Mehnat resurslarini samarali boshqarishdagimuammolarva ularning yechimini topish bo‘yicha maslahatlar Mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan samarali foydalanishda mehnat munosabatlarini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Qishloq xo‘jaligida mehnat resurslaridan samarali foydalanishni baholash uchun quyidagi omillar guruhidan foydalanish mumkin:
Fermer xo‘jaligida mehnat resurslarini jalb qilish darajasi;
Ishchi kuchidan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga mehnat resurslarini jalb qilish darajasini tavsiflovchi ko‘rsatkich sifatida mehnat resurslari bilan tarmoqning ta’min etilganligi ko‘rsatkichlarini ham olish maqsadga muvofiq.
Mehnat munosabatlari – insonlarni maqsadli mehnat faoliyatiga asoslanadigan ish kuchi taklifi va unga talab shakllanishi, ishchi kuchidan samarali foydalanish, mehnatni rag‘batlantirish, muhofaza qilish borasidagi iqtisodiy munosabatlar majmui sifatida yondashish lozim.
Mehnat munosabatlari shakllanishining asosiy omillari quyidagilardan iborat:
- insonlarni mehnatga bo‘lgan layoqatini rivojlantirish, oshirish va tayyorlash uchun qulay muhit yaratish va qo‘llab quvvatlash;
- ishchilarni to‘liq va oqilona bandligi uchun qulay muhit yaratish;
- ishchi kuchidan samarali foydalanish muhitini shakllantirish;
- mehnat resurslarining optimal bandligini ta’min etish va samarali boshqarish;
- mehnatga xaq to‘lash va ijtimoiy muhofazasini ta’min etish kabilar.
Mehnat munosabatlari qishloq xo‘jaligida mehnat qonunchiligining predmeti bo‘lib, mehnat shartnomalari asosida va qishloq xo‘jaligi korxonalarida ma’lum mulkiy ulushga ega bo‘lgan barcha ishlovchilar o‘rtasidagi mehnat munosabatlari nuqtai nazardan ham yondashish mumkin. Qishloq xo‘jaligi mehnat munosabatlarining muhim xususiyatlari avvalombor, mavsumiylik bilan bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, yil davomida ishlovchilarning notekis band bo‘lishida aks etadi. Ishchi kuchidan mavsumiy foydalanishning yaqqol namoyon bo‘lishi ishlab chiqarish vaqti va ish davrining o‘zaro mos kelmasligi bilan izohlanadi.
Mehnat resurslaridan samarali foydalanishni tashkil etishda yil davomida xodimlarning bir tekisda ish bilan band bo‘lishiga erishish katta ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligining mavsumiy xarakterga ega ekanligini inobatga olsak, bu sohada yil davomida ishchilarning bir tekis ish bilan band bo‘lishi masalasini hal etish qiyin.