I-IV asrlarda adabiy-estetik qarashlar. Antik falsafa va estetikaning so‘nggi buyuk vakillaridan biri Tianali Apolloniy (milodning I asri) zamondoshlari tomonidan Pifagor, Suqrot, Aflotunga qiyoslash mumkin bo‘lgan serqirra mutafakkir hisoblanar edi. U Pifagorning badanni o‘stirish emas, ruhni o‘stirish kerak, degan mazmundagi “Oltin baytlari”ga amal qilib yashagan. Apolloniy yozgan “Pifagor hayotnomasi” asaridan keyinchalik Porfiriy foydalanib, shu nomda asar yozgan. Apolloniyning keng ko‘lamdagi hayotnomasini III asrda yashagan mashhur ritorika olimi Flaviy Filostrat Rim imperatori Karakallaning onasi, malika Yuliya Domna topshirig‘i bilan yozgan1.
Tianali Apolloniyning shon-shuhrati hayotligidayoq baland edi. Uni kelajakni bashorat qiluvchi (muboshir), Suriya, Misr, Hindiston, Bobil olimlari bilan bahslashuvchi, juda ko‘p ilm-fanlarni biluvchi, yulduzlarga qarab fol ochuvchi, musiqa va haykaltaroshlik va bu san’atlarning nazariy asosi - taqlid, fantaziya, shakl va mazmun haqida teran fikrlar bildirgan. Flaviy Filostrat yozishicha, Apolloniy suriyalik hamrohi va shogirdi Damis bilan birga Hindistonning qadimgi poytaxti Taksila shahriga borib, shahar devori oldida Iskandar sharafiga qurilgan qasr ichida Makedoniyalik jahongir va Hindistonning o‘sha vaqtdagi podshohi Por o‘rtasidagi jang manzaralari, ikkala sarkardaning jasoratli tasvirlarini tomosha qilib, musavvirlarning ijodini baholab, fikr yuritganlar.
Naqqoshlar odamlar, fillar, otlar, sovutlar va qalqonlarni mis, oltin va bronzadan, nayza, qilich va o‘qlarni temirdan yasaydilar. Bu asarni ular Arastu tilga olgan Zevksid, Polignot, Fidiy asarlariga o‘xshatganlar. Yunon musavvirlari, haykaltaroshlarning releflarida perspektiva (uzoq, yaqinlik), nur va soya tovlanishlari mohirona tasvirlangan. Apolloniy va Damis suhbatidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, musavvirlar turli ranglar, bo‘yoqlardan faqat shu ranglarning o‘zini ko‘rsatish uchungina foydalanmaydilar. Agar shunday bo‘lsa, ayollar yuzini, labini, qoshini bo‘yashiga o‘xshab qolar edi. Musavvirlar turli ranglardan hayotga, jonli odamlarga taqlid qilish, o‘xshatish uchun foydalanadilar. Apolloniy shogirdiga “Hayotdagi narsalarning o‘xshashini tasvirlash uchun avval musavvir aqlida (xayolida demoqchi) shu narsalarni yaxshi tasavvur qilib, so‘ng rasmda tasvirlashi mumkin bo‘ladi... hamma odamlar aqli va qo‘li bilan san’at asarlarini ijod qilishi mumkin ekan-da?” Damis: “Yo‘q, hamma emas, faqat tasviriy san’atni o‘qib, o‘rganib, olgan odamlar (musavvir)gina bunday ijod qila oladilar”.
Shundan so‘ng Apolloniy masalani yanada oydinlashtirish uchun, rassomlar, haykaltaroshlar ranglar, bo‘yoqlarsiz ham, bir rangdagi chiziqlar (yoki releflar) vositasida hayot manzaralarini ko‘rsata oladilar. Demak, asosiy masala faqat ranglardan foydalana bilishda emas ekan-da”, deydi. Bu bilan u ijodiy g‘oya, xarakter, fantaziya kabi san’at nazariyasi tushunchalarini tilga oladiki, ustoz nazariyotchi A.F.Losev to‘g‘ri eslatganiday, bu nazariy masalalarda Apolloniy Aflotun va uning shogirdi Arastuning estetik nazariyalariga yaqinlashadi. Lekin A.F.Losev 3-asr muallifi Flaviy Filostratning Tianali Apolloniy haqidagi keng ko‘lamli tarixiy, falsafiy romaniga asoslanib, so‘nggi ellinizm davrida estetik tafakkur tanazzulga uchradi, degan xulosaga kelgan.
Plotinning buyuk salafi, o‘tmishdoshlaridan yana biri Iskandariyali Filon (er. a. 20 - milodning 40-yillari) yunonlarning majusiylik diniy falsafasini qadimgilardan birinchi bo‘lib rad etdi va Bani Isroil dini bo‘lmish “Tavrot”ni himoya qildi, ya’ni yunon falsafasini, Aflotun va Arastu merosini yakkaxudolik diniy e’tiqodi mavqeidan ko‘rib chiqib, yunon ilohlarini tabiat kuchlarining allegoriyalari, majoziy obrazlari deb talqin qildi. Iskandariyali Filon yunon faylasufi sifatida Injilning “Yuqori Ahd” qismidagi tarixiy va mo‘’jizaviy voqea-hodisalarni yagona ilohning irodasi deb, Zevsni - Quyosh va yashin, Gerani - Er, Poseydonni -dengiz, Apollonni ilm-fan va san’atlar, Afroditani - go‘zallik, Kiklopni - yovuzlik, Gefestni - hunarmandchilik farishtalari deb baholadi. Bu belgilanish diniy falsafaga emas, balki san’atga taalluqli deb hisobladi. Aslida shunga yaqin qarashlar sharqona dinlardan xabardorlik Pifagor, Suqrot va Aflotunda ham uchrar edi. Lekin davlat dini u vaqtlarda majusiylik bo‘lgani uchun bu fikrlarini yashirin tarzda aytar edilar. Aristofan “Bulutlar” komediyasida Suqrotning yashin Zevs bilan emas, bulutlarning holati bilan bog‘liq, degan ilmiy fikrlashini masxara qilgan edi. Aflotun “Suqrot apologiyasi” (maqtovi) asarida Aristofanning mazkur asarini eslatib o‘tadi. Suqrot yunon ma’budlarini allegorik, majoziy obrazlar deb bilishini yashirgan bo‘lsa ham, dushmanlari buni sezib qolib, uning o‘lmiga hukm etilishini talab qilgan va bunga erishgan edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |