi O‘zbekiston xalqlari umuminsoniy qadriyatlarining ravnaqi va boyishiga xizmat qilib kelgan edi va bundan buyon ham xizmat qiladi. Biz ularning bebaho merosini xalqqa, avvalo, yoshlarga yetkazish uchun barcha ishlarni qilamiz" [1,4-bet].
Buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi, faoliyatini o‘rganish har doim o‘zbek olimlarini e’tiborini o‘ziga tortgan. Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o‘rganish, ayniqsa, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Xususan, o‘zbek olimlari Abdugafurov A., Qudratullaev H., Voxidov R., Nuriddinov M., Ibrohimov A., Nuritdinov M., Fayziev T., Zoxidov.V., Abdullaeva M., Qodirov P., Azimjonova S. va boshqalar Bobur hayoti, faoliyati va ijodining tarixiy, adabiy, sarguzashtlik hususiyatlari haqida izlanishlar olib borganlar. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati bilan bog‘liq tatqiqot ishlarinii olib borgan A.Abdugafurov o‘zining “Navoiy va Bobur (Buyuk beshlik saboklari)” nomli monografiyasida nafakat Zahiriddin Muhammad Bobur balki she’riyat mulkining sulton Alisher Navoiylarning ijodlari haqida bo‘libgina qolmay bir so‘z bilan aytganda temuriylar davri madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va qisman siyosiy hayoti tarixini ham yoritib o‘tgan [2, 26-bet].
Zaxiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda, Farg‘ona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Bu davrda Markaziy Osiyo va Xurosonda turli hokimlar, aka-ukalar, tog‘a-jiyanlar, amakivachchalar o‘rtasida hokimiyat ulug‘ bobolari Amir Temur tuzgan yirik davlatga egalik qilish uchun kurash nihoyatda keskinlashgan edi. Adabiyot, nafis san’at, tabiat go‘zalligiga yoshligidan mehr qo‘ygan Zahiriddin, barcha Temuriy Shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida yetuk ustozlar rahbarligida egalladi [3].
Zaxiriddin Muhammad Bobur o‘z davrida Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim, yirik davlat arbobi, geograf, tarixchi bo‘lishi bilan bir qatorda fidokor o‘g‘il va jonkuyar ota ham bo‘la olgan. Bobur hayoti ichki ziddiyatlarga to‘la bo‘lgan. XV asrda Xurosonda Qarindoshlar o‘rtasidagi hokimiyat uchun bo‘lgan kurash Boburni ham chetlab o‘tmagan. Shunday tahlikali qiyin davrda ulkan iste’dodini namoyon qila olgan va o‘zidan munosi farzandlar qoldira olgan. O‘sha davrda Bobur kurashga shunchalar sho‘ng‘ib ketgan, bu kurashlar uni shu darajada qaritib qo‘yga ediki, uni ko‘rishga Qunduz shahriga kelgan Xonzodabegim ukasini ko‘rganda uni taniy olmagan ekan. Uni 18-19-yoshlarida oxirgi marta ko‘rgan Xozodabegim yelkalari turtib chiqqan, soqol mo‘ylovi tarshlangan holda kirgan Boburni xizmatkor deb o‘ylagan ekan [4,371-bet]. Lekin Bobur juda matonatli inson ediki turmush, saltanat tashvishlarining sovug‘iga ko‘krak kerib tura olgan. Bobur farzand tarbiyasida ham yuqori cho‘qqilarni zabt etgan otadir. U eng avvalo kechirimlilikni ilgari surgan. Ma’lumki o‘sha davrdagi taxt uchun janglarda jigar bir-birining qonini to‘kishgacha borganlar. Lekin u har qanday bo‘hton uydurmalar oldida jizzakilik qilmagan va vazminlikni saqlay olga holda muammolar yechimini izlagan. Bobur bunday hiyonatkor jigarlar qarshisida ham oqilona qarorlar chiqara olgan. Bunday xislatlarni davomchisi Humoyun hayoti davomida ham uchratish mumkin. Boburnig bu boradagi fikrlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “Ulug‘lar ko‘tarmlilik bo‘lg‘aylar “deya e’tirof etgan [5,251-bet]. Xonzodabegim tomonidan Humoyunga eslatma qilingan Boburning bu gaplarining mazmuni shunday ediki, o‘zini ulug‘roq hisoblagan kishi kechirimli bo‘ladi. To‘rt aka-uka Qobulga kelib, baland tepalik ustidagi Bobur maqbarasi ko‘tarilib, ota ruhi oldida ahllikni buzmaslikka ond ichishadi. Shohlikning o‘ziga tortar dilrabosi baribir og‘a-inilar orasiga sovuqchilik soladi. Oradan ikki yil o‘tar o‘tmas Mirzo Askariy Humoyunga qarshi bosh ko‘taradi. Humoyunga ota me’ros vazminlik uni kechirishga majbur qiladi. Mirzo Askariyga hajga bormoqqa imkon beriladi. Ammo Mirzo Askariy haj yo‘lida vafot etadi. Aka-ukalar orasidagi bitimni birinchilardan bo‘lib Kamron Mirzo buzgan deyiladi [5,290-bet].
Humoyunning tabiati, hayot va saltanat tizginidagi qarorlari barcha-barchasida otasi Boburning nafasi, Boburning insonparvarligi, Boburning ishonuvchanligi, Boburning rahmdilligi, Boburning Kechirimliligi ufurib turadi.
Boburning shohlik siymosidagi bosib o‘tgan yo‘li qanchalik taqdir qiyinchiliklariga boy bo‘lmasin ota siymosidagi yo‘li undanda og‘irroq kechgan. Bobur saltanat tashvishlaridan bosh ko‘tara olmay farzand tarbiyasiga o‘z nazdidagidek vaqt ajrata olmaganini o‘z bitiklarida bir necha bor keltirib o‘tgan.
Boburning muhoraba maydonidagi g‘alabalarini ta’minlagan omillardan biri, balki eng muhimi, uning razvedka xizmatidan foydalanish qobiliyatidir. Ayni shu mahorat minglab lashkarlarni o‘lim balosidan asrashda, urushni o‘z foydasiga hal qilishda, qolaversa, atrofidagi kishilar ruhiyati, shaxsiyatini yanada yaxshiroq anglashida, dushman niyati – sirasroridan avvalroq voqif bo‘lishda Boburga qo‘l kelgan. Ta’kidlash joizki, razvedka xizmati tarixi uzoq o‘tmishlarga borib taqaladi. Undan oqilona, taktik jihatdan pishiq foydalangan shaxsgina yuksak natijalarga erishgan. Shoh va sarkarda Boburning yuksak mantiqiy tahlili, urush sharoitini yaxshi anglashi, yashindek tez xulosaga kelishi, razvedka xizmatiga o‘z fursatida murojaat etishi va qariyb adashmaganligi kishini hayratga soladi [6]. «Boburnoma»dan bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. 1503-1504 yilgi voqealar. Bobur Movarounnahrdan noumid bo‘lib, Kobulga yuz tutgan, Hisor viloyatining Iloq yaylovlarini kezib, taqdir bundan keyin unga ne kunlarni ravo ko‘rishini o‘y-xayollaridan o‘tkazayotgan murakkab davr, bor-yo‘g‘i «ushbu yurtta yigirma uch yoshning ibtidosida yuzumga ustara qo‘ydum» [7,122-123-betlar], deb navqiron yigitligiga urg‘u bergan payti. Yosh Bobur bu yurtlarda hukmronlik qilayotgan Hisor begi, keyinroq o‘zining ashaddiy dushmani bo‘lgan Xisravshoh va uning saltanati haqida ma’lumotga ega bo‘lish uchun Mullo Boboyi Pashog‘ariyni «elchilikka» yuboradi. Boburning bundan maqsadi elchi yo‘llashgina emas, zarur ma’lumotga ega bo‘lish edi. Lekin, Boburning ta’kidlashicha, Pashog‘ariy «ko‘ngulga yoqqudek so‘z kelturmadi» [7,125-bet]. Aslida, Pashog‘ariy judayam quruq qaytmagan. U odamlar orasida bo‘lib, ayrim zarur ma’lumotlarni yetkazgan: «vale el va ulusdin so‘zlar kelturdi» [7,125-126-betlar].
Boburning harbiy-strategik rejalari ya’ni razvedkachilik ishlari borasida ham shuni ko‘rsatib o‘tish mumkinki, «1509- 1510 yilning bu qishi ancha kech kelib, Boburga cherikning oziq-ovqati tashvishi orom bermayotgan payt. U yozadi: «Seshanba kuni oyning yettisida beklarni va dilazak afg‘onlari ulug‘larini tilab, kengashib, so‘zni munga qo‘yuldikim, yil oxir bo‘lubtur, hutg‘a bir-ikki kun qolibtur, tuzdagi oshliqni tamom ko‘taribturlar. Bu fursatta Savodqa borsak, cherik eli oshliq topmay tanqisliq bo‘lg‘usidur» [7,144-145-betlar]. Bobur o‘zining lashkarlari bilan juda mashaqqatli dovon, adirlarni kezib oxiri Pankyaliy degan joyga tushadilar. Mahalliy sharoitni bilish, keyingina bir qarorga kelish uchun Bobur «O‘g‘onberdini bir necha kishi bila til olg‘ali ilgarrak» yuboradi. Biroq, O‘g‘onberdi ham bu gal «ko‘ngul tilagudek tahqiq xabar kelturmadi». [7,145-bet] Albatta, bu hol Boburni qanoatlantirmagan. Boburning bu galgi xabarchilari aniq ma’lumot olib kelmaganlaridan so‘ng, u tavakkal qilib hujumga o‘tadi, g‘animlarining «bir pora asir va o‘y va galalarini» qo‘lga kiritadi. Boburning shu joydagi boshqa razvedka ma’lumotini olishi u bilan kurash olib borayotgan afg‘on sarkardalarining umumiy holati haqida bo‘lib, uning endi, qaysi yo‘lni tanlashi uchun muhim edi. Aslini olganda, xuddi shu fursatlarda, afg‘on yerlarini uncha yaxshi tasavvur etmagan Bobur uchun bunday xabarlar zarur va razvedka xizmatining asosiy vazifalaridan bo‘lgan. Bu ma’lumotlar yuzaki qaraganda jo‘nroq ko‘rinsa-da, aslida Bobur va uning lashkarlarini o‘limdan saqlagan, oziq-ovqatli mavzelarga yetaklagan, kimga qarshi kurashishni oldindan belgilab bergan.
Demak, Bobur bu muhoraba janglarga kirgunga qadar uch marta razvedka xizmatiga murojaat etgan. Uning xabarchilari bu yerning relefi, suv zahirasi, holatini «ko‘rub-bilib» kelishlari zarur bo‘lgan. Bunda ma’lumot to‘laqonliligini ta’minlash, shubhaga o‘rin qoldirmaslik topshirilgan. Binobarin, xatolikka yo‘l qo‘yish urushda yengilish bilan barobar bo‘lgan. Bobur ma’lumotni olib, qanoat hosil qilgandan so‘ng tez xulosaga keladi: « ...betavaqquf kelib qo‘shilg‘aylar». Ya’ni zaxiradagi qo‘shinlar unga kelib qo‘shilishini amr qilgan. Shundan keyin ham ko‘ngli to‘lmagan Bobur yana razvedkadan foydalanadi va ana shu xabardin keyin va bu yerda jang olib borishga oid tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazadi. Chunki xabarchilarning ma’lumotiga binoan zahira kuchlari unga yetib keladi, dushmanning qaerga, qaysi masofada kelib tushganligidan ogoh bo‘ladi va shunga qarab kerakli joylarda qorovullarni tayinlaydi: «Humoyunning navkari Bek Mirak mo‘g‘ulni bir necha yigit bila kofirdin xabar olg‘ali yiborildi. Kechasiga borib, xabar olib, tonglasi xabar kelturdilarkim, g‘anim kishisi Busovardin bir kuruh ilgarrak kelib tushgan emish. Ham ushbu kun Mahdiy Xoja va Muhammad Sulton mirzo va Bayanadag‘i ilg‘or kelib qo‘shuldilar. Beklar navbat bila qaravulliqqa ta’yin bo‘ldilar» [7,146-147-betlar].
Boburning bu tirishqoqligi, maqsad sari intilishi, yuksak razvedka qobiliyati katta natijani bergan. Natija uning ko‘nglidagidan ham yaxshi bo‘ladi. Bobur muhorabalarda juda katta yutuqqa erishadi, o‘zi tashabbus ko‘rsatib Usta Aliquli to‘pchi bilan yaratgan to‘plarini ishga solib, Ibrohim Lo‘diy ustidan mutlaq g‘alaba qozonadi. Bu natijalarni qo‘lga kiritishda, albatta, bevosita uning razvedkaga oid qobiliyatining ham muhim hissasi bo‘lgan.
Ajdodlarimizning harbiy salohiyati tarixini o‘rganish yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otishda alohida ahamiyatga ega. Binobarin, millatimizning harbiy tarixi deyarli o‘rganilgan emas. Birgina Bobur harbiy mahorati ko‘plab tadqiqotlarga yetarli material bera oladi. Bu masalalarni Boburning mohir adib, shoir, olim, ensiklopedik bilim sohibi sifatlari bilan hamohang o‘rganish, ayniqsa, yanada katta samara beradi. (Hasan Qudratullaev. Boburning razvedka mahorati (2004) [8, 6-7-betlar].
Bobur xarakteriga xos hususiyatlarni o‘z davridagi tarixchi olimlar ham baho bergan. Xususan, «Tarixi Rashidiy» asarining muallifi Mirzo Muxammad Xaydar, Boburni: «son-sanoqsiz yaxshi fazilatlarga ega edi, dovyuraklik va valomatlikda hammaning orasida ajralib turardi» [9,250-bet], -deb tasvirlagan.
Darhaqiqat, Bobur ijodini mutolaa qilgan kishi Boburning mardligi, ishonuvchanligi, keng qalbli, beg‘ubor tabiatli, samimiy xislatlarga boy, Neru ta’biri bilan aytganda, «dilbar shaxs...» ligining guvohi bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Zahiriddin Muhammad Bobur merosi, insoniy oliyjanobligi, tarixiy-ma’rifiy, shu bilan birga, juda katta ijtimoiy-tarbiyaviy va estetik ahamiyati bilan bir vatorda uning komillik belgisi bo‘lgan insonparvarlik, xalqlar do‘stligi, osoyishtalik va birodarlik uchun kurash g‘oyalarini xormay-tolmay kuylagan Bobur, mustaqil Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qushadigan, qushayotgan barkamol yoshlarni tarbiyalashda, tinchlik, demokratik jamiyat qurish uchun kurashayotgan, bir so‘z bilan aytganda, salohiyatli, qobiliyatli xalqimiz farzandlari o‘tmish merosimiz hamda o‘z tariximizni o‘rganishda dasturul amal vazifasini o‘taydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |