Xulosa
Inson adabiyotning tasvir predmeti ekan, insonning ruhiyatisiz uni yaxlit, bir butun holatda to’liq tasavvur qilish mumkin emas. Demak, har qanday badiiy asarda, u qachon va qaysi janr, metodda yaratilgan bo’lmasin, inson psixologiyasi u yoki bu tarzda aks etishi tabiiydir.
Tarixiylik tamoyilining o’zbek romanlarining asosiy mezonlaridan biriga aylanishida tarixiy qahrmon, tarixiy muhit va tarixiy-badiiy talqin ”uchligi” muhim omil sifatida ko’zga tashlanadi. Zero, tarixiy asar xalq va jamiyat taraqqiyotida muhim rol o’ynagan mashhr shaxslar hayoti asosida yaratiladi; o’z prototipiga ega bo’lgan tarixiy shaxs hayoti va faoliyatining yozuvchi estetik ideali bilan bog’liq qirralari asarda aks etgan bo’ladi. Bunday romanlarda to’qima obrazlar yoki tarixda o’z prototipiga ega bo’lgan personajlar xarakterini yaratish jarayonida tarixiy voqealarni kitobxon ko’z o’ngida gavdalantirish, ularga milliy ruh bag’ishlash va tarixiy shaxslarni millat qahramoni darajasiga ko’rsatish tamoyili ustuvorlik qiladi.
P.Qodirovning tarixiy romanlarida temuriy hukmdorlar hayotining eng murakkab jihatlari qalamga olingan. Adib temuriylar davlat tizimi va o’sha davrda kechgan siyosiy munosabatlarni to’g’ridan-to’g’ri ifodalash yo’lidan bormaydi. Asarning o’ziga xos tomonlaridan biri shundaki, yozuvchi butun voqea-hodisalarni bosh qahramonlar sifatida belgilangan Bobur, Humoyun, Akbar nigohi orqali tasvirlaydi. Romanlarda millat hukmdorlarining tarixdagi qismati temuriylar davlatining yemirilish sabablari haqida tasavvur beruvchi omil sifatida tasvirlandi va bu hol romanga o’ziga xos ruh bag’ishladi.
Milliy ruh va xarakterlar talqinida xalqimiz ma’naviy qadriyatlari hamda xalq og’zaki ijodi an’analari aks etganligi milliy romanchilik yutuqlaridan biri hisoblanadi. Ayonki, har bir davr adabiyoti milliy qadriyatlarga o’z estetik ehtiyoji va badiiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda munosabatda bo’lishadi. Shu jihatdan qaraganda, folklor unsurlarining yozma nasr badiiy strukturasidan mustahkam o’rin olishi va folklorizm tipologiyasining romanlarda yangicha mohiyat, yangi mazmun kasb etishi muhim ijodiy yutuqlardan biri hisoblanadi. Badiiy asar qahramonlarini o’zining hayotiy asoslaridan uzoqlashtirmay, tabiiyligini saqlab qolgan holda avloddan-avlodga o’tib kelayotgan an’anaviy e’tiqodlar fonida tasvirlash va asar to’qimalariga yuksak mahorat bilan singdirib yuborish muhim tamoyillardan biri bo’lib qolmoqda.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib quyidagicha umumiy xulosalarga keldik.
Birinchidan, romanga xos epik tafakkur badiiy asarda faqatgina romanbop voqea-hodisalarni aks ettirishdan iborat bo’lmasdan, balki ijodkorning hayot voqealarini ulkan san’atkor romannavis sifatida idrok etishida ekanligini tahlil qildik.
Ikkinchidan, O.Yoqubovning ”Ko’hna dunyo” romaniga xos epik tafakkur omillarini (syujeti, kompozitsiyasi, tili, qahramonlarni harakatga keltiruvchi barcha vositalar) asar tahlili misolida tadqiq etdik. Ya’ni romanga qamrab olingan xayotiy xodisalar vainsoniy taqdirlar tahlil etildi.
Uchinchidan, ”Yulduzli tunlar” romaniga xos epiklik tarix va undagi ulkan evrilishlar tarixiy shaxslarning ma’naviy qiyofasi orqali mohirona aks ettirilganligi voqelik va qahramonlar rishtasida tahlil qilindi.
To’rtinchidan, o’zbek tarixiy romanlarida ijodkorlarning o’tmish voqeligiga munosabat masalasi o’zbek adabiyotining ilk tarixiy tomani ”O’tkan kunlar” romanidan boshlanganligi va undan keyin bu xususiyat ”Kecha va kunduz” omanida davom ettirilganligi, mazkur tarixiy taraqqiyot ”Qutlug’ qon” romanida o’zgacha bo’y ko’rsatganligini tahlil etdik.
Beshinchidan, biz Kurs ishimizda o’zbek tarixiy romanlarida ijodkorlarni o’tmish voqeligiga munosabat masalasini O.Yoqubov va P.Qodirov romanlari misolida voqelik va qahramon ichki ruhiyati bilan bog’liq holda o’rgandik.
Oltinchidan, O.Yoqubovning ”Ulug’bek xazinasi” romanidagi asosiy qahramonlarning xarakter xususiyatlari, milliy qiyofalari, portret va detallar orqali ochib berilganligini asar tahlilida tadqiq etdik.
Yettinchidan, ma’lumki tarixiy voqelik va badiiy haqiqatni uyg’unlashtirib asar yaratish, ijodkordan katta mahoratni talab etadi. Biz mazkur muammoni P.Qodirovning ”Avlodlar dovoni” romani misolida tahlilu tadqiq qildik. Xullas, o’zbek adabiyotshunosligida roman janri va romanlarda epik tafakkur muammosi tarixiy roman misolida mazkur kichik tadqiqotimizda o’z ifodasini topdi. Ammo hali o’zbek adabiyotshunosligida O.Yoqubov va P.Qodirov romanlari badiiyati yetarlicha tadqiq qilinmaganligini guvohi bo’ldik.
Do'stlaringiz bilan baham: |