Kirilda | Lotinda
Abdurahmon Jomiy: “Kel, Jomiy, umr boʻyi mashaqqat tortib, koʻnglingdan shu “besh ganj”ni dunyoga chiqarding. Sening bu “Besh”ing (“Xamsa”ng) shunday kuchli panja boʻldiki, daryokaflar qoʻli buralib ketdi… Biroq har xazina oʻlchovchi (yaʼni yetuk shoir) qalamidan bu oʻtar dunyo “Besh xazina” bilan boyigandir. U “Besh”liklarga sening “Besh”ing qachon tenglashardi? Ularning bir xazinasi sening yuz xazinangdan yaxshidir. Xususan, u panjaki, ganjadan sarpanja urganda Sher kabi oʻz sarpanjasini urdi, turkiy tilda bir ajoyib qoʻshiq kuyladiki, jodu nafaslilar ogʻzi muhrlandi. Bu qalamga falakdan ofarinlar yogʻilsin! Chunki bu yoqimli naqshni oʻsha qalam yaratdi va forsiy til egalari, forscha nazm durlarini tuzuvchilarga rahm qildi: u ham shu forsiy tilda yozganda boshqalarga soʻz aytishga majol qolmasdi. Bu moʻjizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kim-u, Xusrav kim boʻldi? U boshqa tilda soʻz yuritganidan aqlga oradagi farqni ajratish uchun yoʻl qolmadi. Ey (Navoiy), sening tabʼing soʻz ustodidir. Qalaming ochqichi bilan soʻz eshigini ochding. Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan oʻrin olgan (turkiy) soʻzga sen yangidan obroʻ berding. Uni ijod maydoniga olib chiqding. U sening raʼying nuridan safoli boʻldi, lutfing navosi (boyligi)dan navoli (bahramand) boʻldi”.
Rashidiy: “U (Alisher Navoiy)ning kelib chiqishi baxshilarga borib taqaladi. Otasini “Kichkina baxshi” deyishgan, u saroyda amaldor boʻlgan. Mir Alisher bolalikdan Sulton Husayn mirzo bilan doʻstlashgan. Sulton Husayn mirzo podshoh boʻlgach, Alisher Navoiy uning xizmatiga kelgan, mirzo uni behad qadrlab, gʻamxoʻrliklar koʻrsatgan, Mir Alisher esa xalqqa xuddi shunday gʻamxoʻrlik qilgan”.
Hakimshoh Qazviniy: “Hech kim turkiy sheʼrni undan yaxshiroq ayta olmagan va nazm durlarini undan yaxshiroq socha olmagan”.
Xondamir: “874-yilning boshlarida Mirzo Yodgor Muhammad Hasanbek turkman yordami bilan Xurosonni qoʻlga kiritish payiga tushdi. Sultoni Sohibqiron (Husayn Boyqaro) esa bir toʻda amir va qoʻshinni dushmanga qarshi yuborib, ular orqasidan oʻzi ham joʻnadi. Nusrat nishonli bayroqlar Mashhaddan oʻtganda, dushmanning yaqinlashgan xabari ilgʻor askar boshliqlariga ketma-ket eshitildi. Shu sababdan zafar bayroqli podsho dushman tomonga tezlik bilan harakat qilish xohishini bildirdi. Ammo uning muborak tiliga vaqt belgilash uchun munajjim chaqirilsin degan soʻz keldi. Bu vaqtda ulugʻ martaba egasi va hazrat sultonning yaqin doʻsti (Alisher Navoiy) arz qildiki, munajjim chaqirib, paytning yaxshi-yomonligini hozirda tekshirishning foydasi yoʻq. Chunki payt muvofiq boʻlsa yo boʻlmasa ham ishini kechiktirish mumkin emas va tezlik bilan harakat qilish lozim”… Biroz yurilgandan keyin ishni boshlash uchun otlanib chiqishning maqsadga gʻoyatda muvofiq ekanligi aniq maʼlum boʻldi”.
“Garchi oliy hazratga oʻzidagi tabʼ quvvati va qobiliyati koʻpligi jihatidan har ikki nav, yaʼni turkiy va forsiy sheʼrlar muyassar boʻlsa-da, uning oʻtkir tabʼi (ning moyilligi) forsiychadan koʻra turkiychaga ortiqroq edi”.
Do'stlaringiz bilan baham: |