www.ziyouz.com
kutubxonasi
135
Yo‘lakdagi majhul kimarsa go‘yo shuni kutib turg‘andek oyog‘ uchini onda-sonda tashlab
o‘zini maydon ichiga oldi...
Bargi to‘kilib quruq shoxlari bilan qolg‘an maydon ichi tumanlik oydin, majhul kishi
yuzini oyding‘a berib, xaroba uy ostida qadalib turg‘anliqdan uning kim ekanligini tanish
oson edi. Bu alamzada, zulmdiyda yuz eng so‘ngg‘i kurashka hozirlang‘an bir yigit edi...
Otabek xaroba uy devori yonida so‘ng chekdagi bir e’tibor bilan ichkariga quloq
solmoqda edi. Ichkaridan o‘tin yorib o‘choqqa o‘t qalash harakatlari eshitilar, gohi xotin
kishining tovshi ham kelib qo‘yar edi. Ul bir-ikki qayta ohista adimlar bilan xaroba
uylarning u boshi bilan bu boshig‘a borib keldi, ya’ni ichkariga oshib tushmak uchun
qulayroq o‘rin chog‘lar edi. Xaroba imoratlarning o‘rta bir yeridagi raxnadan oshib
tushish qulayroq bo‘lg‘ani uchun shuning ostig‘a shumshayib o‘lturdi. O‘lturishi hamono
qayoqdandir oyoq tovshi eshitkandek bo‘ldi-da, sekingina o‘lturgan joyig‘a yerga
singgandek qilib yotib oldi. Oyoq tovshi to‘xtab narigi yoqdan usta Alimning tovshi keldi.
Usta Alimning xuftandan qaytib kelganligini ongladi va uning maydonga kirish ehtimoli
bo‘lg‘anliqdan shu ko‘yi yotaberdi.
Vaqt juda sekin harakat qilar edi. Ul o‘zining har bir yurak tepishini sanag‘andek
o‘tkuzar edi. Kuzning yoqimsiz shamoli o‘pkani qichitib, yo‘talni qistatar, ul chalqancha
yotqan ko‘yi og‘zini o‘ramlab ko‘mak kutkan kabi ko‘kka ko‘zini tikkan edi.
Oradan bir-bir yarim soatlar chamasi vaqt o‘tib ketdi. Tevarakdan «jannat
qushlari»ning birinchi tovshi qichqirilib o‘tdi, shu kezda xaroba havli tomondan bir necha
oyoq tovushlari eshitildi-da, ul o‘rnidan turib quloq solishg‘a majbur bo‘ldi. Bir muncha
vaqt onglashilmag‘an so‘zlashish tovushlari kelib turgach, darichaning g‘iyq etib
ochilishidan so‘ng, bu tovushlar yana ham uzoqlashdilar. Otabek devorg‘a intildi va
sekingina yuqorig‘a ko‘tarildi. Buzuq uyning darichasi-dan narigi qatordag‘i ayvon va
undagi o‘choqda yonib turg‘an o‘t ko‘rindi. Ammo ochiqqina bo‘lib uy ichidan kishilar
tovshi kelar edi. Ul o‘marilmasliq etib devor ustiga mindi va osong‘ina xaroba uy ichiga
o‘zini oldi. Chunki uy tomi o‘pirilib ostig‘a bosqanliqdan uyning sahni juda ham yuza edi.
Avaylab uch-to‘rt adim bosdi-da, uyning buzuq darichasi yonig‘a kelib to‘xtadi va
mo‘ralabqina havli yuziga qaradi. Qarshidag‘i uyning har ikki darichasi ham yopiq, ammo
tirqishlaridan sham’ yoruqlig‘i ko‘rinar va boyag‘ig‘a qarag‘anda sekinroq bir tovushda
g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir so‘zlashish eshitilar edi. Oradan o‘n besh daqiqa chamasi fursat o‘tib
tovushlar bir oz yuqorilashib kelmakka boshladi. Bu orada uydan qo‘lig‘a lagan ushlagan
bir xotin chiqdi-da, qozondan laganga bir narsani ko‘tara berdi. Otabek go‘yo shuni kutib
turg‘andek uzoq bir tin oldi va o‘zini chetka burdi. Xotin lagan bilan uyga kirib ketkach,
ichidan taqing‘an xanjarini qinidan sug‘urib oldi-da, damini oyding‘a solib boqdi va
xanjarining uchini yonboshidan orqasig‘a o‘tquzib ushladi, yana uyni kutib to‘xtadi. Xotin
yana chiqg‘an va toboqlarg‘a sho‘rba suza boshlag‘an edi. Uyga bir-ikki qatnab suzilgan
sho‘rbalarni tashib bitirgan, uyning eshigini bekladi-da, kirib ketdi.
Otabek havlining o‘rtasig‘a, tut yog‘ochining yonig‘a kelib to‘xtag‘an va janubda kishi
yo‘qmi, deb alang‘lar edi. Ul bu to‘g‘rida bir qanoat hosil etkach, bitta-bitta bosib kishilik
uyning yo‘lak tomonidag‘i darichasi yonig‘a yetdi va o‘zini so‘ng chekda ehtiyotlab
daricha ostig‘a o‘lturdi. O‘lturishi hamono dimog‘ig‘a ichkulik bilan sho‘rba isi kelib urdi.
Uydagilarning so‘zlarinigina emas, hatto tomoq chaynashlarini ham eshitsa bo‘lar edi.
Ichkaridan kimdir birav shap-shap etib chaynab der edi:
— Endi menga berma, Sodiq, Mutal polvong‘a beraver!
Otabek bu tovushning kimniki bo‘lg‘anlig‘ini bilgan edi.
— Hadeb menga beraverasanlarmi, oralatib Jannat opamga ham berib qo‘y, xa-xa-xa!
— Bizning kampirga bersang qaytarmasdan icha beradir!
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |