Strukturasiz tuproqlar nam bo’lganda tez ezgilanadi, quriganda zichlanib qatqaloq hosil qiladi.
14-rasm. Strukturasiz tuproqlar zich qatqaloq qatlami.
Bu tuproqlarda urug’larning unib chiqishi va ildizlarning rivojlanishi yomonlashadi. Demak, strukturali tuproqlarda strukturasiz yerlarga nisbatan suv- havo, issiqlik va oziq rejimlari ancha qulay. Shuning uchun ham bu tuproqlar unumdor hisoblanadi. Har ikkala (strukturali va strukturasiz tuproqlar) sharoitida qullaniladigan, bir xildagi agrotexnik tadbirlar hamma vaqt strukturali yerlarda yaxshi samara beradi va hosil ham yuqori bo’ladi. Bunday yerlar ishlanganda kam kuch va energiya sarflanadi.
Tuproq strukturasi o’zgaruvchan bo’lib, turli omillar ta’sirida buziladi va tiklanib turadi. Bu omillarni boshqarib turish tuproqlarning zarur struktura holatini saqlab, uni yaxshilab borish imkonini beradi.
Tuproqdagi agronomik jihatdan qimmatli strukturalarning buzilish sabablari xilma-xil bo’lib, ularni quyidagi uch gruppaga birlashtirish mumkin:
Strukturaning mexanik ravishda buzilishi. Tuproqning yuza qismlariga tushadigan atmosfera yog’inlari ta’sirida va shuningdek yetilmagan nam tuproq yoki juda quruq holatdagi tuproqlarni ko’plab marotaba xaydash xamda bunda og’ir mashinalar, ish qurollaridan foydalanish natijasida struktura buziladi. Bundan tashqari odamlar va mollarning dalada yurishi strukturani ezgilaydi.
Strukturaning buzilishini oldini olishda yerni obi-tobida haydash, tuproqqa minimal ishlov berish va qishloq xo’jalik mashinalarining yengil, maqbul konstruksiyalaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Strukturaning fizik-kimyoviy buzilishiga, singdirilgan kationlar ko’proq ta’sir ko’rsatadi. Asosan singdirish kompleksidagi ikki, uch valentli (Ca2+ va Mg2+) kationlarning bir valentli (Na+, H+, NH4+) kationlar bilan almashinuvi bunga sabab bo’ladi. Bir valentli natriy, ammoniy va vodorod struktura hosil qiluvchi kolloidlar (shuningdek gumusli moddalar)ni nam sharoitda peptizasiyalab, struktura agregatlarini buzadi. Shuning uchun ham kimyoviy meliorasiyalash (kislotali yerlarni ohaklash, sho’rtoblarni gipslash) strukturaning saqlanib qolinishida muhim rol o’ynaydi.
Strukturaning biologik yo’l bilan buzilish sababi, asosan aerob sharoitdagi mikroorganizmlarning hayot faoliyati bilan bog’liq. Mikroorganizmlar struktura hosil qilishda muhim rol o’ynovchi organik moddalar, jumladan gumusning aerob sharoitda tez minerallashib, parchalanib ketishiga olib keladi. Natijada tuproqdagi chirindi kamayib, strukturaning asta-sekin buzilib borishiga sabab bo’ladi. Shuning
uchun ham tuproqda mo’tadil mikrobiologik jarayonlarning bo’lishi muhim ahamiyatga ega.
Tuproq strukturasining buzilish sabablarini e’tiborga olgan holda strukturani saqlab qolishga qaratilgan quyidagi muhim tadbirlardan samarali foydalanish zarur:
1) tuproqlarning xossalari va o’ziga xos xususiyatlariga qarab yerga ishlov berishning samarali sistemalaridan foydalanish; 2) yer o’z vaqtida, yetilgan holatda ya’ni agregatlari bir-biriga yopishib, kesaklar hosil qilmaydigan paytda haydalishi; 3) ekinlardan yuqori hosil olishni ta’minlashda organik, mineral o’g’itlardan muntazam va samarali foydalanish hamda shu bilan bir qatorda strukturani yaxshilab borish chora-tadbirlarini olib borish agronomiyadagi zarur tadbirlardandir.
Tuproq strukturasini saqlab qolish va tiklanishi hamda mustahkam donador strukturaning yaratilishida ko’p yillik va bir yillik o’tlarning ahamiyati katta. Shuning uchun ham har bir tabiiy iqlim va tuproq zonalari uchun maqbul o’t dalali almashlab ekishni amalga oshirish agrotexnik tadbirlardan hisoblanadi. Ana shu maqsadda, ayniqsa ko’p yillik dukkakli o’tlar (beda, yo’ng’ichka) jumladan O’rta Osiyo sharoitida g’o’za-beda almashlab ekish sistemasidan foydalanish yuqori samara beradi.
Ko’p yillik o’tlar serildiz bo’lganidan, yerda ko’p miqdorda chirindi to’playdi va tuproqning ustki qismida suvga chidamli struktura hosil bo’lishida muhim rol o’ynaydi. Struktura eskidan foydalanib kelinadigan yerlarda, qo’riq yerlarga nisbatan keskin kamayadi.
O’rta Osiyo respublikalarida ham sun’iy struktura yaratish va tuproqning eroziyaga chidamliligini oshirish, o’simliklarning oziq rejimini yaxshilash maqsadida turli polimerlardan foydalanish borasida ko’plab tajribalar olib borildi (V.B.Gussak, K.P.Paganyas). Ba’zi bir polimerlarning preparatlari sug’oriladigan bo’z tuproqlar sharoitida 0,25 mm dan katta agregatlar miqdorini 70-80 % gacha ko’paytirishi aniqlangan. Ana shunday yo’l bilan hosil qilingan suvga chidamli strukturalar, tuproqning suv-fizik xossalarini, biologik jarayonlarni va umuman o’simliklarning oziq rejimlarini yaxshilaydi. Tuproqning suv va shamol eroziyasiga qarshi chidamliligini bir necha barobar oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |