www.ziyouz.com
kutubxonasi
157
qochishni-da bilmay qoldilar. O‘z ustiga chug‘irchiqdek yopirilib kelmakda bo‘lg‘an
qo‘qonliq va toshkandliklarga qarshi o‘zida kuch yo‘qlig‘ini bilgan Musulmonqul bir ot va
bir qamchi arang qo‘shundan chiqib qochdi va bir qancha yo‘lg‘acha quvlandi. Boshluq
orqasidan qochmoqchi bo‘lg‘an qipchoq yigitlariga munodi nido qildi:
— Qipchoq og‘aynilar! Bizning hamma adovatimiz Musulmonqulg‘a edi! Siz og‘aynilar
ilgari xon yonida qandog‘ xizmatda bo‘lg‘an bo‘lsalaringiz, endi ham o‘sha vazifada
qolaberasizlar va lekin Musulmonqulg‘a tarafdorlaringiz bo‘lsa, tinchlikcha qo‘shindan
chiqib ketsin!
Qipchoq yigitlari ham bir yerga uyushib, o‘z taraflari-dan munodi qo‘ydilar.
— Biz Musulmonqulni tanimaymiz! Bizning boshlug‘imiz Xudoyorxondir!
Shundan so‘ng qipchoq va o‘zbek birga aralashib ketdi, go‘yo hamma adovat
Musulmonqul bilan birga ketkandek bo‘lib, ikki xalq bir-biri bilan ko‘rishdi. O‘n minglab
xalq yangidan Xudoyorg‘a itoat izhor etib, chin xonlik bilan uni muborakbod qilishdilar.
Toshkand xalqi izzat-ikrom ostida xonni va Qo‘qon sipohini shaharga tushurib, o‘rdada
uch kun ziyofat berdilar. Ziyofat asno-sida ittifoqning foydalari, tarqoqliqning zararlari
so‘zlanildi. Qushbegi va Yusufbek hojilarning taklifi bilan Musulmonqul o‘rniga O‘ttaboy
qushbegi (Marg‘i-lon hokimi) mingboshi belgulanib, to‘rtinchi kun Xudoyorxon qo‘shuni
bilan Qo‘qong‘a qaytdi.
* * *
Qish chiqar oldi. Musulmonqul voqi’asidan yigirma kunlar chamasi keyin edi.
Muhammad Rajab qo‘rboshining uyidan ikki-uch qaytalab kishi kelabergandan keyin,
Yusufbek hoji ilojsiz qolib borishg‘a majbur bo‘ldi.
Yig‘inda Muhammadniyoz qushbegi, Qosim mingboshi, Qambar sharbatdor, Karimqul
ponsadlardan tor-tib Toshkandning yetuklik ashrof va a’yonidan o‘n beshlab odam bor
edi. Mehmonlar uchun meva-cheva, quyuq-suyuq tortildi. Ziyofat to‘kun edi. Yemak
asnosida Niyoz qushbegi so‘zlab yig‘inning maqsadi bilan ahli majlisni tanishdira bordi:
— Og‘alar, inilar! Bilindiki, og‘aynilar bir tan, bir jon bo‘lsalar qipchoq kasofatidan
qutilish uncha qiyin tushmas ekan. Mundan bir oy ilgari biz qanday holda edik?
Musulmonqulning omonsiz qilichi og‘aynining bo‘g‘zida edi. Xudo hoji akamizning umrini
uzun qilib, bola-chaqasining egaligini ko‘rsatsinki, avvalo uning aqllik tadbiri, undan
keyin og‘aynining bir yoqadan bosh chiqarishi soyasida Musulmonqul balosidan
yengilgina qutildik. Ammo bu qutilishni chin qutilish deb bo‘lmaydi. Nega desalaringiz,
oq it bo‘lmasa, qora it tovoq-qoshiqqa tegmakda. Hali biz sahroyi qipchoq elidan uzil-
kesil qutilg‘animiz yo‘q. Anovi Musulmonqul bo‘lmasa, boshqa Alimqulning bosh
ko‘tarishi aniq, — dedi qushbegi va dasturxondan cho‘qinib davom etdi. —
Normuhammadning ra’yini deb, hamma ixtiyor o‘z qo‘limizda bo‘lgani holda, O‘tabboyni
mingboshi belgulab yuborduq... Bu ham o‘zimizning eng katta xatolarimizdin. Men o‘sha
kundan beri o‘z-o‘zimdan bo‘g‘ilib yuriyman: Musulmonqulning iti bo‘lmasa, o‘zimizdan
mingboshi bo‘larliq odam qurib qoluvdimi, deyman. Yo‘q, og‘alar, temirni qizig‘ida suqib
qolish kerak! Qachong‘acha biz bu sahroyi itlar bilan sanu manga borishib yuramiz?
Yaxshisi shulki, bu bosh og‘rig‘larni bir varakay oradan ko‘tarib tinchishaylik. Biz shu
yerdagi og‘aynilar bilan kengashib bir gapka to‘xtab qo‘ydiq. Ammo bu maslahatning
hoji akamizga ham ma’qul tushmog‘ida shubha qilmaymiz. Bu o‘yimizga xon ham bir
narsa demasa kerak. Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, O‘sh va boshqa yerlarning og‘aynilari
ham bu gapdan bosh to‘lg‘amaslar. Nega desangiz, qipchoq degan iflos barchani ham
jonidan to‘ydirdi, — dedi va nosqovog‘ini qoqa-qoqa bir otimini tilining tegiga tashladi.
Yusufbek hoji haligi gap so‘zlang‘anda qo‘lidag‘i piyo-lasini chayqatib og‘ir bir holat
kechirgan va chuqur bir sukutka ketkan edi. Boshqalar bo‘lsa Niyoz qushbegi-ning
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |