www.ziyouz.com
kutubxonasi
137
qolabersa men uni uylantirib qo‘ydim... Men birav bilan oshnachiliq qilsam, hatto, undan
jonimni ham ayamay, ko‘nglini olmoqg‘a tirishaman.
Sodiq:
— Mutalboy sizni o‘bdan yaxshi biladir, Homid aka! Sizning qanday xizmatingiz
borlig‘ig‘a ham qong‘an... Ammo uning sizdan bir iltimosi bor ekan.
Homid:
— Nima iltimosingiz bor, Mutalboy?
Mutal (sarxush):
— Bitta ya-ya-ya -rimtadan uch-to‘rt t-t-tanga q-q-qarz-larim bor edi, Homid aka.
Homid:
— Oshnaliq degan uch-to‘rt tanga bilan bog‘lana olmaydir, Mutalboy! Men sizga hali
aytib qo‘ydim: ma-ning oshnalig‘im oshnadan jonni ham ayamasliq bilan bo‘ladir. Uch-
to‘rt tanga emas, muhtoj bo‘lsangiz o‘ttuz-qirq tanga ham so‘ray bering!
Jannat opa:
— Ilohi Homidboy murod-maqsadig‘a yetsin, qix. Oshna-og‘aynidan dunyo
ayamaydir!
Bir oz vaqt tanga tovshi eshitilib turg‘ach, Homidning ovozi keldi:
— Mana, Mutal polvon, hozirga oz bo‘lsa ham shuni olib turarsiz, ammo xizmat
haqingiz o‘z yo‘lig‘a bo‘-ladir.
Sarxush:
— R-rahmat, H-homid aka, siz j-jonni ayamasangiz, m-men ham yo‘lingizga
boshimni tikdim, jamshidning arvoyi!
Sodiq:
— Bizning Mutalboy ham quruq yigit emas!
Homid:
— Dasturxonni yig‘ishtirib olingiz-chi, Jannat opa!
Lagan-tovoqning bir-birisiga tekkan tovshi eshitilib, Otabek o‘zini ohistagina yo‘lakka
oldi. O‘choq boshida bir-ikki daqiqa chamasi tovoq-qoshiq va oyoq tovshi eshitilib
turg‘ach, Jannat opa havlig‘a tushib keldi va qo‘lidag‘i dasturxonni tut ostig‘a qoqib
ketdi. Otabek qaytib kelib daricha ostig‘a o‘lturgan ham edi, Homidning shu so‘zini
eshitib qoldi.
— Eshikning zanjiriga bir qarab kelingiz-chi, imon topkur Jannat opa!
Sodiq:
— Qo‘rqasiz-da, Homid aka, eshikni o‘zim zanjirlaganman.
Homid:
— San hali yoshsan, inim Sodiqboy, siz chiqabe-ringiz, Jannat opa!
Otabek uchun vaqt ortiq tang va qo‘rqunch edi. Xaroba uyga boray desa, Jannat
opaning ko‘rib qolishi aniq edi. Eshikni ochib chiqib ketay desa, o‘lturishning maqsadi
hali ochilmag‘an bo‘lib, butun mashaqqati shamolg‘a ketar edi. Joni halqumig‘a tiqilib
tevaragiga alang‘ladi va yo‘lakdan nariroqda usta Alimning devorig‘a suyog‘liq turg‘an
zanbilga ko‘zi tushdi. Zanbilning ostig‘a yashirinish juda ham xavfli edi esa-da, ammo
o‘lturishning maqsadig‘a qonmay ketish undan ham xatarlik edi. Sir fosh bo‘la qolsa, uch
dushmanga barobar hujum qilishni bo‘yniga olib qo‘ydi. Uy eshigi ochila boshlag‘anda
zanbilning ostig‘a kirib olg‘an edi. O‘zini nechog‘liq siqib g‘ujanak qilg‘an bo‘lsa ham,
ammo bir qarash bilan zanbil ostida kishi borlig‘ini bi-lish uncha qiyin emas edi. Zanbil
ostida xanjarini qisimlab, go‘yo sichqonni poylag‘an mushukdek hujumga hozirlanib
yotar edi.
Jannat opa yo‘lakka tomon yurib keldi-da, zanbil ostidag‘ini payqamay yo‘lakka
burildi. Oydindan eshik-ning zanjirligi aniq ko‘rinib turar edi. Shuning uchun eshik
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |