MAVZU:TUPROQ STRUKTURASI. TUPROK STRUKTURASINING BUZILIShI VA TIKLASh.
Reja:
Tuproq strukturasi xaqida tushuncha, tuproq strukturasining turlari
Strukturaning agronomik ahamiyati va strukturaning buzilish sabablari va tiklash.
Tuproqning nam sig’imi va uning turlari. Tuproqning suv o’tkazuvchanligi va suv ko’tarish qobiliyati.
Tuproqning suv rejimi, uni boshqarish va yaxshilash tadbirlari 5.Tuproq havosi va havo xossalari.
6. Tuproqning havo rejimi va uni yaxshilash tadbirlari.
Struktura - tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligini belgilovchi muhim agronomik xossadir. Tuproqning qator fizikaviy, fizik-mexanik xossalari, suv-havo, issiqlik va oziqa rejimi hamda tuproqda kechadigan mikrobiologik jarayonlar, uning strukturasi bilan bevosita bog’liq.
Tuproq paydo bo’lish jarayonlari natijasida tuproqdagi turli mexanik elementlar bir-biri bilan (asosan gumus va kalsiy ta’sirida) birikib har xil donador bo’lakchalar (uvoqchalar) hosil qiladi va unga s t r u k t u r a a g r ye g a t l a r i yoki bo’lakchalari deyiladi.
Tuproqning alohida agregatlar (bo’lakchalar) ga ajralib (bo’linib) ketish qobiliyatiga s t r u k t u r a h o l a t i, turli o’lcham, shakl va sifat tarkibli struktura agregatlarining yig’indisiga uning s t r u k t u r a s i deb ataladi. Qum va qumloq tuproqlarda mexanik elementlar, odatda agregatlarga birikmagan alohida zarrachalardan tashkil topgan. Qumoq va soz tuproqlar esa strukturali va strukturasiz yoki kam strukturali holatda bo’ladi. Strukturani o’rganayotganda unga tuproqning muhim morflogik belgisi sifatida va ikkinchidan agronomik nuqtai nazardan qarash kerak. Strukturaning tuproq fizikaviy xossalariga, yerga ishlov berish sharoitlariga, tuproqning suv-havo rejimlari va umuman unumdorligi, hamda o’simliklarning rivojlanishiga ta’siri kabi masalalar V.V.Dokuchayev, P.A.Kostichev, K.K.Gedroys, A.G.Doyarenko, I.N.Antipov-Karatayev, N.A.Kachinskiy, N.I.Savvinov, P.V.Vershinin, A.F.Tyulin, D.V.Xan, S.N.Rijov, M.U.Umarov, L.T.Tursunov singari mamlakatimiz va chet el mamlakatlari olimlari tomonidan batafsil o’rganilgan.
Turli tabiiy sharoitlarda hosil bo’ladigan tuproqlarning struktura agregatlari nafakat katta-kichikligi, balki shakli bilan ham farq qiladi. Har bir tuproq tipi uchun o’ziga xos struktura xarakterli. Strukturaning asosan: kubsimon, prizmasimon va plitasimon kabi uch xil shakli ajratiladi.
Agronomik nuqtai nazardan P.V.Vershinin bo’yicha, tuproq strukturasi o’lchami (katta-kichikligi) ga ko’ra quyidagi gruppalarga: 1) >10 mm, kesakli struktura; 2) 10-
0,25 mm gacha makrostruktura; 3) 0,25-0,01 mm gacha dag’al mikrostruktura; 4) 0,01 mm dan kichik nozik mikrostrukturaga bo’linadi. Odatda tuproq strukturasi: 0,25-10 mm gacha bo’lgan m a k r o s t r u k t u r a va 0,25 mm dan kichik agregatlardan iborat m i k r o s t r u k t u r a g a ajratiladi. Tadqiqotlardan ma’lumki, qumoq va soz mexanik tarkibli tuproqlarda optimal holidagi strukturaning bo’lishi uchun 0,25 mm dan katta agregatlar miqdori 70-80 foiz (jumladan, suvga chidamli agregatlar 40-60 foizni) tashkil etishi muhim ahamiyatga ega. Yirik makrostrukturalar tuproqdagi eng qulay suv-havo xossalarini yuzaga keltiradi. Makrostruktura bilan bir qatorda tuproq unumdorligida, ayniqsa 0,25 dan 0,05 mm gacha o’lchamli mikrostrukturalarning roli ham katta. Mikrostrukturalar O’rta Osiyoning bo’z tuproqlari sharoitida ekinlardan yuqori hosil olishni ta’minlaydi.
Strukturaning qimmati (sifati) ularning nafaqat o’lchami bilan balki suvga chidamliligi va mexanik jihatdan mustahkamligi bilan ham belgilanadi. Shunday xususiyatga ega bo’lgan strukturalar uzoq vaqt buzilmasdan saqlanadi, ular yomg’ir va sug’orish suvlari ta’sirida changlanib ketmaydi, yerga mexanik ishlov berilganda barqaror, chidamli bo’lib qoladi. Turli tabiiy zonalardagi tuproqlarning haydalma qatlamida suvga chidamli strukturalar miqdori bir xil emas. Strukturaning eng muhim
ko’rsatkichlaridan biri, uning g’ovakligidir. Eng yaxshi strukturali qora tuproqlarda agregatlar oralig’idagi g’ovaklik, uning hajmiga nisbatan 50 foizga yaqin bo’lib, tuproqlarda eng qulay suv-havo xossalarini yaratadi. Strukturadagi g’ovaklik qanchalik oz bo’lsa, tuproqda o’simliklar uchun foydali nam, havo shuncha kam va o’simliklarning o’sib, rivojlanishi uchun sharoit ham yomon bo’ladi.
Mexanik elementlar bir-biri bilan yopishib yoki mineral va organik moddalar o’zaro birikib, mikroagregatlar hosil qiladi. Keyinchalik mikroagregatlar to’plamidan makroagregatlar yuzaga keladi.
Agronomik nuqtai nazardan qimmatli strukturalarning yuzaga kelishi tuproqning alohida agregatlar (bo’laklar)ga ajralishi hamda suvga chidamli agregatlarning hosil bo’lishi kabi jarayonlar bilan bog’liq. Tuproqning to’la agregatlarga ajralib ketishi o’simliklar ildiz sistemasining rivojlanishi tufayli, shuningdek tuproqda yashaydigan jonivorlarning faoliyati va tuproqning davriy ravishda muzlab, namlanib turishi, yerning qurishi hamda uni ishlash natijasida ro’y beradi.
O’simliklarning zich ildizlari tuproqning barcha bo’shliqlari (g’ovakliklari) bo’ylab kirib boradi va tuproqni alohida bo’laklarga ajratadi; mexanik elementlar va mikroagregatlarni mustahkamlaydi. O’simliklar qoldig’idan hosil bo’ladigan gumus tuproq strukturasining suvga chidamliligini oshiradi. Tuproqdagi suvga chidamli agregatlarning hosil bo’lishida yomg’ir chuvalchanglarining roli ham alohida ahamiyatga ega. Tuproqning davriy ravishda muzlashi va erishi ham qurishi tufayli struktura agregatlari paydo bo’ladi. Tuproqning nam sig’imi 60-90 foiz bo’lgan sharoitda yer muzlaganda eng ko’p struktura hosil bo’lib, ammo ular suvga chidamsizdir.
Strukturaning hosil bo’lishida tuproqning mexanik tarkibi, gumus miqdori va singdirilgan kationlarning ahamiyati ham katta. Og’ir mexanik tarkibli, gumusga boy, va ikki, uch valentli kationlar bilan to’yingan tuproqlarda davriy ravishda namlanib, qurib turgan sharoitda, yaxshi struktura agregatlari hosil bo’ladi.
Tuproqda agregatlarning yuzaga kelishida yerga mexanik ishlov berish (haydash, kultivasiya, boronalash singarilar) ham rol o’ynaydi. Bunda yerga ishlov berishning ijobiy va salbiy ta’siri bo’lishi mumkin.
Strukturaning hosil bo’lishi uchun yerga mexanik ishlov berish tuproqning maqbul namligida, ya’ni yetilgan davrida olib borilishi lozim. Struktura hosil bo’lish namligi yengil qumoq tuproqlarda og’irligiga nisbatan 15 dan 18 foizgacha, soz tuproqlarda esa 34-38 foiz atrofidadir. Tuproqdagi suvga chidamli strukturalarning hosil bo’lishida tuproq kolloidlari va singdirilgan kationlarning roli katta. Gumin kislotalariga boy chirindi moddalari va gilli minerallardan montmorillonit, gidroslyudalarning o’zaro ta’siridan suvga chidamli, mustahkam struktura hosil bo’ladi.
Strukturaning yuzaga kelishiga tuproqdagi aerasiya sharoitlari ham ta’sir etadi. Aerob sharoitda mikrobiologik jarayonlar kuchli kechadi va organik qoldiqlar tez parchalanib, gumin kislotalariga boy gumus moddalar hosil bo’ladi. Bunday sharoitda mikroblar plazmasi ko’prok to’planib, suvga chidamli struktura hosil bo’lishda ishtirok etadi. Agronomik nuqtai-nazardan mustahkam strukturalar, tuproqda hosil bo’ladigan suvda erimaydigan yoki qiyin eriydigan mineral moddalar (kalsiy
karbonati, kalsiy fosfati, temir, alyuminiy oksidlari va boshqalar) ta’sirida xam ro’y beradi.
Strukturaning suvga chidamliligi dinamik ko’rsatkich bo’lib, ular vegetasiya davrida temperatura va namning o’zgarishi tuproqning biologik aktivligi, chirindining hosil bo’lishi kabi sharoitlarga ko’ra o’zgarib turadi.
4. Ilgari aytilganidek, agronomik nuqtai nazardan tuproqning haydalma qatlamida 10 dan 0,25 mm gacha bo’lgan makroagregatlarning ahamiyati katta. Makroagregatlarga ajralib turadigan tuproqlarga s t r u k t u r a l i, 0,25 mm dan kichik mikroagregatlar ko’p bo’lgan tuproqlarga s t r u k t u r a s i z tuproqlar deyiladi. Kesakli struktura ham strukturasiz tuproqlar jumlasiga kiradi.
Strukturali tuproqlar strukturasiz tuproqlarga nisbatan o’zining g’ovak qovushmasi, kam zichligi va yuqori g’ovakligi hamda kovakliklarning sifat ko’rsatkichlari bilan farqlanadi.
Strukturasiz tuproqlarda nozik ingichka kapillyarlar ko’p bo’lib, strukturali tuproqlarning makroagregatlari orasida va ular ichida yirik bo’shliqlar serob. Struktura holatiga ko’ra tuproqlarning suv o’tkazuvchanligi keskin farq qiladi. Suv ko’taruvchanligining tezligi va balandligi strukturasiz tuproqlarda yuqori bo’lganidan, nam tez bug’lanib ketadi. Strukturali tuproqlarda esa aksincha nam uzoq saqlanadi. Tuproq strukturasi havo almashinuvida ham muhim rol o’ynaydi. Mikroagregatlar (<0,25) da (hatto ular quruq xolida ham) havo almashinuvi yomon bo’ladi. Makrostrukturalarda esa, yuqori namlikda ham havo almashinuvi yaxshi bo’lib turadi. Strukturasiz tuproqlarda nam yetarli bo’lganda ham, o’simliklarning ildizi va aerob mikroorganizmlar erkin kislorod yetishmasligidan qiynaladi. Havo yetarli bo’lganda, aksincha foydali nam kamayadi. Strukturasiz tuproqlardan atmosfera yog’inlari sekin o’tadi. Bahorgi kuchli yomg’irlar yer yuzasidan oqib ketib, tuproqning eroziyalanishiga sabab bo’ladi.
Strukturali tuproqlarda suv bilan havo o’rtasida qarama-qarshilik bo’lmaydi. O’simliklar uchun yetarli miqdorda nam bo’lganda, havo zahirasi ham yetarlidir. Bu tuproqlar shamol va suv eroziyasiga chidamli. Strukturali tuproqlarda mikrobiologik jarayonlar yaxshi kechadi va o’simliklar uchun maqbul o’tadigan oziq elementlari to’planadi. Strukturali tuproqlarning g’ovak holda bo’lishi, urug’larning tez va sifatli unib chiqishi hamda ildizlarining yaxshi rivojlanishiga imkon beradi
Do'stlaringiz bilan baham: |