O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
149
* * *
Shomdan so‘ng qutidor endigina mehmonlardan bo‘-shab ichkariga kirgan edi,
mehmonxona yig‘ishtirib qolg‘an To‘ybeka qutidor yonig‘a kelib dedi:
— Sizni bir kishi chaqiradir.
— Qanaqa kishi, tanidingmi?
— Tanimadim.
Qutidor erinibgina tashqariga chiqdi-da, mehmon-xonada o‘lturg‘uchi tanish
bo‘lmag‘an kishi bilan sovuqqina ko‘rishib so‘radi:
— Xizmat?
Usta Alim qutidorg‘a kulimsirab olg‘ach:
— Ruxsatsiz mehmonxonangizga kirganim uchun kechirasiz, — dedi.
— Aybi yo‘q, mulla, — dedi qutidor va qarshima-qarshi ulturishdilar.
— Yomonlar suiqasdidan salomat qutilishingiz mubo-rak bo‘lsin!
— Tangriga qulluq bo‘lsin! — dedi qutidor. Mehmonxona qorong‘ilanib ketkani uchun
havli supirib turg‘uchi To‘ybekaga darichadan turib buyurdi: — Sham’ yoqib chiq,
To‘ybeka!
Sham’ chiqishini kutkandek usta Alim boshini quyi solib o‘lturar edi. Qutidor «nima
yumishing bor menda» degandek qilib unga savol nazari bilan ko‘z tashlar va qur’on
tinglovchi kishidek bo‘lib o‘lturg‘uchi majhul kishidan taajjublanar edi. Nihoyat, sham’
kelib tokchaga qo‘ndirilg‘ach, usta Alim muroqabadan boshini ko‘tarib qutidorg‘a qaradi:
— Mendan taajjublandingiz, — dedi va qo‘ynidan maktublarni chiqarib bittasini
qutidorg‘a uzatdi, — mendan ham bu maktub ajibroqdir, — deb kuldi. Qutidor xatning
unvoniga ko‘z yugirtirib chiqg‘ach, usta Alim aytkandek taajjub ichida xatni ochdi...
O‘qub bitirgach, ul dahshat va taajjub ichida toshdek qotib qolg‘an edi... Agarda uning
yonida usta Alim bo‘lmag‘anda edi, ehtimol ul qay va qatlarg‘acha serrayib qolar edi.
— Jon va oilangiz dushmani bo‘lg‘an bir badbaxt endi o‘z qilmishining jazasini ko‘rdi,
burodarim Otabek ularning totiqlarini xo‘b boblab berdi, — dedi usta Alim va davom
etdi: — shuning bilan sizning najib oilangiz dahshatlik foji’a davrlarini kechirib, endi
ma’sud kunlar arafasiga yetdi. Xatni o‘qub sizning dahshatlanishingiz emas,
quvonishingiz, dushmaningizni yuz tuban qilg‘ani uchun haq taolog‘a shukur aytishingiz
kerakdir!
Qutidor hushini boshig‘a yig‘ayozdi va uflab tin olg‘ach, hayajon ichida so‘radi:
— Men bilan Otabekni qamatdirg‘an va dor ostlarig‘a yuborg‘an Homidmi?
— Homid.
— Taloq xati yozg‘uchi Otabek emasmi?
— Hosho va kallo, Otabek munday gapdan xabarsiz. Uning otidan taloq xati yozg‘uchi
ham shu badbaxt Homid.
Mundan so‘ng qutidor turib ichkariga yugirdi, yarim yo‘ldanoq tanchada o‘lturg‘uchi
Oftob oyim bilan Kumushka qichqirdi:
— Sir ochildi!
Ikkisi ham sachrab qutidorg‘a qaradilar-da, birdan so‘radilar:
— Nima, qanday sir?
Qutidor tanchaga borib o‘lturmadi-da, ayvon peshonasidan turib, qo‘lidag‘i xatni
yuqori tovush bilan o‘qub chiqdi:
«Muhtaram qayin otamizg‘a!
Siz bilan meni qorong‘i zindonlarg‘a tushirib, dor ostlarig‘acha tortkan, buning ila
o‘zining vahshiyona tilagiga yeta olmag‘andan keyin manim tilimdan soxta taloq xati
yozib darvoza yonidan haydattirishka muvaffaq bo‘lg‘an va bir gunohsizni shahid etkan
Homid ismlik bir to‘ng‘uzni nihoyat, ikki yillik sargardonligim so‘nggida yordamchilari
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |