C.Meʼmorligi va tasviriy sanʼati[tahrir]
Afgʻoniston hududida miloddan avvalgi 4 — 3 ming yillarda barpo etilgan Mundigak manzilgohi qoldiqlari saqlanib qolgan. Yunon-Baqtriya podshohligi davri meʼmorligi va sanʼatida ellinizm taʼsiri seziladi. Baqtra yaqinida, Bomiyon daryosi vodiysida 1 — 8- asrlarga mansub budda ibodatxonalari, ehrom va haykallari saqlanib qolgan. Bomiyon majmuining eng eʼtiborli qismi Buddaning qoyaga ishlangan bahaybat haykalidir. Bu davrda zargarlik, shisha va metalldan badiiy buyumlar yasash ham rivojlandi. Afgʻoniston oʻrta asrlar meʼmorligi va sanʼatida Eron hamda Turkiston meʼmorligi va sanʼati bilan oʻxshashligi koʻp. Gʻaznaviylar davri (977— 1186)dagi mahobatli binolarda ayvonlar, peshtoqlar paydo boʻldi. Istyohkom shaharlar, hashamatli saroylar, masjidlar, makbaralar qurildi. 12-asr meʼmoriy obidalaridan Gʻazna atrofidagi minoralar alohida ahamiyatga ega. Jom yaqinidagi minoraning ulugʻvorligi, mutanosibligi, undagi nafis naqshni meʼmorlik durdonasi desa boʻladi. Temuriylar hukmronligi davrida qurilish ishlari avj oldi. Shaharlar qurish doirasining kengligi, binolarning dabdabali shakllari, ularning bezaqdorligi — bu davr meʼmorligi va sanʼatining asosiy xususiyatidir. Hirotda katta qurilish ishlari olib borildi. Jome masjidi tiklandi, shahar atrofida bogʻlar, saroylar qurildi. Masjid, Madrasa, maqbara, minora va boshqalardan iborat kurkam Musallo majmuasi tashkil topdi. Balxdagi Xoʻja Abu Nasr Porso maq-barasi (15-asr) mashhur. 11 — 15-asrlarda amaliy-badiiy bezak sanʼati ravnaq toddi. Metall, yogʻoch oʻymakorligi, kulolchilik, gilam toʻqish keng rivojlandi. Hirot, Qandahorda ishlangan patnis, latan, koʻza, shamdon, qalamdon, qurol-aslaxa, egar-jabduklar kurkam va nafis. Hirotning gilamlari oʻzining koʻp rangli geometrik va oʻsimliksimon naqshlari bilan mashhur. Bu yerda miniatyura sanʼati juda rivojlandi. Shoxrux va uning oʻgʻli Boysungʻur homiyligidagi kutubxonada Firdavsiyning „Shohnoma“, Nizomiyning „Xamsa“, Saʼdiyning „Boʻston“ kabi mumtoz asarlarini Turkiston va Erondan keltirilgan xattotlar koʻchirdi, musavvirlar bezadi. Hirot miniatyura maktabi rasmlari koʻrkamligi, nafisligi, rangdorligi va mohirona tuzilgan kompozitsion qurilishi bilan ajralib turadi. Hirotda Mirak Naqqosh (Behzodning ustozi), Behzod kabi mashhur musavvirlar ijod qildilar. 16- asr obidalari orasida Bobur maqbarasi diqqatga sazovor. 18- asr obidalaridan Ahmadshoh Durroniy maqbarasi mashhur. Milliy sanʼatning rivojlanishida 1921 yilda Kobulda tashkil etilgan tasviriy, amaliy sanʼat va hunar maktabi katta rol oʻynadi. Abdulgʻofur Breshna va uning shogirdlari, Gʻavsiddin, Xayr Muxammad, Vafo va boshqa ijodida manzara, maxalliy ozodlik kurashi tarixidan olingan voqealar, xalq hayotini koʻrsatuvchi lavhalar katta oʻrin egallaydi. Portretchi rassom Humoyun E`timodiy ijodida koʻproq oʻrta asr miniatyurachiligi oʻrin olgan. Afgʻon xalqi amaliy sanʼatining anʼanalari xam saqlanib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |