Abdurahmon Jomiy: “Kel, Jomiy, umr boʻyi
mashaqqat tortib, koʻnglingdan shu “besh ganj”ni
dunyoga chiqarding. Sening bu “Besh”ing (“Xamsa”ng) shunday kuchli panja boʻldiki, daryokaflar
qoʻli buralib ketdi… Biroq har xazina oʻlchovchi (yaʼni yetuk shoir) qalamidan bu oʻtar dunyo “Besh
xazina” bilan boyigandir. U “Besh”liklarga sening “Besh”ing qachon tenglashardi? Ularning bir
xazinasi sening yuz xazinangdan yaxshidir. Xususan, u panjaki, ganjadan sarpanja urganda Sher
kabi oʻz sarpanjasini urdi, turkiy tilda bir ajoyib qoʻshiq kuyladiki, jodu nafaslilar ogʻzi muhrlandi. Bu
qalamga falakdan ofarinlar yogʻilsin! Chunki bu yoqimli naqshni oʻsha qalam yaratdi va forsiy til
egalari, forscha nazm durlarini tuzuvchilarga rahm qildi: u ham shu forsiy tilda yozganda
boshqalarga soʻz aytishga majol qolmasdi. Bu moʻjizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kim-u,
Xusrav kim boʻldi? U boshqa tilda soʻz yuritganidan aqlga oradagi farqni ajratish uchun yoʻl
qolmadi. Ey (Navoiy), sening tabʼing soʻz ustodidir. Qalaming ochqichi bilan soʻz eshigini ochding.
Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan oʻrin olgan (turkiy) soʻzga sen yangidan obroʻ
berding. Uni ijod maydoniga olib chiqding. U sening raʼying nuridan safoli boʻldi, lutfing navosi
(boyligi)dan navoli (bahramand) boʻldi”.
Rashidiy: “U (Alisher Navoiy)ning kelib chiqishi baxshilarga borib taqaladi. Otasini “Kichkina baxshi”
deyishgan, u saroyda amaldor boʻlgan. Mir Alisher bolalikdan Sulton Husayn mirzo bilan
doʻstlashgan. Sulton Husayn mirzo podshoh boʻlgach, Alisher Navoiy uning xizmatiga kelgan,
Alisher Navoiy haqida uning zamondoshlari
17.09.2017
mirzo uni behad qadrlab, gʻamxoʻrliklar koʻrsatgan, Mir Alisher esa xalqqa xuddi shunday
gʻamxoʻrlik qilgan”.
Hakimshoh Qazviniy: “Hech kim turkiy sheʼrni undan yaxshiroq ayta olmagan va nazm durlarini
undan yaxshiroq socha olmagan”.
Xondamir: “874-yilning boshlarida Mirzo Yodgor Muhammad Hasanbek turkman yordami bilan
Xurosonni qoʻlga kiritish payiga tushdi. Sultoni Sohibqiron (Husayn Boyqaro) esa bir toʻda amir va
qoʻshinni dushmanga qarshi yuborib, ular orqasidan oʻzi ham joʻnadi. Nusrat nishonli bayroqlar
Mashhaddan oʻtganda, dushmanning yaqinlashgan xabari ilgʻor askar boshliqlariga ketma-ket
eshitildi. Shu sababdan zafar bayroqli podsho dushman tomonga tezlik bilan harakat qilish
xohishini bildirdi. Ammo uning muborak tiliga vaqt belgilash uchun munajjim chaqirilsin degan soʻz
keldi. Bu vaqtda ulugʻ martaba egasi va hazrat sultonning yaqin doʻsti (Alisher Navoiy) arz qildiki,
munajjim chaqirib, paytning yaxshi-yomonligini hozirda tekshirishning foydasi yoʻq. Chunki payt
muvofiq boʻlsa yo boʻlmasa ham ishini kechiktirish mumkin emas va tezlik bilan harakat qilish
lozim”… Biroz yurilgandan keyin ishni boshlash uchun otlanib chiqishning maqsadga gʻoyatda
muvofiq ekanligi aniq maʼlum boʻldi”.
“Garchi oliy hazratga oʻzidagi tabʼ quvvati va qobiliyati koʻpligi jihatidan har ikki nav, yaʼni turkiy va
forsiy sheʼrlar muyassar boʻlsa-da, uning oʻtkir tabʼi (ning moyilligi) forsiychadan koʻra turkiychaga
ortiqroq edi”.
“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-
sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua.
“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.