II bob. O’zbek tarixiy romanlarida o’tmish voqeligiga munosabat masalasi.
O’zbek romanchiligini yaxlit xolda olib ko’zdan kechirsak, shunga amin bo’lamizki, tarixiy mavzudagi asarlar qaysidir ma’noda ularning o’zagini, zamonaviy asarlarga nisbatan salmoqliroq, yuksakroq va mumtozroq bo’lagini tashkil etadi. O’zbek adabiyoti romanga xos tafakkurga ko’tarilish yo’lidagi ilk qadamini tarixiy romandan – ”O’tgan kunlar”dan boshladi, va qizig’i shundaki, bu ilk qadam adabiyotimiz erishgan yuksak cho’qqilardan biri bo’lib tarixga kirdi. Keyin, garchand orani o’n yillik masofa ajratib tursa-da, butun g’oyaviy-badiiy xususiyatlari bilan unga yondosh va qondosh bo’lib o’zga bir noyob iste’dodning noyob romani ”Kecha va kunduz” dunyoga keldi.
Hayotlari mudhish fojialar bilan tugagan, lekin qisqa muddat ichida asrlarga tatigulik obidalar qoldirib ketgan bu siymolardan keyin adabiyotga ular bilan qaysidir ma’noda zamondosh bo’lgan, lekin zamona zug’umlari ostida shakllangan tarixiy yo’liga ko’ra ulardan farq qiladigan yangi bir avlod kirib keldi va shu omillar ta’sirida adabiyotda ham yangi bir davr boshlandi. Bu davr tarixiy romanchiligining taraqqiyoti Oybek siymosi bilan bog’liq. Adib ”Qutlug’ qon”ni yaratib, unga o’zining qalb tug’yonlarini, dard –hasratlarini ham ifoda eta olgan.
Ma’lumki, IX-XII va XIV-XVI asrlar ilmda O’rta Osiyo xalqlari va unga yondosh madaniy xalqlar tarixidagi Renessans yoki Uyg’onish davri sifatida ta’riflab kelinmoqda. Bu davrlarda yetishib chiqqan buyuk siymolar o’z g’oyalari, universal iste’dodlari va qomusiy bilimlari, serqirra faoliyatlari bilan Yevropadagi Renessans davri titanlariga o’xshab ketadilar. Bu davrdagi tarixiy tendensiyalar, madaniy hayotdagi buyuk ko’tarilish ham Yevropaning Uyg’onish davridagi yuksalishni esga soladi.
Bu davrlar hayotiga bag’ishlangan tarixiy romanlar o’sha buyuk madaniy ko’tarilishga ehtirom, hayrat tuygulari bilan sug’orilgan. Ulug’vor koshonalar, ko’shku qasrlar, madrasayu masjidlar, fayziyob oromgohlar tasviri ”Navoiy” da ham, ”Ulug’bek xazinasi”da ham, ”Me’mor”da ham katta o’rin tutadi.
Uyg’onish davrining tipik hukmdorlari, tipik olimu fozillari, tipik san’atkor va hunarmandlari bor edi.
Lekin shu tipik xususiyatlarning ikki qutbi, ijobiy va salbiy qanoti bor edi. ”Ko’xna dunyo” romanidagi Mahmud G’aznaviy ham, ”Me’mor”dagi Shohruh ham, ”Navoiy”dagi Husayn Boyqaro ham, ”Ulug’bek xazinasi”dagi Abdullatif ham Uyg’onish davrining tipik hukmdorlari sanaladilar. Ularning barchasi ham u yoki bu darajada ko’p tomonlama taraqqiy etgan, ulkan maqsadlar sari intilgan va bu maqsadlarni ko’pda amalga ham oshira olgan kuchli shaxslar edilar. Lekin ularning faoliyati ko’proq yalang’och kuchga, razil, shafqatsiz kurash vositalariga asoslangan edi.
Ikkinchi tomonda esa Ulug’bek, Navoiy, Bobur kabi siymolar turadilar, ularning faoliyatida ezgulik ustivor. Lekin aynan o’sha yuqorida nomlari tilga olingan tiplarga xos xususiyatlar bularda ham namoyon bo’ladi, faqat nisbatan yuksakroq maqsadlar yo’lidagi bir vosita sifatida. Ularning faoliyati faqat o’z shaxsining emas, xalqning, madaniyatning, ijtimoiy taraqqiyotning maqsadlariga xizmat qiladi.
Biz mazkur Kurs ishimizda o’zbek tarixiy romanlarida (O.Yoqubov va P.Qodirov romanlari) o’tmish voqeliga munosabat masalasini voqelik va qahramonlar ichki ruhiyati bilan bog’liq holda o’rganishni lozim topdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |