Turkistonda jadidchilik harakati va ta’lim-tarbiya.
Turkistondagi jadidchilik harakati bu bir tasodif xodisa bo’lmay, balki hayotimizdagi ijtimoiy-siyosiy ziddiyotlar maxsuldir.
Jadidchilik oqimini ijtimoiy-siyosiy va ma’rifiy tomonlarini professor B.Qosimov o’z tadqiqotida batafsil bayon etgan.
XIX asrning boshlaridan Buxorodagi ma’rifatparvar musulmon ruhoniylari va ziyolilari orasida madrasa va maktablar tizimiga hamda islom diniga kirib qolgan bid’atlarni isloh qilish fikri paydo bo’la boshlaydi. SHunday islohot tarafdorlarini jadidchilar, ya’ni yangilik tarafdorlari deb atay boshlaydilar. Jadidizm (arabcha «jadid» so’zidan olingan bo’lib «yangi» degan ma’noni bildiradi). O’sha davrlardan boshlab bunga qarama-qarshi turgan oqim, ya’ni feodal-o’rta asrchilik, diniy fanatizm ruhida bo’lgan kishilarni esa qadimistlar, deb atay boshladilar. XIX asr boshlarida bir qancha ma’rifatparvar mudarrislar Buxoro shahridagi 200 ga yaqin madrasani isloh qilish g’oyasi bilan chiqdilar. Bu harakat boshida madrasa mudarrisi Abu Nasr Al Kursaviy turgan edi. Qadimistlar esa ularni kofirlik va xudosizlikda aybladilar. Buxoro amiri Haydar esa Kursaviyni zindonga tashlatib, o’lim jazosiga hukm qiladi. Ammo uning tarafdorlari uni zindondan qochiradilar. Kursaviy Qozonda o’z faoliyatini davom ettirib, 1813 yilda vafot etadi. XIX asrning 50-60 – yillarida diniy islohotchilik harakati yanada kengaya boshlaydi. Endi bu harakat boshida buxorolik mudarris va tarixchi olim Marjoniy (1818-1889), g’ijduvonlik domla Fozil, Mo’minjon Vobkandiy, mulla Xudoyberdi Boysuniy va boshqa mudarrislar turar edilar. Ular madrasa va maktablarni isloh qilishni emas, balki ortiqcha darslarni olib tashlash tarafdori ekanliklarini yozadilar. Islohotchilar rahnamosi Marjoniy o’zining dasturida quyidagi olti asosiy masalalarni qo’yadi:
Qur’ondagi har qanday diniy masala yuzasidan kishilar bilgan holda o’zlari erkin fikr yuritsinlar.
Birovning birovga ko’r-ko’rona ergashishi qat’iy mann qilinsin.
Madrasalarda o’qitiladigan hoshiya va shrq kabi quruq mazmunga ega bo’lgan va madrasa o’quvchilari uchun foydasiz bo’lgan hamda ularning 8-10 daqiqa vaqtini bekorga oluvchi darslar dars jadvallaridan olib tashlansin.
Madrasalarda Qur’oni Karim, Hadisi SHarif, ularning tarjimalari va islom tarixi kabi darslar o’tilsin.
Arifmetika, tarix, jo’g’rofiya, tabobat, xandasa, mantiq, falsafa va boshqa dunyoviy fanlarni o’qishga qarshilik ko’rsatilmasin.
Har bir ishda musulmonchilikni Muhammad alayhissalom davridagi qadimiy islom madaniyatiga qaytarish ko’zda tutilsin.
Marjoniy va uning tarafdorlari bo’lgan o’sha davrning jadidlari musulmon taraqqiyparvarlaridan edilar, ular madrasalarda diniy darslar bilan bir qatorda qadimiy islom madaniyati davridagidek dunyoviy darslarni o’qitishni shart qilib qo’ydilar. Biroq, qadimistlar va amirning reaktsion siyosati natijasida ta’qibga uchragan Marjoniy Buxorodan chiqib ketishga majbur bo’ldi. Uning maslakdoshlaridan ko’pchiligi zindonga tashlanib, orqalariga 75 darra urilgach, ular tavba qilib, qaytib bunday ishlarni qilmaslikka va’da berdilar
XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida Turkistonda chor mustamlakachiligining kuchayishi natijasida Markaziy Osiyoning ko’p joylarida jadidchilik harakati kuchayib ketdi. Bu harakat mavjud jamiyatning ijtimoiy-madaniy asoslarini qayta qurishga qaratilgani sababli eski tuzum, eski turmush, eski maktab tarafdorlarining kuchli qarshiligiga duch keldi. Bu qarshi kuch vakillari qadim yo qadimchilar deb atalgan bo’lsa, yangi hayot shabadalarini olib kelishga uringan kishilar esa jadid yoki jadidchilar degan nom oldilar. SHu tarzda asrimiz boshlarida jadidlar va jadidchilik harakati yuzaga keldi. Yangi asrning boshlanishi bilan avvalgidek ijtimoiy xorlik, iqtisodiy va madaniy qoloqlik sharoitida yashash mumkin emasligi ular uchun oydek ravshan edi. Nafaqat Markaziy Osiyo, balki Rossiyada yashovchi xalqlar ham o’z taqdirlarini o’zgartiribgina, feodal tuzumning negizlarini parchalabgina yangi hayotga qadam qo’yishlari mumkin edi. Oq podsho idora qilgan mamlakatdagi ana shu og’ir vaziyat tufayli 1905 yil to’ntarishi sodir bo’ldi. Bu to’ntarishdan maqsad jamiyatni demakratlashtirish, sakkiz soatlik ish kunini joriy etish, dvoryanlar ixtiyoridagi katta yer-mulkni olib, dehqonlarga bo’lib berish va hokazolar edi. Birinchi rus to’ntarishining bu dasturi bilan tanishgan Markaziy Osiyolik taraqqiyparvar ziyolilar tatar qardoshlari ortidan borib, jadidchilik harakatiga kelib qo’shildilar. 1907 yil Eron burjua to’ntarishi, 1908 yil Turkiya burjua to’ntarishi, Markaziy Osiyoda jadidchilik harakatining rasmiylashuvi va kuchga kirishida katta ahamiyat kasb etdi. Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy islohotlar yo’li bilan xalq va jamiyat hayotini yaxshilashga, madaniy yuksaklikka olib chiqishga qaratilgan dasturni bajarishga kirishdilar. Ular ta’sirida o’zbek zaminining boshqa go’shalarida ham jadidchilik harakati avj oldi.
Jadidchilik jamiyati to’ntarish yo’li bilan emas, islohotlar yo’li bilan rivojlantirishni o’zining asosiy vazifasi deb belgiladi. U o’zining bu vazifasini ado etishda, faqat bir sinfga – proletariatgagina tayanmadi. Umuman jadidchilik insoniyatni sinflarga bo’lib tashlash tarafdori emas. Jadidlar hatto qadimchilar bilan ham ittifoq tuzib, xalq va kelajak manfaati yo’lida baqamti ishlash, bugungi ifoda bilan aytganimizda turli siyosiy qarashlarga ega bo’lgan xalq qatlamlarining tinch-totuv yashashi va ishlashi g’oyasini ko’tarib chiqdilar. Behbudiy ana shu «muttahid» front tuzish g’oyasini bayon qilar ekan, «ulamo yoki ziyoli va taraqqiyparvarlarimiz boy va avomimiz birlashib, din va millat va vatanning rivoji uchun xizmat etsak»2, deb yozgan. Jadidlarning bunday muttahid frontni tuzishga intilganlarining boisi turli sharoit bilan belgilangandi. Avom ham, boylar ham, ulamo ham, ziyolilar ham chor hukumati qaramog’ida bo’lgan mustamlakaning biri oz, ikkinchisi ko’p siquvda bo’lgan kishilar edilar. Markaziy Osiyo bozorlarida rus savdo va sanoat burjuaziyasi hukmron bo’lib, mahalliy burjuaziya vakillari sina boshlagan edilar. Boshqacha aytganda, mustamlakachilik azobini mahalliy boylar va savdogarlar ham seza boshladilar. Ana shunday tarixiy sharoitda, jadidlarning fikr-mulohazalariga ko’ra, oddiy xalqning iqtisodiy-madaniy hayotini yaxshilash qanday zarur bo’lsa, chet el kapitali iskanjasidan, mustamlakachilik kishanlaridan qutilish ham shunchalik kechiktirib bo’lmas vazifa edi.
Jadidlar 1906 yildayoq «Taraqqiy» deb nomlangan gazeta nashr ettirib, o’z g’oyalarini tarqata boshladilar, oradan ko’p o’tmay, «Xurshid», «SHuhrat» singari yangi gazetalar dunyo yuzini ko’rdi. Markaziy Osiyoning turli shaharlarida jadid maktablari bodroqdek ochilib, ularda diniy ilmlar bilan birgalikda dunyoviy bilimlar ham keng targ’ib qilindi. «Jadidlar nima haqida gapirishmasin, hammasi yangi nafas, yangi g’oya edi, proletar mafkurasi ham, ishchilar sinfi ham yo’q edi, tabiat birlamchi deguvchilarning mafkurasini deyarli hech kim tushunmas, biladiganlar esa juda ozchilikni tashkil qilar edi. SHuning uchun jadidchilikning yangi g’oyalar bilan paydo bo’lib, ruhoniylarga, hukmron sinflarga qarshi turishi, madaniyatni yaratishi, bir so’z bilan aytganda, yangilik edi, «jadid» jumlasining ma’nosi ham «yangi» demakdir».
Agar lo’nda qilib aytsak, jadidlarning harakat dasturi quyidagi masalalarni hal qilishga qaratilgan:
Diniy taassuf va fanatizmga qarshi kurash.
Diniy aqidalarga asoslangan o’rta asr maktablari o’rniga Ovro’po qabiladagi dunyoviy ilmlarni ona tilida o’qitishga moslangan yangi usuldagi maktablarni tashkil etish, feodal davri maorif tizimini isloh qilish.
Jadidchilik g’oyalarini keng xalq ommasiga yetkazish niyatida yangi o’zbek adabiy tilini ishlab chiqish, matbuot hurligi uchun kurash, xalq ommasiga tushunarli adabiyot va teatrni yaratish.
Xotin-qizlarni paranjidan chiqarish va jadid maktablariga qatnashlarini ta’minlash yo’li bilan ular taqdirini o’zgartirish va oilada islohot o’tkazish.
Mahalliy boylar va savdogar ahlining siyosiy va iqtisodiy jihatdan rus burjuaziyasi bilan bir huquqda bo’lishi, mahalliy amaldorlarning chor hukmdorlari tomonidan siquvga olishiga qarshi kurash. SHu yo’l bilan mustamlakachilik siyosatini isloh qilish.
Asosiy talabalari ana shundan iborat bo’lgan jadidlar uchun ilm va ma’rifat yagona qurol bo’lib, ular shu qurol yordami bilan o’lkada ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyot uchun kurashmoqchi bo’ldilar.
2. Abdurauf Fitrat va uning maorifga qo’shgan xissasi.
Ma’naviyatimizning ilk namoyandalaridan biri Abdurauf Fitrat garchand qatag’on qurboni bo’lib, jismonan oramizda bo’lmasa ham u hamisha tirik. Qismati og’ir bo’lgan ulug’ siymolar qatori Fitrat butun kuch-qudratini xalqqa bag’ishladi.
Abdurauf Abdurahim o’g’li Fitrat 1886 yili Buxoro shahrida tug’iladi. «Fitrat» Abduraufning adabiy taxallusi bo’lib, bu so’z tug’ma tabiat, tug’ma iste’dod degan ma’noni anglatadi. Uning otasi o’zbek, onasi tojik bo’lgan. Fitratning otasi savdogarchilik bilan shug’ullangan, dindor, o’qimishli shaxs bo’lib, olam kezishni, tijoratni yaxshi ko’rgan.
Fitratning onasi Mustafbibi nozikta’b, savodli ayol bo’lib, farzandlari ta’lim-tarbiyasi bilan asosan u shug’ullangan. Oilada Abduraufdan tashqari yana ikki farzand — ukasi Abdurahmon va singlisi Madbuba bo’lgan. Mustafbibi bolalarining savodli, bilimdon kishilar bo’lib yetishishlarini uchun harakat qilgan. Abdurauf dastlab eski maktabda so’ngra Buxorodagi Mirarab madrasasida tahsil ko’radi. U arab, fors-tojik, turk adabiyotlarini, falsafani, sharq xalqlari tarixi va madaniyatini chuqur o’rganadi.
XX asr boshida butun SHarqda bo’lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikr taraqqiyotida jiddiy uyg’onish boshlanib, jadidchilik harakati keng yoyiladi. Buxorodagi jadidchilikning o’ziga xos tomonlari bor edi. F.Xo’jaev Turkiston jadidlari bilan Buxoro jadidlarini farqlamoq kerakligini uqtirib o’tgan edi: «Bu farq rus Turkistoni bilan yarim mustaqil Buxoroda vujudga kelgan xo’jalik va siyosiy munosabatlar o’rtasidagi farqdan kelib chiqadi»1. Turkiston jadidlari oshkora ish olib bordilar. Amir istibdodining og’irligi Buxoro jadidlarini maxfiy jamiyat tuzishga majbur qildi. Maxfiy to’garaklar ochib, to’garaklarga nisbatan faolroq ish olib bordi.
Buxoroda jadidlar «Yosh buxoroliklar» nomi bilan ish olib bordi.
Fitrat mana shu harakatning rahbarlaridan biri edi. Yosh buxoroliklar o’z faoliyatlarini boshlarida (birinchi yashirin jamiyat Buxoroda 1908 yilda tuzilgan) yangi usuldagi maktablar ochib, ularda boy hamda kambag’allarning bolalarini o’qitdilar.
Jadidlar Orenburg, Qozon, Ufa, Istambul kabi musulmon madaniyati markazlarining bilim yurtlari orqali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor beradilar. SHu maqsadda 1909 yil 18 iyunda Buxoro yoshlari «Tarbiyai atfol» («Bolalar tarbiyasi») nomli hayriya jamiyati tuzadilar. S.Ayniyning yozishicha «... jamiyatning birinchi maqsadi Istambulga o’quvchilar yubormoq chorasiga kirishmoq edi. Ikmoli tahsil uchun Usmonxo’ja Po’latxo’ja o’g’li (1878—1968), uning birodari Atom Xo’ja (1894—1938), Mazxar Maxzum Burxon Maxzum o’g’li, Abdurauf Fitrat, Muqimbek Istambulga safar qildilar. Fitrat mazkur talabalarning eng iste’dodlisi va eng fozili edi».
SHunday qilib Fitrat 1909 yili 25 yoshida «Jamiyati hayriya»ning ko’magida Turkiyaga o’qishga ketadi.
Istambuldagi barcha buxorolik va turkistonlik o’quvchilar bu jamiyatga a’zo bo’lib, Buxoro ma’rifatparvarlarining bir qismi ham unga sirtdan a’zo bo’lgan edilar.
Jadidlar o’z g’oyalarini matbuot orqali targ’ib qilishga intildilar. Ular «Ma’rifat» shirkatlarini tashkil etib, bunda o’zbek va tojik tillarida darsliklar nashr ettiradilar. Tojik tilida «Buxoroyi SHarif», o’zbek tilida «Turon» gazetalarini chiqaradilar, kutubxonalar ochadilar.
Fitrat ham barcha jadidlar qatori xalqni ilmli qilib, hayotni, jamiyatni yangilashga intiladi. U ham ilmiy va badiiy ijod sohasidagi dastlabki qadamlarini ma’rifat izlash va hammani ma’rifatga da’vat etishdan boshlaydi.
Abdurauf Fitrat ma’rifatparvar adib sifatida «Munozara»da Buxoro amirligi idorasida muayyan islohot-o’zgarish kiritish g’oyasini ilgari surgan bo’lsa, «Hind sayyohi qissasi»da yangicha g’oyani — muayyan darajada Buxoro amirligiga nisbatan o’z e’tiroznomasini bayon etadi. U islohot g’oyalaridan voz kechmaydi, biroq Buxoro davlatining madaniyati, tabobati, sanoati va hatto yer osti boyliklaridan xalq manfaati yo’lida foydalanish haqida qayg’uradi.
1913 yil 4 yillik o’qishdan so’ng Fitrat ilg’or qarashlar bilan Turkiyadan Buxoroga qaytib keladi. U endi faqat ma’rifat va madaniyat tarqatish g’oyasi bilangina yashay olmasdi. Endi uning jadidlar harakatidagi siyosiy jihatdan aralashuvi faollashadi.
Fitrat 1916 yili «Oila» nomli falsafiy asarini yozadi. Bu asar fors tilida yozilib, S.Ayniyning aytishicha Mirza Abdulvohidning xarajatlari hisobidan nashr etiladi. Asarda oilaviy hayotning islohotidan bahs yuritilib, adib najot yo’llarini axtaradi.
1917 yili esa Bokudagi maorifchi do’stlari yordamida o’zining ibtidoiy maktablarning so’nggi sinflari uchun mo’ljallab yozilgan, o’zbek tilidagi «O’quv» nomli kitobini nashr ettiradi. Bu kitob o’sha yillarda Buxorodagina emas, Samarqand, Toshkentda ham M.Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov o’quv kitoblari singari yangi usul maktablari uchun juda kerakli tarbiya kitobi bo’lib qolgan edi.
Abdurauf Fitrat o’zining ma’rifatparvarlik yo’lini keyin ham davom ettirib boradi. U boshqa ma’rifatparvar yozuvchilar: Vasliy, Behbudiy, Siddiqiy, S.Alizoda, Hoji Mo’yin kabi o’zbek va tojik ziyolilari bilan hamkorlikda Samarqandda «Hurriyat» gazetasida ishlaydi, gazetaga muharrirlik qiladi (gazeta 1917 y. aprelda chiqa boshlagan).
1922—1923 yillarda Fitrat Buxoro Xalq Respublikasining maorif noziri sifatida barcha o’zbek, tojik va boshqa millatlarning bolalari uchun maktablar ochish, o’quvchilarga metodik qo’llanmalar tayyorlash sohasida katta ishlar olib bordi. Xotin-qizlar maktablarini ko’paytirishga, xotin-qizlarni ma’rifatga tortishga alohida e’tibor berdi.
Fitrat o’sha yillarda Buxoro Xalq Respublikasidan Germaniyaga, Turkiyaga talabalar yuborish, u yerdagi ilg’or Yevropa ta’lim-tarbiyasi, ilm-fan, texnika sirlarini o’rganish, yangi Buxoro Xalq Respublikasi va Turkistonda maorif va madaniyatni rivojlantiruvchi mahalliy milliy kadrlar tayyorlash tashabbuskori va tanlovchilaridan biri bo’ldi. Ayni chog’da Buxoro Xalq Respublikasi raisi Fayzulla Xo’jaev ham Turkiston SHo’rolar Respublikasi rahbarlari Turor Risqulov, Abdullo Rahimboev, Nazir To’raqulovlar bilan birga Buxoro va Toshkent, Samarqand va Farg’ona, Xo’jand va Xivadan Sattor Jabbor, Sayidali Xo’ja, Maryam Sultonmurodova, Hayriniso Majidxonova, Saida SHerahmad qizi Ahmad SHukriy, Ahmadjon Ibrohimov kabi o’nlab mahalliy millat o’g’il va qizlarini Germaniyaga o’qishga yuboradi. Ularning ahvoli, moddiy va ma’naviy, tarbiyaviy ishlaridan xabardor bo’lib turadi. Germaniyadagi o’zbek talabalar «Ko’mak» nomli o’zbekcha jurnal chiqarishadi. Fitratning «Hind istilochilari» sahna asarini, Sadriddin Ayniyning «Qiz bola yoki Xolida» o’quv kitobini nashr etishadi. Bu asar Buxoro va Turkistondagi milliy zehnlilar orasida keng tarqaladi va sevib o’qiladi.
Fitrat 1923—1924 yillarda Moskva va Leningradda yashab ijod qiladi.
Leningrad Davlat dorilfununi 1924 yili Fitratga o’zbek va tojik mumtoz adabiyotlari namoyandalari to’g’risidagi tadqiqotlari uchun professorlik unvonini beradi. Fitrat O’rta osiyoning birinchi professori bo’lib tarixga kiradi. U «O’zbek adabiyotidan namunalar» kitobida o’nlab mumtoz adabiyotimiz vakillari haqida ma’lumot beradi.
1925 yildan Fitrat turli madaniy-oqartuv, maorif va ilmiy-tadqiqot institutlarida ishlaydi. O’zbekistonda birinchi tashkil bo’lgan Samarqand Pedakademiyasida, Fanlar komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutida, keyinchalik Toshkent Davlat pedagogika institutlarida sharq adabiyoti va tili, tarixidan yuksak saviyada dars beradi.
Professor Fitrat o’sha yillardayoq dunyoga mashhur bo’lgan olimlar akademik A.Samoylovich, S.Malov, Ye.E.Bertelslar bilan hamkorlikda o’zbek, tojik va boshqa millat sharqshunos, adabiyotshunos, turkolog olim, muallimlar tayyorlash ishiga ham yaqindan yordam beradi. Bu sohada Fitrat to 1937 yil qatag’onga uchragunga qadar Yahyo G’ulomov, Ibrohim Mo’minov, Oybek, Xodi Zarifov, Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Rahim Hoshim kabi markaziy Osiyoning bo’lg’usi taniqli olimlariga bevosita yoki bilvosita murabbiylik ham qilgan edi,
1934 yil O’zbekiston Fanlar komiteti qoshida tuzilgan mustaqil ilmiy-tadqiqot institutlariga aylangan ilmiy muassasalarda o’sha davrda taniqli olimlardan Otajon Hoshim, G’ozi Yunusov va boshqalar bilan birga yosh adabiyotshunos hamda tilshunos olimlarga o’zbek adabiyoti tarixi va fors tilidan dars beradi. SHarq adabiyoti, tili, tarixining katta bilimdoni sifatida shuhrat topadi va shogirdlari qalbida o’chmas iz qoldiradi.
Fitratning ijodiy va ijtimoiy faoliyatini nisbi ravishda ikki davrga ajratish mumkin. Faoliyatining birinchi davrini 1908—1918 yillarda yozgan «Rahbari najot», «Munozara», «Sayyohi hindi bayonoti», «Oila» singari asarlari tashkil etib, bular yosh buxoroliklar harakatining g’oyaviy dasturi bo’lib xizmat qilgan edi.
Bu davrda Fitratning «Sayha» she’rlar to’plami, «Begijon», «Mavludu sharif», «Abomuslim», «Temur sag’anasi», «CHin sevish» kabi dramatik asarlari hamda «Siyosiy hollar», «Turkiston muxtoriyati» kabi publitsistik maqolalari ham yaratiladi.
Fitrat ana shu dastlabki asarlari bilan o’zi yashab turgan jamiyatning g’oyaviy asoslarini larzaga keltiradi.
Fitratning dastlabki asarlarida vatanparvarlik mavzusi asosiy o’rinni egallaydi. U vatani bilan faxrlanadi, lekin vatanining holi harobligidan aziyat chekadi. Vatani uchun najot yo’lini qidiradi va bu najot yo’lini ma’rifatda deb biladi. SHuning uchun o’z xalqiga madaniyat va ma’rifat berish uchun tinimsiz mehnat qiladi.
Fitrat ijodiy va ijtimoiy faoliyatining ikkinchi davri 1918—1924 yillarni o’z ichiga oladi.
Bu davrda Fitratning «Uchqun» she’rlar to’plami (1912 y.), «Qiyomat» hikoyasi, «O’g’uzxon», «Qon», «CHin sevish», «Hind ixtilochilari», «Abulfayzxon» drama va asarlari hamda bir qancha publitsistik maqolalari maydonga keladi.
Yirik olim Fitratning o’zbek va sharq adabiyoti tarixi xususida yozgan asarlari 20—30 yillardagi SHarq adabiyotining bilimdonlari Ye.Bertels, I.Krachkovskiy, L.Klimovichlarning asarlari bilan yonma-yon turadi. Fitrat hatto ularga ko’rsatmalar bergan. Fitrat ularga ayrim qo’lyozmalarning matnlarini yetkazib bergan, o’sha asarlarning o’rganilish darajasini ko’rsatib, tushuntirgan. Mana shularning hammasi uning xassos shoir, iste’dodli adib, dramaturg, publitsist, chuqur ilmiy-tarixiy tadqiqotlar yozgan adabiyotshunos olim, bir necha darsliklar muallifi, ulkan tarixchi ekanligini ko’rsatib turibdi. Lekin 1937 yilga kelib Fitrat Fayzulla Xo’jaev, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, CHo’lpon, Elbek kabilar bilan birga qatag’on qurboni bo’ldi. Ular «xalq dushmani» deb qoralanib, ularga «panturkizm» tamg’asi bosildi.
Sud Fitratni 1938 yil 5 oktyabrda otishga hukm qiladi. Bu hukm bir kun oldin ijro etiladi.
Abdurauf Fitrat yirik davlat arbobi, taniqli tilshunos va adabiyotshunos olim, faylasuf, shoir, dramaturg, publitsist, geograf, matematik, tabobat va diniy ilmlar bilimdoni bo’lishi bilan birga O’zbekistonda maktab va ta’lim-tarbiya rivojiga katta hissa qo’shgan yetuk ma’rifatparvar va mohir islohotchi pedagog sifatida xalq xotirasida qoldi.
3. Abdurauf Fitratning ta’lim-tarbiya haqidagi qarashlari
Abdurauf Fitrat zullisonayn yozuvchi sifatida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy an’analarini davom ettirib, o’zbek va tojik tillarida birday mukammal asarlari yarata oldi.
Fitratning «Rahbari najot» asari to’la ravishda ta’lim-tarbiya masalalariga bag’ishlanadi. Ayniqsa, asarning uchinchi bobi oila, bola tarbiyasi, axloq-odob mavzulariga bag’ishlangan bo’lib, bu masalalar hozirgi davrda ham katta ma’rifiy ahamiyatga egadir.
Fitrat ota-onaning vazifasi o’z bolalarini yetuk kishilar qilib tarbiyalashlari zarurligi, bunda ayniqsa, uch tarbiyaga: 1. Jismoniy tarbiya — salomatlik, 2. Aqliy tarbiya — sog’lom fikrlilik, 3. Axloqiy tarbiya — axloqiy sano, ya’ni axloqiy poklikka e’tibor berish kerakligi ta’kidlanadi.
Asarning «Bola tarbiyasi» masalalari bobida quyidagilar ko’rsatib o’tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |