www.ziyouz.com
kutubxonasi
186
— Tuzik...
— Qani, turing tezroq!
Otabek turdi. Uchrashishka hali anchagina vaqt bor, shuning uchun uning yuragi tinch
sumol edi. O‘rta yo‘lakka kirdilar. Oldinda borg‘an Hasanali to‘xtadi va uyning eshigini
ko‘rsatib «o‘ting!» dedi. Otabek uning aytkanicha qilib o‘zini uyga oldi. Hasanali
Otabekni uyga kirguzgandan so‘ng kelib eshikni qiyaroq ravishda yopdi va darichani
narigi uydan qarag‘anda kishi ko‘rinmaslik qilib qiyg‘och ochdi. Shundan keyin ul o‘zicha
nimagadir kulimsirab xotinlar oldiga ketdi.
Otabek kirguzilgan Hasanalining uyi Oybodoq ona tarafidan tozag‘ina yig‘ishtirilib,
o‘rta hollik kishilarning uyidek asbob, jihozlar bilan ziynatlangan edi. Devorlar
ganchlangan, shiplar sirlangan, oyog‘ osti alvon gullik kiyiz bilan to‘shalgan va
taxmong‘a kirpo‘sh ko‘rpalar osilg‘an edi. Otabek kafshini dahlizga yeshdi-da, uy
bo‘yicha bir-ikki qayta yurindi va entikib nafas oldi. Shu vaqt taxmong‘a osilg‘an kirpo‘sh
o‘z-o‘zidan qimirlag‘andek bo‘ldi. Bu qimirlashni Otabek payqamadi. Haligi qimirlag‘an
kirpo‘sh birdan ochilib ketib Otabek cho‘chidi... Birav taxmondan unga qarab kulimsirar
edi. Otabek titrar edi... Bir ozdan so‘ng ikkisi ham o‘zlarini bir muncha to‘xtatdilar-da,
bir-birlariga tomon yurishib keldilar va so‘zsizg‘ina quchoqlashdilar... Otabek sunbul islik
sochlardan ruh olar, Kumush go‘yo uning bag‘rig‘a singib ketkan edi. Bu hol bir daqiqa
chamasi davom etkandan keyin bir oz ajralishqan ko‘yi uyning oyog‘ig‘a yurib bordilar va
tiza-batiza o‘lturdilar... Birisi ham so‘zlay olmas, faqat termulishar edilar. Necha
daqiqag‘acha shu holatda bo‘ldilar. Nihoyat, Kumush kulgi aralash ko‘ziga yosh oldi.
— Siz... qochqoqsiz, — dedi.
— Siz...
— Men?
— Siz quvloqsiz.
— Ajab qilaman, — dedi Kumush va shapalog‘i bilan erining yuziga sekingina urib
qo‘ydi.
— Bu yoqqa ham...
— U yoqqa Zaynab ursin.
— Zaynabning... urishka haqqi yo‘q.
Kumushning ko‘zida haligacha ko‘rilmagan bir shodliq o‘ynadi:
— To‘g‘ri aytasizmi?
— To‘g‘ri aytaman!
— Mana bo‘lmasa, — dedi Kumush. Otabekning ikkinchi yuzini ham silagandek qilib
qo‘ydi. Yana kulimsirashib, termulishib qoldilar...
— Biravning g‘amida kuyib qaridim, — dedi Kumush.
— Bekor aytasiz... Meni aytsangiz to‘g‘ri.
— Siznimi? — dedi Kumush. — Siz endi qirchillabsiz!
— To‘g‘ri gapirmadingiz.
— To‘g‘ri gapirdim.
— Ammo siz...
— Men?
— Keyin aytaman...
Kumush o‘pkaladi:
— Ayting hozir, — dedi va jodu ko‘zini allaqanday holatka qo‘ydi. Otabek javob o‘rnida
Kumushning yuzidan o‘pdi... Kumush o‘zini qutqazib o‘rnidan turdi.
— Yaxshi qoling endi.
Otabek tushunolmay unga qaradi:
— Nima bo‘ldi sizga, qayoqqa borasiz?
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |