www.ziyouz.com
kutubxonasi
140
— O‘zi maydonmi, axir?
Jannat:
— Maydon, qix.
Mutal:
— Yaqinida odam yo‘qmi?
Jannat:
— Yo‘q, qix.
Mutal:
— Bali, mo‘ljalni olib bersalaring, ertadan boshlab qazig‘anim bo‘lsin.
Homid, Sodiq:
— Bali, rahmat, polvon!
Majlisning so‘zi shu yerga yetkanda Otabek o‘rnidan turib yo‘lakka keldi. Eshik
zanjiriga qo‘lini olib borg‘ani holda o‘ylanib to‘xtadi va eshikni ochmay orqasig‘a qaytdi.
Xaroba uy orqaliq usta Alimnikiga chiqib ayvon yonida to‘xtadi, ularning xurrak va
pishillashlariga qanoat hosil etkach, oyog‘ uchi bilan yo‘lakka o‘tdi va eshikni ochib
chiqdi...
* * *
O‘z og‘zidan eshitkanimizdek Sodiq uni, Homidning ta’limoticha Qo‘qon darbozasidan
chiqarib to karvonlarga qo‘shilib olg‘uncha ta’qib etib borgan edi. Otabek bu ta’qibni juda
yaxshi sezganlikdan Sodiq yo‘lda qolg‘andan so‘ng ham yana bir bekat olding‘a borg‘an
va ikkinchi bekatdan yo‘lni chaplab, Toshloq darbozasi orqaliq yana qaytib Marg‘ilong‘a
kirgan edi.
Usta Farfining Homid va o‘zi to‘g‘rilaridag‘i mudhish hikoyasini eshitkach, Marg‘ilonda
qolish va qayin otasining uyiga borib onglashish o‘rniga juda oshig‘ichliq bilan
Marg‘ilondan jo‘nab ketkan bo‘lib ko‘rinishi albatta o‘rinsizga emas edi. Chunki Komilbek
o‘ldirilgan bir kunda Homidning ko‘z o‘ngida qolishi, bilaturib, o‘z-o‘ziga qabr qazish,
qabrg‘ina emas nomusni barbod berish va qotilliq ismini olib xalq oldida sharmanda
bo‘lish bo‘lur edi, nuchukkim, biz yuqorida Sodiq og‘zidan eshitkanimizdek Homid bu
tuhmatdan ham qaytmas va o‘z tuhmatini mahkama oldida mantiqiy ra-vishda isbot
ham qila olur edi. Mana ul shu mudhish, boshqa tushmog‘i aniq turg‘an halokatning daf’i
uchun Marg‘ilondan oshig‘ich chiqib jo‘nag‘an edi. Orqasidan qiling‘an ta’qibni payqashi
esa avvalo bu uning bir mulohazasi bo‘lg‘an edi, ikkinchi, otini egarlar ekan, devordan
o‘zig‘a qarag‘an bosh bilan bu mulohazasini chinga chiqishini bilgan edi. Uchunchi,
ko‘chada usta Alim bilan xayrlashar ekan, qo‘shnining yo‘lagida ko‘ringan kishi ko‘lagasi
yana ta’qib etilishini ta’kidlagan edi.
Marg‘ilondan ikkinchi bekatka qo‘nib, choyxonada bir-ikki choydish choy ichib uzoq
o‘ylag‘an va Marg‘i-long‘a qaytish quruq tuhmatka qolish bilan farqsiz ekanligini yana bir
qat tushungan edi esa-da, Homidni maydonda muzaffar holda qoldirib ketishni hech bir
turlik yuragiga sig‘dira olmag‘an, g‘ayri rasmiy yashirinib bo‘lsa ham Marg‘ilonda
turishka va turib Homidning mundan so‘nggi rejalarini o‘rganishka va shunga qarab
kurash boshlashg‘a qaror bergan, shom bilan asr orala-rida Marg‘ilong‘a kirgan edi. Kelib
birinchi kelishida tushkan saroyga joylashqan va joylashib tinchiy olmag‘an, ya’ni
ta’qibini bu kundanoq boshlashg‘a qaror bergan. Homidning yomonliq korxonasi usta
Alimning qo‘shnisinikida bo‘lg‘anlig‘i uchun hech bir taraddudsiz yo‘lni to‘g‘rilab
Sodiqnikiga solg‘an ediki, biz mundan keyingi gaplarni yuqorida ko‘rib o‘tdik.
Usta Alimning eshigini ochib chiqg‘ach, Sodiqning yo‘lagiga quloq solib g‘o‘ng‘ir-
g‘o‘ng‘ir kelgan tovushni eshitdi va sekin-sekin yo‘lg‘a tushdi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |