Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)
Bag‘rim yoniq, yuzim qora, ko‘nglim siniq, bo‘yim bukik.
Sening ziyoratingga keldim, sultonim!
Ezilgan boshim, kesilgan vijdonim, kuygan qonim, o‘rtangan jonim uchun bu sag‘anangdan davo izlab keldim, xoqonim!
Yuz-yillardan beri jafo ko‘rib, g‘am chekib kelgan turkning qonli ko‘z yoshlarin etaklaringga to‘karga keldim.
Qorong‘ular ichra yog‘dusiz qolgan o‘zbek ko‘zlari uchun tuprog‘ingdan surma olgali keldim.
Nomusini bot kishilarning oyog‘lari ostinda ko‘rub, turklik qoni qaynag‘ay, musulmonlik hamiyati toshgay, tamug‘ olovlari kabi sochragay.
Lekin o‘z kuchsizligini anglab, qaytib o‘tirgan va qon yig‘lagan turkning holini arz etarga keldim, xoqonim!
Ulug‘ xoqonim! Turklik sharafi talandi.
Turk uchun qurdig‘ik davlat bitdi, turk otig‘a qurdig‘ik xoqonlik yogʻiygami ketdi.
Turkning nomusi, eʼtibori, iymoni, vijdoni zolimlarning oyog‘lari ostida qoldi.
Turkning yurti, ulog‘i, o‘chog‘i, Turoni yot qo‘llarga tushdi.
Turkning bilgisi, ongi, o‘y-uquvi, ziyrakligi jaholat o‘ljasig‘a ketdi.
Sening qiliching bilan dunyo egasi bo‘lg‘an turk tinchgina bir yotoq topolmay qoldi.
Sening omonatingga xiyonat qilg‘anlarni ez, ur, o‘ldur!
Sultonim!
Bilaman, shu tobda sening u yuksak va ulug‘ ruhiyuraging men kabi yuraksiz bir o‘g‘lingni shu ko‘rinishidan nafrat qiladur.
Chunki yuqorida aytdigim ishlarning hammasiga o‘zim sabab bo‘ldim, barchasini o‘zim qildim,
Sening Turoningni o‘zim talatdim,
Sening turkingni o‘zim ezdirdim,
sening omonatlaringga xiyonat o‘zim qildim.
Men uch kunlik umrimni tinchgina yotib o‘tkazmoqchi bo‘lmasa edim, shularning birortasi bo‘lmas edi.
Men qo‘limg‘a topshirdig‘ing qilichni tashlab cholg‘uni olmasa edim, Turonim talanmas edi!..
Men yolg‘iz qonli ko‘z yoshlarimni bu sag‘anangga to‘kmak uchun emas, u yozuqlarimni iqror etarga keldim, xoqonim.
Meni qo‘yma!
Men yolg‘iz yozuqlarimni iqror etarg‘a emas, Turong‘a berdigim zararlarga to‘lamoq uchun keldim, xoqonim.
Mendan nafrat etma!
Ey, arslonlar arsloni!
Meni yozuqlarimdan o‘t,
Menim qo‘limni tut,
Belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber!
Sening dunyoda sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turoning eski sharaf va ulug‘likni qaytarmasdan burun ayogʻlaringda oʻtirmasman[5][6].
Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang. U adib sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, o‘zbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, sheʼr tuzilishining isloh etilishi, adabiy realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan muhim ijtimoiy muammolarning o‘zbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qo‘shdi.
Fitrat ijodini shartli ravishda uch davrga bo‘lish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |