Adibning hayot va ijod yo‘li. Oybekning tug‘ilgan sanasi uning turli yillarga oid tarjimayi hollarida turlicha qayd etilgan. Agar adib «She’rlar» kitobi (1963) ga ilova qilgan tarjimayi holida tug‘ilgan sanasini 1904-yil 22-dekabr deb ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘n jildlik «Asarlar» to‘plamining 1-jildi (1968)da: «Men toshkentlikman. 1905-yil 10-yanvarda Eski shaharda o‘rta hol hunarmand-bo‘zchi oilasida tug‘ildim», deb yozgan. Shu so‘nggi ma’lumot ilmiy muomalada Oybekning tug‘ilgan sanasi sifatida qabul qilingan.
Oybek va G‘afur G‘ulom singari XX asr boshlarida tug‘ilgan yozuvchilar o‘z tarjimayi hollarida madrasada tahsil ko‘rgan yillarini davr taqozosi bilan chetlab o‘tib, eski maktabda o‘qiganlari haqida ma’lumot berganlar. Holbuki, Oybek Toshkentning Oqmasjid mahallasidagi madrasada tahsil ko‘rib, shu yerda arab va fors tillarini o‘rgangan hamda shu yerda Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor, Alisher Navoiy singari mashhur shoirlar ijodi bilan tanishgan.
Oybek tug‘ilgan vaqtda, Turkistonga rus manufakturasining kirib kelishi sababli bo‘zchilik orqasida tirikchilik o‘tkazgan kishilarning kasbi kasodga uchradi. Shu sababdan ham uning otasi shahar atroflaridagi qishloqlarda boqqolchilik, onasi esa tikuvchilik bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
Oybek bolalik paytlarida otasining safarlariga hamroh, onasining yumushlariga esa madadkor bo‘lishi tufayli oddiy mehnatkash xalq hayoti bilan yaqindan tanishdi va turfa xarakterli kishilar tabiati va tilini yaxshi o‘rgandi.
Bu davr mustamlakachilik yillari edi. Chor hokimiyatining zulmi, Toshkent shahri politsmeysteri Mochalovning dahshati, «sartlar va itlar»ga kirish mumkin bo‘lmagan bog‘lar, og‘ir turmush orqasida qaddi dol bo‘lgan kishilar, 1916-yil Toshkent qo‘zg‘oloni... Oybek ana shu voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘sdi. Uning dunyoqarashi shu voqealar ta’sirida shakllana boshladi. Keyin 1917-yil Oktabr to‘ntarishi, chor amaldorlari o‘rniga bolsheviklarning kelishi... Eski hammom, eski tos... To‘g‘rirog‘i, eski tog‘ora, yangi nog‘ora...
Oybek Shayxontohur dahasidagi «Namuna» maktabi (1918- 1921) va Navoiy nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumi (1921-1925)da o‘qib yurgan kezlarida Munavvar qori Abdurashidxonovning ta’sir doirasida bo‘ldi. Munavvar qori shu yillarda Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlab, mustaqil o‘zbek davlatini barpo etish niyatida «Milliy ittihod» yashirin tashkilotini tuzgan siyosiy arbob edi. Kelajakka hushyor ko‘z bilan qaragan Munavvar qori, Eson afandi, Cho‘lpon kabi kishilarning maslahati bilan Oybek texnikumni tugatgach, 1925-yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakultetining siyosiy iqtisod bo‘limiga o‘qishga kirdi. U 1930-yili universitetni tugatib, oliy ma’lumotli bo‘lganida Munavvar qori va boshqa «milliy ittihodchilar» Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlash maqsadida tuzilgan aksilinqilobiy tashkilotning a’zolari sifatida qamoqqa olingan, bolsheviklar qurgan davlatning O‘rta Osiyodagi mavqei esa anchagina mustahkamlangan edi.
Oybek universitetda dars berish bilan birga, 1933-yilda Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish institutida ham ishlay boshladi. 1934-yilda bu ilmiy markaz Til va adabiyot institutiga aylantirildi. Xullas, 1935-yilda Oybek oldida yo iqtisodni, yoki adabiyotni tanlash muammosi paydo bo‘ldi. Oybek bu vaqtda «Tuyg‘ular» (1926), «Ko‘ngil naylari» (1929), «Mash’ala» (1932), «Baxtigul va Sog‘indiq» (1934) she’riy to‘plamlari, «Dilbar-davr qizi» (1932), ,,O‘ch» (1933) kabi dostonlarini e’lon qilgan, el-yurt mehrini qozona boshlagan shoir edi. U Til va adabiyot institutida ishlagan holda badiiy ijod olamini tanladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, qonli 1937-yil kirib keladi. Oybek Yozuvchilar uyushmasidan o‘chirilib, Til va adabiyot institutidan haydaladi. U og‘ir ruhiy va iqtisodiy ahvolda yashaganiga qaramay, qatag‘on to‘lqini biroz sokin tus olgan kezlarda birinchi yirik nasriy asari-»Qutlug‘ qon» romanini yozishga kirishadi.
Mazkur romanning 1941-yilda nashr etilishi Oybekni o‘zbek yozuvchilarining oldingi safiga olib chiqdi. Shu vaqtdan boshlab u she’riy va nasriy janrlarda baravar samarali ijod etib, «Navoiy» (1944), «Oltin vodiydan shabadalar» (1949), «Quyosh qoraymas» (1959), «Ulug‘ yo‘l» (1965) romanlari, «Nur qidirib» (1957), «Bolalik xotiralari» (1963) va «Bola Alisher» (1967) qissalari, «Qizlar» (1947), «Hamza» (1948), «Davrim jarohati» (1952) hamda «Guli va Navoiy» (1968) dostonlarini yaratdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybekning adabiy merosi yigirma jildlik «Mukammal asarlar to‘plami»da e’lon qilingan (1975-1985).
Do'stlaringiz bilan baham: |